Toping.uz`da afisha: Dilroza dam olish kunlarida qayerlarga borishni yoqtirishini aytdi
Qishning ikkinchi oyi bo‘lgan yanvarning ikkinchi haftasi ham yakuniga yetmoqda. Poytaxt ko‘chalari qishga xos bo‘lgan tund rangda, havo esa biroz iliq. Bloger Dilroza bilan kumush qishdagi Toshkent haqida suhbat olib bordik.
Hordiq
Men asosan Tashkent City`da yuraman. Chunki ishim shu yerda. Har kuni shu hududda bo‘laman. Mustaqillik maydoni, Anhor bog‘i tomonlarda yurishni yoqtiraman.
Eng ko‘p yoqadigan manzil esa Kosmonavtlar metro bekatidan chiqqandagi Moviy gumbazlar bog‘idir. Bu bog‘ atmosferasi juda ham yoqadi.
Kino
Avvallari teatrga qiziqmasdim. 2024-yil yozida Tashkent City`da tashkil etilgan amfiteatrga kirdim. Shundan so‘ng bu san’at turiga nisbatan fikrim to‘lig‘icha o‘zgardi. Avvallari teatrni zerikarli joy deb o‘ylardim.
Kino tomosha qilishni yoqtiraman. Asosan kinoteatrlarda yangi chiqqan filmlarni tomosha qilaman. Buning uchun Next savdo majmuasi yaqinida joylashgan На крыше kinoteatrini tanlayman.
Taom
Men milliy taomlar shaydosiman. Ayniqsa, uyda tayyorlangan ovqatlarni sevaman. Lekin har kun ishda bo‘lganim uchun asosan fastfud yoki yengil hazm bo‘ladigan ovqatlarni iste’mol qilaman.
Eng ko‘p Embassy Burger kafesiga boraman. Bundan tashqari, Tashkent City Mall savdo majmuasining to‘rtinchi qavatidagi Bistecca nomli restoranga ham tez-tez borib turaman.
Xarid
Asosan City Mall`dan kiyimlar xarid qilaman. Har xil do‘konlarni aylanishni yoqtiraman. Majmuada Bershka, Pull&Bear, Zara kabi jahonga mashhur brendlarning rasmiy do‘konlari bor.
Ammo odatda kiyimlarni chet eldan buyurtma qilaman. Chunki ko‘p izlagan kiyimlarimni o‘zimizdan topa olmayman. Kiyim tanlashda uning rangiga va mato sifatiga alohida e’tibor berish kerak.
Tadbir
Oxirgi marta Pepsi Fest`da qatnashdim. Bu juda katta masshtabdagi tadbir edi va menda ulkan taassurotlar qoldirgan desam, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ammo ayni kunlarda ko‘ngilochar tadbirlarga borolmayapman. Ish, tasvirga olish jarayonlari va kundalik tashvishlar sababli bunday maskanlarga borishga vaqt qolmayapti.