Oʻzbek shou-biznesining hamon oila qurmagan malikalari
Insonlar doim oʻz baxtini kutib yashaydi. Ammo oila deb atalmish yangi hayot ostonasidan kirish ayrimlarni uzoq kuttirib qoʻyadi. Ushbu maqolada hali ham turmushga chiqmagan oʻzbek-shou biznesi yulduzlari haqida maʼlumot beramiz.
Ozoda Nursaidova — 50 yoshda
Xonanda Ozoda Nursaidova oktabr oyida 50 bahorni qarshiladi. Uning toʻyi va ommadan yashirayotgan farzandi bilan bogʻliq mish-mishlar bir necha marta tarqalgan.
Biroq xonanda ushbu gap-soʻzlarni rad etib keladi. Uning kliplarida chiqadigan Abdulloh ismli bola xonandaning emas, singlisi Nilufar Nursaidovaning farzandi hisoblanadi.
Xonanda intervyularining birida shaxsiy hayoti haqidagi savolga qisqagina qilib “Shaxsiy hayotim bor, lekin uni ommaga koʻrsatgim kelmaydi”, — deya javob bergandi.
Manzura — 46 yoshda
Xonanda Manzura 2024-yilning 21-fevralida 46 yoshni qarshiladi. Bir necha yil avval u mashhur rejissyorning turmush oʻrtogʻi ekani haqidagi gap-soʻzlar tarqalgandi. Ammo xonanda bu kabi mish-mishlarga oydinlik kiritmagan. Faqatgina u onasi va sevimli mushugi bilan birga yashashini maʼlum qilgan.
U 2020-yilda Instagram sahifasi orqali turmush qurmagani va farzandsizligi haqidagi savollar dilini vayron qilishini bildirgan edi. “Insonning hayotida, albatta, doʻstlari boʻladi, faqat biz buni har doim ham anglamaymiz. Eng yaqin doʻst — bu sening ota-onang. Ular dunyodan oʻtganidan keyin senga hamisha hamroh va doʻsting Alloh.
Har bir ota-ona oʻz farzandining kelajakdagi taqdirini oʻylab, Allohga omonat qilib, dunyodan oʻtadi. Harakat qiling, imkon qadar ular bilan vaqt oʻtkazishga va yana ularni rozi qilishga”, — degandi xonanda.
Sitora Farmonova — 40 yoshda
Aktrisa Sitora Farmonova 2024-yilning 20-avgustida 40 yoshni qarshiladi. Bir necha kun oldin sanʼatkor unashtirilgani haqida xabarlar tarqaldi.
Ammo shunday boʻlsada, biz uni ushbu roʻyxatga qoʻshishga qaror qildik. Chunki Farmonova ham uzoq yillar davomida turmushga chiqmagani uchun diqqat markazida boʻlib kelgan.
Aktrisaning onasi Zamira Farmonova koʻrsatuvlarning birida taniqli aktyor Aziz Rametov qizining qoʻlini soʻragani haqida soʻzlab bergandi. Shuningdek, katta Farmonova qiziga sovchi qoʻyganlar sanʼatni tashlashini talab qilishini aytgan.
Feruza Normatova — 35 yoshda
Mahoratli aktrisa Feruza Normatova bu yil 35 yoshni qarshiladi. Afsuski, u ham hamon oila qurgani yoʻq. Aktrisaning Shahzod Sultonov bilan yaqinligi haqida gap-soʻzlar tarqalgandi. Ammo ular shu-shu oila qurishmadi.
Aktrisa Instagram orqali “Oʻzingizdan 1-2 yosh kichik boʻlgan insonga turmushga chiqarmidingiz?” degan savolga quyidagicha javob bergandi.
“1-2 yosh kichkina boʻlsa ham turmushga chiqaveraman, faqat oʻzimni odamim boʻlsin. Faqat meni sevsin. Shunday odam boʻlsa yoshining ham farqi yoʻq”, — deb yozgandi Feruza Normatova.
Yulduz Rajabova — 35 yoshda
Yil soʻnggida 33 bahorni qarshilaydigan aktrisa Yulduz Rajabovaning shaxsiy hayoti ham doimgidek sokin. Faqatgina “Mendirman Jololiddin” serialining taqdimot marosimida bosh rollar ijrochilari Emre Kiviljim va Yulduz Rajabova oʻrtasida oʻzaro iliq, doʻstona va samimiy munosabatlar borligi koʻzga tashlangandi.
2021-yilning 23-dekabr kuni aktyor sahifasiga Yulduz bilan tushgan suratini joylab, “Tugʻilgan kuning bilan, sevgilim”, deb uni tavallud kuni bilan tabriklagan. Ammo oʻshandan beri juftlik oila qurishi haqida biror xabar berilmadi. Ularning hozirgi munosabati ham qorongʻu.