Nilufar Usmonova oilasiga oid katta sirni oshkor qildi
Xonanda Nilufar Usmonova otasi bilan bogʻliq armonlari haqida gapirdi. U bolalikda toʻkis oilaga muhtojlik sezganini aytadi.
Oʻzbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova sozanda Ibrohim Hakimov bilan 1996-yil rasman ajrashgan. Ularning farzandi Nilufar Usmonova u paytda ancha ulgʻayib qolgandi.
“Bolalikdan toʻkis oilaga muhtojlik sezib yashaganman. Raʼno xolam va buvim rahmatli mehribon boʻlishsada, baribir farzand uchun ota-onaning oʻrni boʻlakcha boʻladi. Shu boisdan balki oilaparvar ijodkor boʻlishga, qomat yoki karyerani bahona qilmay farzandlar sonini orttirishga harakat qilgandirman. Otamning oʻz oilasi, onamning sevimli turmush oʻrtogʻi bor. Ikkisining ham qarorini hurmat qilaman”, — deydi xonanda.
Nima boʻlgan taqdirda ham, ular ota-onam boʻlib qolaveradi. Men ham turmushdan ajrashganman, buning qanchalar qiyin ekanini bilaman. Oʻgʻlim Saidaʼzamxonning otasi rahmatli Novzoda men bilan yashashni istamagan. Chunki u beshta qiz bolaning ichida oʻsgan yolgʻiz erka oʻgʻil edi. Onasi ham xuddi ayamdek choʻrtkesar ayol edi. Yashashni istamaysanmi, ajrash degan. Oilamda notinchlik boʻlayotgan paytda onam “Seni istamayotgan insonga intilib qadringni tushirma, demak, taqdir emas ekan”, degan. Nima boʻlgan taqdirda ham, aqlli oʻgʻlim uchun u insondan minnatdorman, deydi Nilufar Usmonova.
Bundan bir necha yil avval OAVda Nilufar Usmonovaning otasi Ibrohim Hakimov bilan intervyu chop etilgan edi. Oʻshanda Hakimov qizi Nilufar bilan munosabatlari yaxshi ekani, doim uka-singillaridan xabar olib turishi, hatto avtomobil sovgʻa qilganini aytgan edi. Maʼlumot uchun, Nilufar Usmonova onasi Yulduz Usmonovaning familiyasi bilan ijod qilsada, aslida uning fuqarolik pasportida familiyasi Hakimova deb qayd etilgan.