“Karyera va oila oʻrtasida balansni saqlash muhim”. Bloger Barno Bekmatova bilan intervyu
Ushbu intervyuda hayoti sanʼat bilan chambarchas bogʻlangan Barno Bekmatova bilan uning blogerlikka kirish yoʻli, oila va ish oʻrtasidagi balansni saqlashdagi tajribalari haqida suhbatlashamiz.
Blogerlik faoliyatini boshlashingizga nima turtki boʻlgan?
Mening hayotim sanʼat bilan bevosita bogʻliq. Bolaligimdan Uspenskiy nomidagi respublika ixtisoslashgan musiqa maktabida tahsil olgan. Undan keyin Benkov nomidagi Respublika rassomlik kollejini tugadim.
Bir qancha koʻrgazmalarda qatnashganman, “Yurt kelajagi” ijodkor yoshlar koʻrik tanlovida gʻolib boʻlganman. Instagram ommalashib borgan paytlardanoq blog yuritishni xohlardim, ammo ota-onam ruxsat berishmagan.
Turmush oʻrtogʻim qoʻlimni soʻraganlaridan keyin blog yuritishimga ruxsat bergan va shundan buyon meni doim qoʻllab-quvvatlab keladi. Umr yoʻldoshim doim “Seni nima xursand qilsa, shu ishni qilishing kerak”, deya dalda berib turadi.
BYD kompaniyasidagi faoliyatingiz haqida maʼlumot bersangiz.
Xitoy avtomobil sohasi giganti Oʻzbekistonda rasmiy ravishda ish boshlaganiga hali koʻp boʻlmadi. Men kompaniyada 2023-yil 1-iyundan beri ishlayman. BYDʼning Oʻzbekistondagi ofisi birinchi xodimi hisoblanaman.
Men koʻp tillar qatori xitoychani ham bilganim bois maʼmuriyat mutaxassisi vazifasida faoliyat olib boraman. Yaʼni chet eldan keladigan mutaxassislar vizasini tayyorlashda koʻmaklashaman, registratsiya, hujjatlashtirish bilan shugʻullanaman.
Haydovchi sifatida qaysi mashinani maʼqul koʻrasiz: benzinda yuradigan yoki elektrokar?
Shaxsiy mashinam yoʻq, ammo elektrokarni maʼqul koʻraman. Bunga bir qancha sabablar bor. Ulardan asosiylari bunday mashinalar ekologik toza, kamxarj va uzoq yil xizmat qiladigan boʻladi.
Kundalik hayotda va muhim qarorlar qabul qilishda jamiyatning fikri bilan qiziqasizmi?
Rostini aytsam, men odamlarning fikriga umuman qiziqmayman. Lekin bu turmush oʻrtogʻimni, oilamni qiziqtirgani uchun menga ham bilvosita taʼsir qiladi.
Karyera va shaxsiy hayot oʻrtasida balans boʻlishi muhimmi? Bu borada qanday tavsiyalar bera olasiz?
Albatta, ammo balans ushlash juda ham qiyin, ayniqsa, ayol kishiga. Har qanday vaziyatda siz uchun qaysi biri muhimroqligini aniq bilsangiz, shunga qarab yechimlar topib borishingiz mumkin.
Shaxsan men qilinishi kerak boʻlgan ishlarni rejalashtirib yuraman. Bu orqali har bir ishga yetarlicha vaqt va kuch ajratishim mumkin. Faqat bir narsani unutmang, oʻzingizda oʻzingiz bittasiz. Shu bois vaqtida dam oling, siz salomat boʻlsangiz, atrofdagilar ham xursand boʻladi.
Bloggingga qiziqadiganlar nimadan boshlashi kerak? Top-3 maslahat
- Maslahat: Oʻzingizga yoʻnalish tanlang, nimaga qiziqsangiz, nimani xohlasangiz, shu bilan shugʻullaning.
- Maslahat: Agar bugun oʻxshamasa, ertaga albatta oʻxshaydi. Faqat toʻxtab qolmang!
- Maslahat: Izlanish oʻch, yangiliklarga esa ochiq boʻling. Har doim har joyda bilim olishdan toʻxtamang.