Jessi Ayzenberg buyrak donori bo‘lishga qaror qildi
“Ijtimoiy tarmoq” filmining yulduzi Jessi Ayzenberg ko‘p yillardan beri qon donori bo‘lib kelmoqda, ammo bu safar aktyor yanada muhimroq qadam tashlashga ahd qildi. Ayzenberg “Today” ko‘rsatuvida so‘zlashib, buyrak donori bo‘lish niyatini ma’lum qildi.
“Bu ishni dekabr oyi o‘rtalarida amalga oshirmoqchiman. Bunday imkoniyat tug‘ilganidan juda mamnunman. Mening buyragim notanish insonga nasib etadi”, — deya ta’kidladi aktyor.
Uning aytishicha, donorlik hech qanday xavf tug‘dirmaydi. Jessi, shuningdek, uning buyragini olgan insonning avlodlari ham kelajakda o‘z organlarini kimgadir hadya etishlariga umid bildirdi.
Ta’kidlash joizki, hozirgi kunda AQSH donorlik tanqisligi muammosiga duch kelmoqda. Buyrak ko‘chirib o‘tkazish uchun navbatda turganlar soni 90 ming kishiga yetgan.