Olmaotadan Toshkentga boradigan ilk turistik poyezd kutib olindi
Olmaota — Turkiston — Toshkent — Olmaota yoʻnalishi boʻyicha qatnovchi dastlabki turistik reys 18-noyabr kuni Oʻzbekiston poytaxtiga yetib keldi. Bu haqda Turizm qoʻmitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Toshkent markaziy vokzalida “Jibek joʻli” birinchi turistik poyezdining tantanali kutib olish marosimi boʻlib oʻtgan. Marshrut Turkiston va Toshkentdagi diqqatga sazovor joylariga sayohatni oʻz ichiga oladi.
Taʼkidlanishicha, 4 kunlik xalqaro temiryoʻl sayohati sayyohlarga qadimiy shaharlar atmosferasini his qilish va Buyuk Ipak yoʻli izlari boʻylab sayohat qilish imkonini beradi. Sayyohlar Turkiston shahrida 1 kun, Toshkentda esa 2 kunni oʻtkazadi.
“Birinchi sayohat test rejimida ishga tushirilgan boʻlib, hozircha aniq narx koʻrsatilmagan. Tez orada turning narxi belgilanadi va xabar beriladi”, — deya maʼlumot berdi Turizm qoʻmitasi.
Tur dasturiga gid hamrohligi, ovqatlanish, transport xizmatlari va kirish chiptalari kiritilgan. Sayohatchilar Markaziy Osiyoning eng qadimiy shaharlaridan biri — muhim savdo tarmogʻi boʻlgan Oʻtrorni koʻrishlari mumkin boʻladi.
Sayohat dasturidan Ariston-bobo maqbarasi, “Hazrat Sulton” tarixiy-madaniy qoʻriqxona-muzeyi, Markaziy Osiyodagi eng yirik “Karvonsaroy” sayyohlik majmuasiga tashrif buyurish ham oʻrin olgan.
Toshkentda ekskursiya ishtirokchilariga nafaqat tarixiy joylar, balki shaharning zamonaviy taraqqiyoti bilan ham yaqindan tanishish imkoniyati yaratiladi.
“Jibek joʻli” poyezdi beshta vagondan, toʻrtta kupe va bitta vagon-restorandan iborat boʻlib, yoʻlovchilarga uch mahal ovqat beriladi. Poyezdda sayohat davomida turli hordiq chiqarish tadbirlari, jumladan, shaxmat, UNO kabi stol oʻyinlari va sayyohlar uchun sovrinli lotereyalar tashkil etiladi.