Oy sarhisobi: Noyabrda Oʻzbekistonda va dunyoda nimalar sodir boʻldi?
Noyabr oyi ham yakuniga yetdi. 2024-yilning oʻn birinchi oyi qizgʻin voqealarga boy boʻldi. Toping.uz noyabrning eng muhim va diqqatga sazovor yangiliklarini bir maqolaga jamladi.
Oʻzbekiston va jahonda noyabr oyi yangiliklarga boy boʻldi. Bu oyni oʻquvchilar ayniqsa bir qancha yulduzlarga oid sud ishlari yakunlangani, turli premyeralar va albatta Munisa Rizayevaning ona boʻlgani bilan eslab qoladigan boʻldi.
Toshkent metrosida hojatxonalar ish boshlaydi
Toshkent metrosining gavjum boʻlgan 9 ta bekatida ona va bola xonasi hamda hojatxona quriladi. Metrodagi birinchi jamoat hojatxonasi 2022-yilda ochilgandi.
Toshkent metropolitenining gavjum boʻlgan yana 9 ta metro bekatida ona va bola xonasi hamda hojatxona quriladi. Metropoliten hojatxonalar aynan qaysi bekatlarda va qachon qurilishiga aniqlik kiritmagan.
Endi zapravkalardagi narxlarni telefondan koʻra olasiz
Avtomobilga benzin, metan va propan quyish, elektromobillarni quvvatlash shoxobchalari haqida maʼlumot beruvchi “Avto24” ilovasi test rejimida ishga tushirildi.
U orqali haydovchilar qayerda yoqilgʻi quyishni tanlashi, narxlarni solishtirishi, “zapravka”lardagi qoʻshimcha qulayliklardan xabardor boʻlishi mumkin.
Energetika vazirligi yoqilgʻi quyish, gaz toʻldirish va elektr quvvatlash shoxobchalari haqida maʼlumot beruvchi “Avto24” ilovasi test rejimida ishga tushirilganini maʼlum qildi. Isteʼmolchilar mazkur ilovani Android va iOS operatsion tizimi qurilmalari orqali bepul yuklab olishi mumkin.
Afsona va bloger jangi: Tayson Polga qarshi jangda yutqazdi
Mayk Tayson va Jeyk Pol oʻrtasidagi har biri ikki daqiqadan sakkiz raundga moʻljallangan boks jangi professional maqomga ega jang bugun, 15-noyabr kuni AQSHning Texas shtati, Arlington shahrida boʻlib oʻtdi. Ushbu qarama-qarshilik Netflix striming platformasi orqali translyatsiya qilindi.
8 raund davom etgan jangda bloger-bokschi Jeyk Pol toʻliq ustunlik qildi va afsonaviy bokschi ustidan gʻalaba qozondi. 58 yoshli Tayson jang davomida koʻproq himoyalandi va faol zarbalarni amalga oshirmadi.
Shunday qilib Tayson faoliyatidagi 7-magʻlubiyatini qabul qilib oldi. Jeyk Pol esa oʻzining 11-gʻalabasini qoʻlga kiritdi. Shu yilning iyul oyida 27 yoshli Jeyk Pol sobiq UFC jangchisi Mayk Perrini oltinchi raundda nokautga uchratib, professional ringdagi oʻninchi gʻalabasini qoʻlga kiritgan edi.
Qoʻshni respublikalarga poyezd sayohatlari yoʻlga qoʻyilmoqda
2025-yilning yozidan Toshkentdan Issiqkoʻlga poyezd harakati boshlanadi. Oʻzbekiston temir yoʻllari Turkmaniston, Tojikiston hamda Qirgʻiziston bilan yuk tashuvlarini amalga oshirishda tariflarni pasaytirishga kelishib oldi.
Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻrtasida “Ipak yoʻli” temiryoʻl sayohati turi yoʻlga qoʻyiladi. Olmaota–Turkiston–Toshkent–Olmaota yoʻnalishi boʻyicha birinchi reys 2024-yil 16-noyabr kuni yoʻlga chiqdi. 4 kunlik tur sayyohlarga Buyuk Ipak yoʻli izlari boʻylab sayohat qilish imkonini beradi.
