РУ
O’Z
UZS
/
/
Oʻzbekistondagi eng ulkan va hashamdor jome masjidlari qanday koʻrinadi? 10 ta maftunkor surat
29.11.2024 (yangilandi 29.11.2024)

Oʻzbekistondagi eng ulkan va hashamdor jome masjidlari qanday koʻrinadi? 10 ta maftunkor surat

Oʻzbekistondagi eng ulkan va hashamdor jome masjidlari qanday koʻrinadi? 10 ta maftunkor surat

Oʻzbekistonning muhtasham va goʻzal masjidlari mamlakatdan tashqarida ham dong taratgan. Respublikaning eng yirik jome masjidlari toʻplamini Toping.uz materialida tomosha qiling.

Oʻzbekiston — koʻplab musulmon ziyoratgohlari, qadimiy madrasalar, maqbaralar va masjidlarga boy mamlakat. Bular nafaqat barcha islom izdoshlari eʼzozlaydigan ziyoratgohlar, balki ajoyib meʼmorchilik yodgorliklari hamdir.

Toping.uz muharrirlari siz uchun Oʻzbekistondagi eng yirik jome masjidlari roʻyxatini tayyorladi. Ushbu masjidlarning barchasi faoliyat yuritmoqda — ularda har hafta juma namozlari oʻqiladi, har kuni moʻminlar uchun eshiklari ochiq turadi.

“Islomobod” (Toshkent)

Bu Oʻzbekistondagi eng katta masjid boʻlib, uning har biri 63 metr balandlikdagi 4 ta minorasi bor. 2019-yilda qurilishi boshlangan masjidning asosiy zali 8 ming kishini sigʻdira oladi.

Ichki hovli va unga tutash hududlarda bir vaqtning oʻzida jami 11 ming moʻmin-musulmon joylashishi mumkin. Tahoratxona 150 oʻringa moʻljallangan, binoda maʼmuriyat, kutubxona va boshqa zarur xonalar mavjud. Masjid rasman 2023-yil 22-martda foydalanishga topshirilgan.

“Urgut” (Samarqand)

Samarqand viloyatidagi eng ulkan masjid. Uning rasmiy ochilishi 2021-yilda boʻlib oʻtgan. Umumiy maydoni 1,06 gektarni tashkil etadi. Ikki qavatli bino 10 ming moʻminni sigʻdira oladi.

Masjid gumbazining balandligi 36 metr, masjid burchaklarida joylashgan toʻrtta minoraning har biri 40 metrdan baland. Bino anʼanaviy naqshlar bilan bezatilgan.

“Imom eshon Muhammad” (Qoraqalpogʻiston)

Nukus shahridagi masjid 2017-yilda ochilgan. U 2 mingga yaqin moʻminni sigʻdira oladi. Masjid yonida 128 oʻrinli imom-xatiblar malakasini oshirish oʻquv markazi tashkil etilib, zamonaviy jihozlar bilan taʼminlangan.

Masjid islom olimi, naqshbandiya tariqatining eng eʼzozli shayxlaridan biri Imom eshon Muhammad ibn Qayipnazarbiy sharafiga nomlangan.

“Minor” (Toshkent)

Oʻzbekistondagi oppoq naqshli eng yirik masjidlardan biri 2014-yilda rasman ochilgan. “Minor” nomi arabcha “manor” soʻzidan olingan boʻlib, “mayoq,” “balandlik” maʼnolarini anglatadi.

Bino 7 mingdan ortiq kishiga moʻljallangan. Masjid minorasining balandligi 45 metr, moviy gumbazining balandligi esa 34 metrni tashkil etadi. Masjidning mehrobi Samarqand viloyatidagi Registon majmuasidagi Tillakori masjidi mehrobining nusxasidir.

Yusufxon o‘g‘li Qosimxon masjidi (Namangan)

Namangan viloyatidagi eng yirik masjidlardan biri, 2021-yilda foydalanishga topshirilgan. Hovlining maydoni 1,8 gektar, zali esa 2 ming kvadrat metr. Masjid zamonaviy haytek uslubida qurilgan. Bino 4,5 ming kishini, ichki hovli esa 9 ming moʻminni sigʻdira oladi.

