Nilufar Usmonova oʻzi haqida koʻpchilik bilmaydigan maʼlumotlarni oshkor qildi


Oʻzbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning yolgʻiz farzandi, xonanda Nilufar Usmonova 6-aprel kuni 38 yoshni qarshi oldi.
Nilufar mutaxassisligi boʻyicha huquqshunos boʻlsada, u onasining izidan borib, sanʼat yoʻlini tanlagan.
“Seni istamagan odamga intilma”
Xonanda Nilufar Usmonova erta turmushga chiqqan. U 17 yoshida huquqshunos Novzod Saidgaziyev bilan oila qurgan. 2004-yilda xonanda ilk bor onalik baxtiga sazovor boʻlgan. Xonandaning ilk turmushi uzoqqa choʻzilmadi.
— Ajrashishimizning sabablari koʻp. Men bir marta rasman nikohdan oʻtganman va ajrashganman. U inson olamdan oʻtib ketdi, yomon gaplar bilan eslashni istamayman. U besh qiz ichida oʻsgan yagona oʻgʻil farzand edi. Oilamni mustahkamlash uchun harakat qilganman, ammo onamning gaplari qattiq taʼsir qilgan.

Seni istamagan insonga intilib qadringni tushirma, hammasi taqdirdan, degan. Qaynonam ham xuddi onamdek choʻrtkesar ayol edi. Oʻgʻliga yoqmayaptimi ajrash, degan. Shunday boʻlsada, bu insondan minnatdorman. Chunki bu nikoh aqlli oʻgʻlim Saidaʼzamxonning tugʻilishiga sabab boʻldi, deydi xonanda Nilufar Usmonova.
“Ijara uyda oʻgʻlimni tok urgan”
Xonanda moliyaviy qiyinchiliklarga uchragan kunlarini quyidagicha eslaydi.
— Oʻgʻlim Saidaʼzamxon kuni bilan bogʻchada boʻlardi, kechki payt uyga kelganida tez tayyor boʻladigan lapshani yaxshi koʻrgani uchun, shuni olib tayyorlab berardim. Bola shuni yeb uxlardi, ertalab yana bogʻchaga ketardi. Uyim shu darajada eski, sharoitsiz ediki, poldan linoleum yirtilib, sementi chiqib yotardi. Eski “Biryusa” muzlatkichi turardi. Uni ichida hech narsa boʻlmasdi, deyarli. Faqat ovqat qilish uchun zarur boʻlgan goʻsht, kartoshka, sabzi, piyoz boʻlardi.

Bir kuni Saidaʼzamxon oʻsha muzlatkichni ochgandi, tok urib, orqaga otib yubordi. Shu holat menga juda qattiq taʼsir qildi. Doʻstlar, tanish-bilishlar orqali toʻylarga chiqa boshladim. Toʻylarga kirib, qistirilgan pulni olib, chiqib ketardim. Shunday qilib men oʻzimni toʻylarda “raskrutka” qilib olganman. Mening qoʻshiqlarim toʻybop boʻlmagani uchun kim qancha pul bersa, boraverganman oʻsha toʻyga.
Ajrimdan keyingi ruhiy tushkunlik
Ruhiy tushkunlik va moddiy qiyinchiliklar uni ijod qilishga undaydi. 2005-yili “Bolam, shu yurt seniki” nomli qoʻshiqni ijro etadi. Bu bilan onasiga ham nimanidir isbotlashni istagandi. Ammo qoʻshiq yaratish, ijodni boshlash oson emas. Shu bois u prodyuserlik kompaniyasiga murojaat qilib, hamkorlikni taklif qiladi.
— Birinchi marta toʻyga chiqishim juda qiziq kechgan. Doʻstim Jamshid Bobojonov shunaqa qilib oʻtiraverasanmi, bolang uchun ham ishlashing kerakku, deb koyib bergan. Shundan keyin toʻylarga chiqishni boshlaganmiz. Ammo faqat doʻstlarimizning toʻyiga borardik. Chunki hali tashqaridan toʻy oladigan darajada mashhur emasdim, deydi xonanda Nilufar Usmonova.

Nilufar Usmonova 2006-yili Toshkent davlat yuridik institutiga oʻqishga kiradi. Ammo u yerda oʻqish oson kechmaydi. 2009-yili oila qurgach, akademik taʼtil olishga majbur boʻladi. Chunki xonanda ketma-ket ikki oʻgʻil farzandli boʻladi. Xullas akademik taʼtillar bir-biriga ulanib xonanda 2013-yilda oʻqishni yakunlaydi.