наушники со скидкой (верхний)
РУ
O’Z
UZS
/
/
Oʻzbek estradasida yangi yulduzlar: 2024-yilda katta sanʼatga qadam qoʻygan qoʻshiqchilar
20.12.2024 (yangilandi 20.12.2024)

Oʻzbek estradasida yangi yulduzlar: 2024-yilda katta sanʼatga qadam qoʻygan qoʻshiqchilar

Oʻzbek estradasida yangi yulduzlar: 2024-yilda katta sanʼatga qadam qoʻygan xonandalar

Hech qachon omad kulib boqadigan vaqtni oldindan taxmin qila olmaymiz. Ammo harakatdan toʻxtamasak, hammasi yaxshi boʻladi. Bu quyida nomlari zikr etiladigan qahramonlarimizning hayotiy shiori boʻlsa, ajab emas.

image

Yangi yilga eng yaxshi sovg‘ani topdik. BU NIMA?

icon

2024-yil shou-biznes olami uchun unutilmas davrlardan biriga aylandi. Biz yirik xalqaro loyihalardan tortib, reperlar Humo Arenaʼni toʻldirganigacha guvoh boʻldik. Ushbu jamlanmada joriy yilda ijod namunalarini taqdim etib, muxlislar mehrini qozongan yosh sanʼatkorlar haqida gap boradi.

Yunkaa

Oʻzining shovqin-suronga boy shaxsiy hayoti bilan muxlislarga yaxshi tanish boʻlgan Yunetta Akopyan 2024-yilda ikkita mualliflik qoʻshigʻini taqdim etdi. Uning “Dardim” deb nomlangan taronasi xit-paradlarda uzoq vaqt yetakchilik qildi.

Yunetta blogerlik faoliyati va taniqli inflyuyenser Timur Alixonov bilan ishqiy munosabatda ekani orqali oʻzbek muxlisiga yaxshi tanish hisoblanadi. Timur 2023-yilda Konstaning konsertida Yunettaning qoʻlini soʻrab, unga turmushga chiqishni soʻragandi.

Ammo juftlik 2024-yilda ajrashdi. Munosabat yakunlangani uzoq vaqt sir saqlangan boʻlsada, ikki mashhur shaxsning ajrimi muxlislar eʼtiboridan chetda qolmadi. Bu gap-soʻzlar fonida Timur Alixonov Yunkaaning dugonasi Farida Marimova bilan oila qurdi.

Yunetta esa murosasiz bahslar fonida oʻzining ilk qoʻshigʻini muxlislar eʼtiboriga havola etdi. “Dardim” taronasini koʻpchilik Timur Alixonovga bagʻishlangan deb aytadi. Ammo xonandaning oʻzi bu maʼlumotni rad etib keladi. Ushbu qoʻshiq YouTubeʼda qariyb 10 million marta tinglangan.

Yunka bunda bir oy oldin oʻzining navbatdagi mualliflik qoʻshigʻi – “Yomgʻir”ni muxlislar eʼtiboriga taqdim etdi. Bu tarona unchalik katta shov-shuv koʻtarmagan boʻlsada, oʻziga xos tarzda muhokamalarga sabab boʻldi. Ushbu asarda ham muallifning sevgisi armon boʻlgani haqida soʻz boradi.

AbroBey

2024-yilning haqiqiy kashfiyotlaridan biri deya tilga olinayotgan ijodkor asli surxondaryolik. U noyabr oyi oxirida “Qimmat dunyo” deb nomlangan singlni eʼlon qildi. Tarona hozirgacha 4 million martadan koʻproq tinglangan.

Ushbu qoʻshiq maqola yozilgan vaqtda ham Yandex Music xit-paradining Oʻzbekiston boʻyicha talqinida birinchi oʻrinda bormoqda. Artist, shuningdek, Yandex muharrirlari tomonidan tayyorlangan “Oʻzbekiston: Kashfiyotlar” pleylisti muqovasiga ham chiqarilgan.

AbroBey 30-dekabr kuni oʻzining navbatdagi mualliflik qoʻshigʻini taqdim etadi. “Bolalik” deb nomlanuvchi tarona foydalanuvchilar tomonidan iliq qabul qilindi. Ushbu qoʻshiq bilan gʻoʻr va shoʻx bolalikka sayr qilsak, hech narsa emas.

Abrorning bisotida yana ikkita mualliflik qoʻshiqlari mavjud. Ular “Qoʻlda tutun” va “Mayli” deb nomlanuvchi qoʻshiqlarda masrur yigitlik davri va undagi qiyinchiliklar haqida soʻz boradi. Ijodkor barchasiga sabr bilan chidab oʻtilsa, yoʻl yakunida yorugʻlik kutayotganiga ishora qiladi.

Q.zlar guruhi

Konsta boshchiligidagi Yuz Label aʼzolari — Q.zlar guruhi 3 nafar mashhur bloger qizlardan tashkil topgan. Ular Shaxlo, Dinora va Amiradir. Guruh aʼzolarining barchasi Toshkent davlat yuridik universitetida tahsil olishadi.

Ushbu guruh Sharif (Konsta)ning 2024-yilgi konsertida birinchi marta chiqish qilgan va muxlislar tomonidan iliq qarshi olingan. Oʻshanda guruh oʻzining “Intro” taronasini taqdim etgandi. Klip esa dekabrda eʼlon qilindi.

