Pensiya miqdori koʻp chiqishi uchun nima qilish kerak?


Pensiya jamgʻarmasi qanday qilib yuqori miqdorda pensiya olish mumkinligi boʻyicha maʼlumot berib, fuqarolarni ish haqi va daromadiga oid maʼlumotlarini raqamlashtirish, faoliyatini rasmiylashtirishni tavsiya qildi.
Jamgʻarma barcha yoshlik paytidan oʻzining kelgusidagi pensiyasi haqida qaygʻurishi, bu davrga oldindan tayyorgarlik koʻrishi lozimligini, koʻpchilik pensiya yoshiga yaqin qolgandagina bu haqda oʻylashni boshlashini qayd etdi.
Pensiya tayinlangandan soʻng esa koʻpchilik fuqarolarda “Nega menga kam miqdorda pensiya tayinlandi?”, “Meni hisobim boʻyicha koʻproq pensiya olishim kerak edi?” kabi savollar tugʻiladi.
Yoshga doir toʻliq pensiya 60 yoshga toʻlgan erkaklarga 25 yil ish staji, 55 yoshdagi ayollarga esa 20 yil ish staji bilan tayinlanadi. Kamida 7 yil ish stajiga ega boʻlganlarga toʻliqsiz pensiya belgilanadi.
Pensiya tayinlashda quyidagilar ish stajiga hisoblanadi:
- rasmiy ishdagi ish haqi hisoblangan davrlar;
- YTT, oʻzini-oʻzi band qilgan yoki xorijda ishlagan shaxs sifatida Pensiya jamgʻarmasiga ijtimoiy soliq toʻlangan davrlar.
- Masalan, ayollar ishlaganiga 20 yil boʻlganda 54 yoshdan yoshga doir pensiyaga chiqishi mumkin.
Yuqoridagi davrlar uchun kamida 7 yil ish stajiga ega boʻlganda fuqaroning harbiy xizmat, oliy oʻquv yurtidagi kunduzgi oʻqish hamda bola parvarishi uchun taʼtilda boʻlgan (har bir bola uchun 3 yil, jami 6 yilgacha) davrdlar ham umumiy ish stajiga qoʻshiladi.
Pensiyaga tayyorgarlik qanday amalga oshiriladi?
Pensiya tayinlashda fuqaroning rasmiy ishlagan davri va soliq toʻlangan ish haqi (daromadi) hisobga olinadi. Yaʼni, rasmiy ish va daromad orqali yilma-yil pensiyaga huquq shakllanib boradi. Buning uchun esa fuqarolar ish faoliyati va daromadini rasmiylashtirib borishi kerak.
Jamgʻarma koʻp miqdordagi mablagʻ bilan pensiyaga chiqish uchun fuqarolarga quyidagilarni tavsiya qilmoqda:
- mehnat faoliyati rasmiy shaklda ketayotganiga, tashkilot ish stajini yozib borayotganiga ishonch hosil qilish. Buni Yagona portali orqali mustaqil tekshirish ham mumkin;
- ish beruvchidan ish staji toʻgʻrisidagi maʼlumotlarini raqamlashtirishni talab qilish;
- hisoblangan va qoʻlga oladigan ish haqi, ushlab qolinayotgan daromad soliqlari hamda jamgʻarib borilayotgan pensiya uchun oʻtkazilayotgan mablagʻ kabilarni doimiy tekshirib borish;
- norasmiy faoliyatdagilar oʻz-oʻzini band qilgan holda roʻyxatdan oʻtib, Pensiya jamgʻarmasiga belgilangan tartibda ijtimoiy soliq toʻlash orqali ish stajini koʻpaytirish;
- pensiya qonunchiligiga oid yangiliklar, maʼlumotlar bilan muntazam ravishda tanishib borish, kiritilayotgan oʻzgarish va qoʻshimchalardan xabardor boʻlish.
Shu bilan birga, mehnat faoliyatini yuritmayotgan fuqarolar Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boʻlimlariga mehnat daftarchasidagi maʼlumotlarini raqamlashtirishni soʻrab murojaat qilishlari lozim.
Mehnat faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni raqamlashtirish pensiyaga chiqish vaqti kelganda ortiqcha ovoragarchilikning oldini oladi. Bunday maʼlumotlarni Yagona portalda koʻrish mumkin.
Pensiya jamgʻarmasi ushbu tavsiyalar asosida mehnat faoliyatini olib borish orqali pensiya yoshiga yetgan fuqarolarning pensiya taʼminoti kafolatlanishini qayd etdi.
Qoʻshimcha maʼlumotlar, pensiyaga oid masalalar boʻyicha jamgʻarma call-markazining 1271 raqamiga murojaat qilish mumkin.