Toshkentda ilk jamoatchilik yashil parki ochiladi


Poytaxtdagi birinchi jamoatchilik yashil parki shovqin-surondan xoli boʻlishi, ekologik talablarga toʻliq javob berishi, unga kirish bepul boʻlishi taʼkidlanmoqda.
Toshkent shahri, Yunusobod tumanidagi xaroba va qarovsiz boʻlgan hudud jamoatchilik yashil parkiga aylantiriladi. Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar berdi.
Qayd qilinishicha, park hududi 2020-yilgacha tashlandiq holatda boʻlgan. Hozir 1200 tupdan ortiq daraxt va 23 ming tup buta ekilib, 7,5 gektar maydonda yashil bogʻ barpo etilmoqda.
Taʼkidlanishicha, poytaxtdagi birinchi jamoatchilik yashil parki shovqin-surondan xoli, ekologik talablarga toʻliq javob beradi. Hududda atirgul bogʻi barpo qilinadi, tabiiy koʻl yaratiladi, qushlar uchun inlar quriladi.
Hamma yoʻlaklar toshlardan, oʻrindiqlar esa qurigan daraxtlardan, yaʼni toʻliq tabiiy materiallardan qilinadi. Shuningdek, yil davomida ketma-ket gullaydigan oʻsimliklar ekiladi va bu parkning doimiy koʻrkam qiyofa kasb etishiga xizmat qiladi.
Xabarga koʻra, jamoat parkiga kirish mutlaqo bepul boʻladi. Park hududida chiqindi tashlash qatʼiy taqiqlanadi (chiqindilarni faqat parkka kirish va chiqish joyida oʻrnatilgan chiqindi qutilariga tashlanishi mumkin), bu esa hududning ekologik toza maskanga aylanishini taʼminlaydi.
Park toʻliq Yevropa, jumladan, Yaponiya tajribasi asosida barpo qilinmoqda, bu yerda faqat mahalliy, oʻzimizning iqlimga mos daraxtlar ekiladi. Xabarda parkning qachon ishga tushirilishi haqida maʼlumot berilmagan.