Hafta insoni: Mashhur sartarosh Sardor Xasanov
“Hafta insoni” ruknining bu galgi mehmoni — mashhur sartarosh va bloger Sardor Xasanov. Biz u bilan sohadagi faoliyati, sartaroshlikning oʻziga xosliklari va kelajakdagi rejalari haqida suhbatlashdik.
Kimdan ilhomlanib, sartaroshlik yoʻlini tanlagansiz?
2010-yillarda Angliyaning “One Direction” deb nomlangan musiqiy guruhi dunyoviy mashhurlikka erishgandi. Ushbu guruh xonandasi Zayn Malik soch turmagi, umuman, uning butun uslubi menga juda yoqardi. U sochini turli ranglarga boʻyardi, turmaklarini oʻzgartirardi. Qanday uslub tanlasa ham, unga yarashardi.
Hozir aniq eslolmayman, ammo oʻsha paytlarda Zayn Malikning sochini kaltalaydigan sartaroshning suratlari tarqalgandi. Shundan keyin menda sartaroshlik sohasiga nisbatan qiziqish uygʻongan. Mashhur insonlarning sochini olishga havas qilganman.
Siz uchun ideal mijoz qanday boʻladi?
Men uchun mukammal mijoz bu avvalo oʻzini, undan soʻng yon-atrofdagilarni hurmat qiladigan insondir. Bunday insonlar boshqalar qilgan ishni hurmat qiladi, ularga past nazar bilan qaramaydi.
Sartaroshlik kasbiga oddiy ish emas, balki ijod deb qarashlarini yoqtiraman. Chunki aynan shu sohada erkinlik ancha yuqori. Bundan tashqari, ishingiz aʼlo darajada chiqishi uchun kayfiyat va ijodkorlik holatiga juda bogʻliq.
Mijozlar yonimga kelganda, sartaroshga ishonch bildirsa, fikrini hurmat saqlagan holda bayon qilsa, albatta, men ham uning nima xohlayotganini tushunib, unga mos uslub yaratishda yaqindan koʻmaklashaman.
Sochni har doim yaxshi holatda saqlash uchun nima qilish kerak?
Bu borada turli sartaroshlar turlicha javob berishi mumkin. Men ham oʻz shaxsiy kuzatuvlarimdan kelib chiqqan holda javob berishga harakat qilaman.
Soch tolalari mustahkamligi asab tizimiga bevosita bogʻliq. Shu sababdan sogʻlom ovqatlanish, toʻyib uxlash va sifatli shanpundan foydalanish kerak, deb oʻylayman.
Sochga turli kimyoviy moddalar qilish zararsizmi?
Men hech qachon mijozlarimga kimyoviy moddalardan foydalanishni tavsiya bermayman. Bu juda xatarli va sochning keyingi taqdiri uchun katta dushmandir.
Kimyoviy ishlov berilgan sochlar oʻlik toifaga oʻtib qoladi. Bu amaliyot toʻliq toʻgʻri qilingan taqdirda ham vaqt oʻtishi bilan zarar darajasi oshib boraveradi.
Erkaklarning sochi ayollarniki nisbatan ancha nimjon boʻladi. Bu garmonlarga bogʻliq. Ayollar sochini boʻyagandan keyin turli moddalar bilan ishlov berishi mumkin, ammo erkaklarga tavsiya etilmaydi.
Sartaroshlik va blogerlik orasidagi eng katta farq nima?
Avvalo, bular ikkisini teng olib borayotgan inson sifatida fikr bildirishimni soʻraganingiz uchun rahmat. Blogging bugungi kunning asosiy talablaridan biri. Siz zoʻr sartaroshmisiz, ishingizni ommaga koʻrsating va mijozlar sonini oshiring.
Lekin bir jihatga eʼtibor berish kerak. Sartaroshlik bu hunar, shu bois uni boshqa kasblar bilan solishtirib boʻlmaydi. Bu sohada ijodkorlik yuqori oʻrinlarda turadi. Siz mijozning yuziga qanday turmak mos kelishini his qila olishingiz kerak.