Eldor Shomurodovga taniqli murabbiy ustozlik qiladi — manba


Mashhur nemis mutaxassisi Yurgen Klopp katta futbolga murabbiy sifatida qaytishi kutilmoqda. La Stampa nashrining xabariga ko‘ra, Klopp Italiya A Seriyasi klubi — “Roma” bilan kelishuvga erishgan.
Manbada aytilishicha, Klopp joriy mavsum yakunida Rim klubi bosh murabbiyi lavozimini tark etadigan Klaudio Ranyerining o‘rnini egallaydi. Ma’lumki, Klopp 2025-yil boshidan buyon Red Bull kompaniyasining futbol tizimida ishlamoqda, biroq nemis mutaxassisi bu faoliyatini to‘xtatib, o‘zining asosiy kasbiga — murabbiylikka qaytishga qaror qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Yurgen Klopp 2024-yil yozida “Liverpul”ni tark etgan edi. U “Enfild”da 9 yilga yaqin faoliyat yuritib, klub bilan birgalikda Chempionlar ligasi, Angliya Premyer Ligasi va boshqa sovrinlarni qo‘lga kiritgan.
Ayni damda “Roma” Italiya chempionati turnir jadvalida 5-o‘rinni egallab turibdi. “Bo‘rilar” keyingi mavsum Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurash olib bormoqda. Rimliklar hisobida 66 ochko bor. Agar chempionatning oxirgi turida “Roma” “Torino”ni mag‘lub etsa hamda “Yuventus” “Venetsiya”ga qarshi bahsda ochko yo‘qotsa, poytaxt klubi YCHL chiptasiga ega chiqishi mumkin.