РУ
O’Z
UZS
/
/
Vyetnamlik 22 yoshli talaba sayyoradagi eng go‘zal qiz deb topildi
13.11.2024

Vyetnamlik 22 yoshli talaba sayyoradagi eng go‘zal qiz deb topildi

Vyetnamlik 22 yoshli talaba sayyoradagi eng go‘zal qiz deb topildi

Vyetnamlik Hyuin Thi Than Thuyi ismli talaba qiz Yaponiyada bo‘lib o‘tgan 62-sonli Miss International-2024 xalqaro go‘zallik tanlovining mutlaq g‘olibi bo‘ldi.

Tanlovda jami 71 davlatdan kelgan vakillar ishtirok etdi va butun dunyo bo‘ylab tomoshabinlarga jonli efirda namoyish etildi. Mazkur musobaqaning birinchi qismida barcha ishtirokchilarning milliy ruhdagi liboslar namoyishi bo‘lib o‘tdi. Yangi zelandiyalik 21 yoshli Santa Puul ushbu bosqichda eng yaxshi ishtirokchi deb topildi. So‘ng hakamlar hay’ati boshqa liboslarda o‘tkazilgan tanlovning eng yaxshi 20 taligini saralab oldi.

Yarim finalga chiqqan 20 nafar ishtirokchilar tomoshabinlar va hakamlar uchun oqshom liboslari va obrazlarini taqdim etdi. Bu bosqichda turli qit’alar malikalari aniqlandi. Kabo-Verdelik ishtirokchi Afrika qirolichasi, kubalik tadbirkor Amerika qirolichasi, Irlandiya vakili Yevropa qirolichasi, Yaponiyadan kelgan nutritsiolog Osiyo malikasi sifatida tanlandi.

Finalga sakkiz nafar go‘zallar: Boliviya, Polsha, Chexiya, Vyetnam, Indoneziya, Ispaniya, Yangi Zelandiya va Venesuela davlatlaridan kelgan ishtirokchilar chiqdi. Tanlov reglamentiga ko‘ra, ular hakamlarning turli savollariga to‘g‘ri va aniq javob berishlari kerak edi.

Vyetnamlik qizga qanday global voqealar kelajak avlodning ta’lim tizimiga katta ta’sir qilgani haqida savol berildi. U bunga javoban COVID-19 pandemiyasi va masofadan ta’lim olishning rivojlanishi, deb aytdi.

Shundan so‘ng tanlovning mutlaq g‘olibi e’lon qilindi. Bu Vyetnamdan tashrif buyurgan model Hyuin Thi Than Thuyi edi. Thuyi Miss International tanlovida g‘olib bo‘lgan ilk vyetnamlik qiz bo‘ldi. U 2022-yilda vatanidagi Miss Vietnam tanlovida g‘olib bo‘lganidan keyin butunjahon bellashuviga yo‘l olgan edi.

22 yoshli qiz ikkita universitetda tahsil oladi, ingliz va koreys tillarida erkin so‘zlashadi, model sifatida ishlaydi va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha loyihalarda ko‘ngilli sifatida ishtirok etadi.

Intervyulardan birida g‘olib qiz avvallari qo‘rqoq va o‘ziga ishonmagan inson bo‘lgani haqida so‘zlab berdi. U ulg‘aygan sari hayotga ijobiyroq qaray boshlagan va emotsional jihatdan yetukroq bo‘lishga harakat qilib kelmoqda.