4 kunlik xalqaro temiryoʻl sayohati sayyohlarga qadimiy shaharlar atmosferasiga shoʻngʻish va Buyuk Ipak yoʻli izlari boʻylab sayohat qilish imkonini beradi. Yoʻnalish Turkiston va Toshkentning asosiy diqqatga sazovor joylarini qamrab oladi. Sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida tur dasturiga gid hamrohligi, ovqatlanish, transport xizmatlari va kirish chiptalari kiritilgan.
Sayyora va koinot goʻzallarining nomi maʼlum boʻldi
Vetnamlik Hyuin Thi Than Thuyi ismli talaba qiz Yaponiyada boʻlib oʻtgan 62-sonli Miss International-2024 xalqaro goʻzallik tanlovining mutlaq gʻolibi boʻldi. Tanlovda jami 71 davlatdan kelgan vakillar ishtirok etdi va butun dunyo boʻylab tomoshabinlarga jonli efirda namoyish etildi.
Mazkur musobaqaning birinchi qismida barcha ishtirokchilarning milliy ruhdagi liboslar namoyishi boʻlib oʻtdi. Yangi zelandiyalik 21 yoshli Santa Puul ushbu bosqichda eng yaxshi ishtirokchi deb topildi. Soʻng hakamlar hayʼati boshqa liboslarda oʻtkazilgan tanlovning eng yaxshi 20 taligini saralab oldi.
27-noyabr chorshanba kuni Kambodjada “Sayyora goʻzali 2024” xalqaro goʻzallik tanlovining final bosqichi boʻlib oʻtdi. Gʻalaba va qimmatbaho unvon Birlashgan Arab Amirliklari vakilasiga nasib etdi. Bu mamlakat tarixda birinchi marta ushbu shou gʻolibi boʻldi.
Eng yaxshi model sifatida plastik jarroh Mahra Lutfri tan olindi. U 59 nafar raqibini ortda qoldirdi. Bu haqda shouning YouTubeʼdagi rasmiy efiridan maʼlum boʻldi. Finalda u birinchi oʻrin uchun Indoneziya vakilasi bilan ham bellashdi.
Snup Dogg kino oladi, Reynolds va Jekman yangi loyihada suratga tushadi
Rep ijrochisi Snup Dogg yangi loyiha ustida ishlamoqda. Bu “Maymunlar sayyorasi”ning qayta ishlangan varianti boʻladi, biroq ekranda primatlar oʻrniga itlar paydo boʻladi.
“Syujetni oshkor qila olmayman, lekin gʻoyani aytishim mumkin. ”Maymunlar sayyorasi“ni yaxshi koʻraman. Ular keyingi filmning chiqishini juda uzoq kutishga majbur qildi meni.
Sizlarni kuttirib qoʻymaslik uchun shunga oʻxshash bir narsa yaratmoqchiman. Lekin tasavvur qiling, bu safar maymunlar emas, itlar boʻladi” ,— dedi Snup Variyety nashriga bergan intervyusida.
“Dedpul va Rosomaxa” yulduzi Rayan Reynolds Marvel kino olamiga aloqador boʻlmagan tayyorlanayotgan film haqidagi xabarni tasdiqladi. Aktyor Xyu Jekman bilan birga filmda rol oʻynaydi.
“Butun yilni ssenariy yozishga sarfladim. Bu bizning Xyu va Shon bilan loyihamiz va u Marvel uchun emas”, — dedi Reynolds Variyety podkastida.
Syujet tafsilotlari nomaʼlum. Loyiha haqida birinchi marta shu yozda maʼlum boʻldi. Reynolds va Levi uchun bu “Bosh qahramon”, “Adam” loyihasi va “Dedpul va Rosomaxa”dan keyingi toʻrtinchi qoʻshma loyiha boʻladi.
