Keyt Uinslet o‘z fobiyasi haqida aytdi – bu sigirlar bilan bog‘liq ekan


Yangi intervyusida aktrisa hayotida eng ko‘p yaylovlardan o‘tishdan qo‘rqishini tan oldi.
“Ta’tildagi almashinuv” yulduzi Keyt Uinslet Stiven Kolbertning yangi ko‘rsatuvida mehmon bo‘ldi. Intervyu davomida aktrisa o‘zining g‘aroyib fobiyasi haqida so‘zlab berdi va uni dahshatga soladigan hayvonlar haqidagi sirni oshkor qildi. Bu sigirlar ekan!
“Bir kuni menga sigirlarga nisbatan juda ehtiyot bo‘lish kerakligini, ularning harakatlarini kuzatish lozimligini aytishdi. Agar sigir dumini silkitib, boshini qimirlatayotgan bo‘lsa va yonida pashshalar bo‘lsa – u norozi degani. Agar sigir turib, yon tomonga burilsa, yugurishi va hatto ustingga tashlanishi mumkin”, – deydi Uinslet.

Shuningdek, Gollivud yulduzi tez-tez sayohatga chiqishi va doim sigirlar uni bosib ketishidan qo‘rqishini tan oldi, chunki uning yo‘li ko‘pincha sigirlar yaylovlaridan o‘tadi.
“Britaniyada sigirlar bilan to‘qnashuv holatlari ko‘p, shuning uchun yaylovlarda yurganimda doim ehtiyot bo‘laman. Bu meni bezovta qiladi”, – deya qo‘shimcha qildi yulduz. Shuningdek, u qishloq hayvonlariga nisbatan xotirjamroq munosabatda bo‘lishga harakat qilayotgani, biroq hozircha bunga unchalik erisha olmaganini tan oldi.