O‘zbekistonda hafta davomida qanday ob-havo kuzatiladi?
7-yanvarda O‘zbekistonga Kaspiy dengizi hududlaridan nam va sovuq havo kirib keladi, ko‘plab hududlarda yomg‘ir va qor yog‘ishi kutilmoqda. Hafta davomida kunduzgi harorat +5…+8 dan 0…-3 gacha o‘zgarib turadi.
Dushanba kuni kunduzi O‘zbekistonning barcha hududi bo‘yicha yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘ladi, faqat Qoraqalpog‘istonda kechga tomon ba’zi joylarda yomg‘ir va qor yog‘ishi mumkin. Havo harorati +5…+10 daraja, ba’zi joylarda +12…+14 darajagacha, shimolda +3…+8 darajagacha bo‘ladi, deb xabar bermoqda O‘zgidromet.
7-yanvarda O‘zbekiston hududiga Kaspiy dengizi hududlaridan nam va sovuq havo kirib kelishi boshlanadi. Buxoro, Navoiy viloyatlarida va kunning ikkinchi yarmida Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida ba’zi joylarda yog‘ingarchilik bo‘ladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida ayrim joylarda kechasi va ertalab yog‘ingarchilik bo‘ladi. Respublikaning qolgan hududlarida yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi.
8-yanvarda kechasi va ertalab faqat Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida asosan qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik saqlanib turadi.
8−10-yanvar kunlari kunduzi O‘zbekiston bo‘yicha yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Kechasi va ertalab ba’zi joylarda tuman tushishi mumkin.
8−10-yanvarda havo harorati kechasi +2…+5 darajadan −3…−6 darajagacha pasayadi, kunduzi +5…+8 darajadan 0…-3 darajagacha o‘zgarib turadi.
Shamol 7−12 m/s tezlikda esadi, 7-yanvarda ba’zi joylarda 13−18 m/s gacha kuchayadi, ayrim joylarda ba’zida 20−23 m/s gacha kuchayishi mumkin.
Tog‘li hududlarda 6−8-yanvarda vaqti-vaqti bilan qor yog‘adi, 7−8-yanvarda ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi.
Toshkentda 6−10-yanvar kunlari asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘ladi, faqat 7-yanvar kuni kechqurun va 8-yanvarga o‘tar kechasi yomg‘ir va qor yog‘adi. Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin.
Shamol 3−8 m/s tezlikda esadi, 7-yanvarda 10−12 m/s gacha kuchayishi mumkin.
Havo harorati 6-yanvarda kunduzi +8…+10 daraja, 7-yanvarda kechasi +1…+3, kunduzi +6…+8, 8-yanvarda kechasi va kunduzi −1…+1, 9-yanvarda kechasi −3…−5, kunduzi +2…+4, 10-yanvarda kechasi −3…−5, kunduzi +5…+7 daraja bo‘ladi.