Video Rockstar energetik ichimliklar brendi tomonidan qoʻllab-quvvatlangan. Klipda har bir ishtirokchi alohida tanishtirilgan va ular turli lokatsiyalarda qoʻshiqdagi oʻziga tegishli qatorlarni ijro qilgan.

Qoʻshiq matni Morf tomonidan yozilgan. Musiqiy sayqal Alinur tomonidan berilgan. Rejissyor esa Shokhsanam Norm. Qoʻshiqqa ishlangan klip ayni vaqtda YouTube platformasida 50 ming martadan koʻproq tomosha qilingan.

Yasmeen

Oʻzini katta sanʼatda sinab koʻrayotgan yana bir taniqli bloger Yasmeen navbatdagi ijod namunasini “Sahar” guruhi bilan duet tarzida taqdim etdi. 30-noyabr kuni eʼlon qilingan klip YouTubeʼda hozirgacha qariyb 17 ming marta tomosha qilindi.

21 yoshli xonanda bundan 2 yil oldin “Hay, yor-yor” qoʻshigʻini taqdim etgan. Ammo soʻnggi “Eslagin” taronasi va unga ishlangan klip ijodkorga haqiqiy mashhurlikni taqdim etdi desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

Klipda ikki juftning turli davrlardagi murakkab munosabati aks etgan. Ular bir-biridan tinimsiz arazlashi va tobora uzoqlashishini koʻrish mumkin. Yakunda kadrdagi barcha ishtirokchilar kuldek havoga sovrilib ketadi.

Uchitayy

Uchitayy taxallusi bilan ijod qiluvchi Adan Jabbarni koʻpchilik qozoq ijodkorlar tomonidan suratga olingan “Yotoqxonadan chiqqan millionerlar” serialidagi Farhod orqali yaxshi taniydi. Serial davomida Adan oʻzining qoʻshiqchilik mahoratini ham namoyish etgan.

Reper 2024-yil davomida 5 ta mualliflik qoʻshigʻini eʼlon qildi. Deyarli barcha taronalar muxlislar eʼtibori va olqishiga sazovor boʻldi. Jumladan, xonandaning “Aminiye” deb nomlangan nomaqbul soʻzlarga boy treki 100 ming martadan koʻproq tinglandi.

Yuqorida taʼkidlangan qoʻshiqlar orasida “Rahmat”, “Block”, “Оно того стоилo” va “Цепи” deb nomlangan treklar ham bor. Ijodkor har bir musiqiy asarga alohida yondashishi va tasviriy ishlarni aʼlo darajada bajarishi bilan koʻplab taniqli shaxslar eʼtiboriga ham tushgan.

Bezzbets

Ushbu roʻyxatimizni yakunlovchi Bezzbets rep-rok guruhi 2024-yilning iyul oyida oʻzining ilk kaverini taqdim etdi. Konsta va Timur Alixonovning “Odamlar nima deydi?” qoʻshigʻiga ishlangan yangicha talqin tinglovchilar tomonidan qizgʻin qarshi olindi.

Taʼkidlash kerak, guruh 5 nafar ijodkor (toʻrtta sozanda va bitta xonanda)dan iborat. Ular doimiy ravishda niqob bilan koʻrinish beradi. Shuningdek, yigitlar oʻzining shaxsiga ham aniqlik kiritmagan. Ularning kim ekani haqida bir qancha taxminlar bor, xolos.

Guruh yaqinda “Tinch qoʻymaydi” degan ilk trekini taqdim etdi. Unda insonning oʻzi bilan oʻzi qolgandagi ichki savol-javob ochib berishga harakat qilinadi. Instrumental usuldagi musiqa shoʻx va maʼnoli tarona tinglashni xush koʻruvchilar uchun ajoyib variant boʻla oladi.

Qarz

Bu ijodkorni asosiy taomdan keyingi mazali desertga qiyoslash mumkin. U yuqorida nomi zikr etilgan ijodkorlardek yuz minglab odamlar tomonidan tinglanmadi.

Ammo Qarzʼning oʻziga xos jumlalari va ularni musiqiy sayqal bilan ajoyib tarzda uygʻunlashtirishi muharrirlar eʼtiboridan chetda qolmadi. Ijodkor hozircha ikkita qoʻshiq taqdim etdi.

U “oqmi-qora” va “bari oʻtkinchi” deb nomlangan treklarda inson hayotidagi azaliy savollarni yana oʻrtaga tashlaydi va ularga umuman boshqa rakursdan qarab, ajoyib yechimlar taqdim etadi.

Bu toʻplam maqola muallifining shaxsiy qarashlari va qiziqishlari ortidan tuzib chiqildi. U reyting ahamiyatiga ega emas. Toping.uz nashri barcha yosh sanʼatkorlar ijodini hurmat qiladi va doimiy ravishda qoʻllab-quvvatlaydi. Kelayotgan Yangi yilingiz muborak boʻlsin!

Buyurtma qoldiring

Bizning menejerlarimiz yaqin orada siz bilan bog‘lanadi.

Yangi Shop Tashkent

map-pin

Малика, магазин 6а

Sotuvchi
phone

+998901777516

telegram-logo

@yangishoptashkent

Rahmat, arizangiz qabul qilindi.