Silk Avia uchun uchinchi LET L-410 samolyoti Toshkentga yetib keldi
Toshkentga 19 nafar yoʻlovchini sigʻdira oladigan yana bir ixcham LET L-410 samolyoti keltirildi. U Oʻzbekistonda ichki havo qatnovlarini rivojlantirish uchun moʻljallangan.
7-noyabr kuni Toshkentda Silk Avia mintaqaviy aviakompaniyasi havo kemalar parkini toʻldirgan uchinchi LET L-410 samolyoti tantanali ravishda kutib olindi.
Ushbu samolyot Oʻzbekistonda ichki havo qatnovlarini rivojlantirish uchun moʻljallangan boʻlib, mamlakat shaharlari oʻrtasida qulay va hamyonbop parvozlar imkoniyatlarini kengaytiradi.
Hozirda Silk Avia ikkita LET L-410 samolyotida muntazam reyslarni amalga oshirmoqda. Xususan, dushanba, juma va yakshanba kunlari Nukus– Moʻynoq–Nukus yoʻnalishi boʻyicha, chorshanba va shanba kunlari Toshkent– Shahrisabz–Toshkent yoʻnalishi boʻyicha, shuningdek, har kuni Toshkent–Zomin–Toshkent yoʻnalishi boʻyicha qatnovlar amalga oshirilmoqda.
Parkda yana bir samolyotning qoʻshilishi bilan Silk Avia koʻproq yoʻnalishlarga xizmat koʻrsata oladi va hududlar aholisi uchun havo qatnovlari qulayligini oshiradi. Taʼkidlash joizki, LET L-410 atigi 19 nafar yoʻlovchini sigʻdira oladi.