“Jahon chempionatiga jiddiy tayyorgarlik ko‘ramiz” – Temur Kapadze


JCH–2026 3-saralash bosqichi doirasida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Qatar uchrashuvidan so‘ng milliy terma jamoamiz bosh murabbiyi Temur Kapadze jurnalistlar bilan uchrashdi. U bilan birga matbuot anjumanida jamoa a’zosi Azizbek Turg‘unboyev ham qatnashdi.
Murabbiy suhbat avvalida muxlislarni muhim g‘alaba bilan qutladi. “Bayram haqiqiy bayramdek o‘tdi. Maydondagi o‘yinimiz va natija ko‘ngildagidek bo‘ldi. Xalqimizni Jahon chempionati yo‘llanmasi bilan yana bir bor tabriklayman,” — dedi Kapadze.
Turg‘unboyev esa jamoaga bo‘lgan ishonch, kuchli qo‘llab-quvvatlash va birga kechgan quvonch uchun barchaga minnatdorchilik bildirdi.
Kapadze, shuningdek, jamoa endi Jahon chempionatiga puxta tayyorgarlik bosqichiga kirishishini ta’kidladi. Uning aytishicha, bugungi bellashuvda futbolchilar raqibga deyarli imkon qoldirmagan va butun o‘yin davomida to‘liq ustunlikni qo‘lga olgan.
“Eng muhimi, futbolchilarimiz sog‘lom va yaxshi formadabo‘lishsin. Shunda tarkibda almashuvlar qilamiz, yangi taktikalardan foydalanamiz,” — dedi murabbiy.