Ikki qavatli masjid zalida, ochiq namozgohda va ayvonda bir vaqtning oʻzida 15 ming kishi namoz oʻqishi mumkin. Masjidning oʻziga xos goʻzalligini ikkita 45 metrlik minora, balandligi 36 metr, aylanasi 24 metr boʻlgan katta gumbaz va ikki yondagi kichik gumbazlar taʼminlaydi.

“Devonaboy” (Andijon)

Andijon viloyatidagi “Devonaboy” jome masjidi 1899-yilda barpo etilgan. Masjid 5 mingga yaqin kishini sigʻdira oladi va viloyatdagi eng yirik ibodatxonalardan biri hisoblanadi.

Masjid baland, hashamatli minoralar, zamonaviy va anʼanaviy sharqona meʼmorchilik uslublari uygʻunlashgan koʻrkam bino, toʻrtta ulugʻvor darvoza, bitta zal, shiypon va ayvonlar, muhtasham devorlar bilan ajralib turadi.

Hazrati Imom majmuasi (Toshkent)

Xalq orasida Xasti Imom nomi bilan mashhur. 2007-yilda majmua qayta taʼmirlandi. Unda Tillashayx masjidi, Abu Bakr Qaffol Shoshiy maqbarasi, Baroqxon madrasasi va Imom al-Buxoriy nomidagi Islom instituti joylashgan.

Hazrati Imom masjidining balandligi 52 metr boʻlib, zali 3 ming, ayvoni esa 5 ming kishini sigʻdira oladi.

“Kalon” masjidi (Buxoro)

Islom fotihi Qutayba ibn Muslim masjidni VIII asrda barpo etgan.

1997-yilda bino taʼmirlanib, qayta foydalanishga topshirildi. Masjidning tuzilishi toʻgʻri toʻrtburchak shaklida (127×78 m) boʻlib, keng hovli gumbazsimon yopiq ayvon bilan oʻralgan. 188 ta gumbazni 208 ta ustun koʻtarib turadi. Masjid 3 ming namozxonga moʻljallangan.

“Oxun bobo” (Xorazm)

Xorazm viloyatining Urganch shahrida joylashgan katta masjid avliyo Niyoz Muhammad Oxund nomi bilan atalgan. 1800-yilda avliyo qabri yonida masjid qurilgan. Uning balandligi 47 metr boʻlib, masjid atrofida 12x12 metr oʻlchamdagi gumbaz barpo etilgan.

Hozirgi kunda “Oxun bobo” diniy majmuasi va jome masjidi Xorazm viloyatidagi mashhur ziyoratgohlardan biri hisoblanadi. 4 ming kishiga moʻljallangan masjid 2018-yilda qayta taʼmirlanib, foydalanishga topshirildi.

“Hakim Termiziy” (Surxondaryo)

Termiz shahrida 2018-yilda 6 gektar maydonda “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi” rasman ochildi. Markaz hududida 2,2 mingdan ortiq namozxonga moʻljallangan “Hakim Termiziy” masjidi faoliyat yuritmoqda. Masjid buyuk islom olimi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali at-Termiziy nomi bilan atalgan.

Anʼanaviy va zamonaviy meʼmoriy yechimlarni oʻzida mujassamlashtirgan masjidning ikki tomonida har biri 41,5 metr balandlikdagi ikkita minora qad rostlagan. Masjidning muhtasham gumbazining balandligi 22 metrni tashkil etadi.

Majmuadagi “Qaffol Shoshiy” maqbarasi, “Baroqxon” madrasasi va “Moʻyi Muborak” madrasasi XVI asrda qurilgan. “Namozgoh” masjidi XVIII asrga, “Tillashayx” jome masjidi esa XX asrga oid.

“Hazrat Alisher Navoiy” (Navoiy)

“Hazrat Alisher Navoiy” masjidi 2006-yilda Navoiy viloyatida ochildi. U 2 ming kishini sigʻdira oladi. Masjidning umumiy maydoni 1,26 gektarni tashkil etadi.

Masjidning balandligi 31 metr. Bino ichki va tashqi maydonlarga, tashqi tomondan ayvonga ega. Ikkinchi qavatning ichki tomonida ham besh metrli balkon mavjud. Masjid hududida favvora va hovuz bunyod etilgan.

Bugungi kunda Oʻzbekiston hududida rasman 2 119 ta masjid faoliyat yuritmoqda. Ularning barchasida taxminan 1 million kishi namoz oʻqishi mumkin.