Joʻrayevlar va Mannopov ishi boʻyicha sudlarning yakuniy qarorlari chiqdi
Apellyatsiya sudi aka-uka Joʻrayevlarning shikoyatini qanoatlantirmadi: birinchi instansiya sudi hal qiluv qarorini oʻz kuchida qoldirdi. Fuqarolik ishlari boʻyicha Uchtepa tumanlararo sudi hal qiluv qarori bilan xonanda Botir Qodirov marhum xonanda Sherali Joʻrayevning oʻgʻli deb tan olingandi.
Toshkent shahar sudi matbuot kotibining tasdiqlashicha, apellyatsiya sudi ajrimi bilan birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori oʻzgarishsiz, aka-uka Joʻrayevlarning shikoyati esa qanoatlantirilmasdan qoldirilgan.
Botir Qodirovning otalikni belgilash haqidagi daʼvosi fuqarolik ishlari boʻyicha Uchtepa tumanlararo sudida koʻrib chiqilib, sentyabr oyida hal qiluv qarori chiqarilgandi. Unga koʻra, sud Botir Qodirovni Sherali Joʻrayevning oʻgʻli deb topgandi.
29-noyabr kuni jinoyat ishlari boʻyicha Uchtepa tuman sudida “Star Med Centr” xususiy klinikasi shifokorlari — otolaringolog A.X. va anesteziolog-reanimatolog J.Q.ga nisbatan ochilgan jinoyat ishi boʻyicha birinchi instansiya sudi oʻz yakuniga yetdi.
Sud jarayoni avvalroq bloger Farhod Mannopovning vafoti bilan bogʻliq holatni tergov qilish natijasida sudga oshirilgan edi. Natijada, Jinoyat kodeksining 117-moddasi (xavf ostida qoldirish) boʻyicha A.X. va J.Q. aybsiz deb topilib, oqlandi.
Ammo, Jinoyat kodeksining 116-moddasi (kasbiy vazifalarni lozim darajada bajarmaslik) 3-qismi boʻyicha aybdor deb topilib, sud ularning har birini 2 yil muddatga tibbiyot sohasida faoliyat yuritish huquqidan mahrum qilishga hukm qildi. Bundan tashqari, A.X. va J.Q.ga 5 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Oy voqeasi: Munisa Rizayeva farzandli boʻldi
38 yoshli xonanda Munisa Rizayeva 24-noyabr kuni ilk marta ona boʻldi. U Argentinaning Buenos-Ayres shahrida joylashgan klinikalardan birida oʻgʻil farzandni dunyoga keltirgan.
Xonandaning singlisi Karima Rizayeva “Ura. Allohning irodasi bilan xola boʻldim” deb yozib qoldirdi. Munisaning oʻzi esa “Hozir men Toshkentdan uzoqdaman, lekin siz bilan ruhan birgaman” deya taʼkidlagan.
Munisa bir necha kun avval Instagramʼdagi sahifasi orqali muxlislarining savollariga javob berar ekan, farzandini kesarcha kesish yoʻli bilan dunyoga keltirishni rejalashtirayotgani haqida aytib oʻtgandi.
Xoʻsh, yangi oyda qor yogʻadimi? Dekabr uchun ob-havo maʼlumoti
Oyning birinchi oʻn kunligida havo harorati asosan kechalari −3…+2, kunduz kunlari +3…+8, baʼzi joylarda +10 darajagacha, shimolda kechalari −3…−8, kunduz kunlari +2…+7 daraja atrofida boʻlishi kutilmoqda.
Dekabr oyining ikkinchi va uchinchi oʻn kunliklarida harorat kechalari 0…-5 darajadan +2…+7 darajagacha, kunduz kunlari +3…+8 darajadan +10…+15 darajagacha oʻzgarib turadi. Oy oxirida harorat kechalari −5…−10, kunduz kunlari 0…-5 darajagacha pasayadi.
Shimolda harorat kechalari −8…−13 darajadan, baʼzi joylarda −15…−17 darajadan −3…+2 darajagacha, kunduz kunlari −2…+3 darajadan +3…+8 darajagacha oʻzgarib turadi.