Bloger Jasjan bezorilik qilgani uchun 5 sutkaga qamaldi
Toshkentda Jasjan nomi bilan tanilgan bloger Instagram`ga video olish uchun jamoat joyida bir qiz bilan janjal uyushtirdi. Sud unga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi, qizga esa 375 ming so‘m jarima tayinladi. Bloger avval ham bir necha bor qamoq jazosini o‘tab chiqqan.
Toshkent shahrida ijtimoiy tarmoqlarga video olish maqsadida o‘zaro janjal uyushtirib, jamoat tartibini buzgan bloger javobgarlikka tortildi.
Qayd etilishicha, holat 11-yanvar kuni soat 12:00 atrofida Hilton mehmonxonasi oldida sodir bo‘lgan. Bloger Jasurbek Shodiyev (Jasjan) va Sadaf Saidova o‘zaro kelishib, jahldor qiz va yigit rolida jamoat joyida bir-birini haqorat qilgan va buni videoga olgan.
Keyinchalik qiz yigitga qo‘ng‘iroq qilib videoni olib tashlashni so‘ragan va bloger uni Instagram`dagi sahifasidan o‘chirib yuborgan. Ular bu bilan “jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi shu kabi boshqa xatti-harakatlarda ifodalangan jamiyatda yurish turish qoidalarini qasddan mensimaslikda ifodalangan harakatlar”ni amalga oshirgan.
13-yanvar kungi jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani sudi majlisida Shodiyev aybiga iqrorligini, qilmishidan po‘shaymon ekani, qaramog‘ida bir nafar voyaga yetmagan farzandi, nogiron ukasi borligini inobatga olib, unga nisbatan yengillik berishni so‘ragan. O‘z navbatida, Saidova ham jamoat tartibini buzganini tan olgan, talaba ekani, o‘ziga xulosa chiqarganini bildirgan.
Sud Jasurbek Shodiyevni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasida (Mayda bezorilik) nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan deb topgan va unga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosini tayinlagan. Jazo o‘talganidan so‘ng undan ma’muriy qamoqqa olinganlarni saqlash muassasasi foydasiga ma’muriy qamoqning har bir sutkasi uchun BHMning 15 foizi miqdorida mablag‘ undirish belgilangan.
Shuningdek, fuqaro Sadaf Saidova ham yuqoridagi modda bo‘yicha aybdor deb topilgan va unga BHMning bir baravari (375 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlangan.