Yuz shakliga qarab ko‘zoynakni qanday tanlash kerak?
Ko‘zoynaklarning klassik “aviatorlar” yoki zamonaviy “mushuk ko‘zlari” hammaga mos kelmaydi, yumaloq “Basilio mushugi”ni gapirmasa ham bo‘ladi. Sizga mos kelmaydigan va keraksiz akksesuarga ega bo‘lmasligingiz uchun foydali ma’lumot beramiz. Ushbu maslahatlar ham quyoshdan saqlovchi, ham optik ko‘zoynaklarni tanlashda yordam beradi.
Dumaloq yuzlilar uchun ko‘zoynaklar
Dumaloq yuzning o‘ziga xos xususiyatlari – keng peshona, oddiy iyak va bo‘rtib chiqqan yonoqlardir. Yuzning uzunligi va kengligi deyarli bir xil. Bunday yuz shakliga ega bo‘lgan odamlar ko‘pincha yuzini vizual ravishda qisqaroq ko‘rinishini xohlaydi. Yumaloq shakldan tashqari: to‘rtburchak, trapetsiya ko‘rinishidagi gardishlar yoki mashhur “vayfarer” modellari ayni muddao bo‘ladi. Bundan tashqari, “mushuk ko‘zlari” modelini ham tanlash mumkin, chunki u 2024-yil yozida yana trendga aylandi.
Muhim jihati: ko‘zoynakning gardishi kvadrat bo‘lmasligi kerak, aks holda yuzning yumaloqligiga yanada urg‘u beradi. “Ninachi” modeli (Peris Hilton ilgari taqishni xush ko‘rgan) ham to‘g‘ri kelmaydi – u yuzning ko‘p qismini yashiradi va yuz geometriyasini “sindiradi”.
Kvadrat yuzlilar uchun ko‘zoynak
Kvadrat yuz shakliga ega bo‘lgan odamlarda, aksincha, yuzlari silliq burchakli xususiyatlarga ega emas. O‘tkir yonoqlar, bo‘rtib ko‘rinadigan iyak va peshonani sal yumshatadigan variantlar: dumaloq va oval ramkalar, shuningdek, oversayz modelli ko‘zoynaklarga e’tibor qarating. Shu bilan birga, siz eng g‘ayrioddiy modellar: beshburchakli, applikasiyali yoki biror bir boshqa bezakli modellarni ham tanlashingiz mumkin. Ammo to‘rtburchak va kvadrat shakllardan voz kechgan ma’qul, axir siz SpongeBob kabi ko‘rinib qolishni xohlamaysizku, to‘g‘rimi?
Oval yuzlilar uchun ko‘zoynak
Ko‘zoynak tanlashda eng omadli yuz egalari – oval yuzlilar, chunki ularda hamma narsa uyg‘un joylashgan. Ixcham peshona, yonoqlar, ingichka iyak va ochiq ko‘zlar. Oval yuzlilarga har qanday shakl mos keladi: yumaloq ramkalar yuz tuzilishini yumshatadi, burchakli gardishlar qat’iylik bag‘ishlaydi. Ushbu shaklli yuzlarga mos kelmaydigan yagona shakl – yuzning yarmini qoplaydigan katta ko‘zoynaklar – ular juda individual shakl bo‘lib, hammaga ham mos kelmasligini inobatga oling. Qolgan barcha turdagi gardishlarni bemalol ishlatishingiz mumkin.
Yuraksimon yuzlilar uchun ko‘zoynak
Keng peshona, yuqori joylashgan yonoqlar va o‘tkir uchli iyak – bularning barchasi yuraksimon yuzlilarning xususiyatlaridir. Ushbu yuz shakliga ega bo‘lgan odamlarning asosiy vazifasi e’tiborni yuqori qismdan pastki qismga qaratishdir. Yuraksimon yuzlilar uchun eng mos keladigan ko‘zoynaklar turi – aviatorlar, “vayfarer”lar ham to‘g‘ri keladi. Agar siz o‘z yonoqlaringizni yoqtirsangiz, shu turdagi ko’zoynaklar aynan ularga diqqat qaratishga yordam beradi va shu bilan birga yuzingizni yanada nozikroq va uyg‘unroq qiladi. Bunday turdagilarga to‘g‘ri to‘rtburchak va toʻrtburchak gardishli ko‘zoynaklar mos kelmaydi.
Noksimon (uchburchak) yuzlilar uchun ko‘zoynak
Bunday yuzning o‘ziga xos xususiyatlari o‘tkir, ingichka iyak va biroz kengaygan peshona. Umuman olganda, bu juda jozibali ko‘rinadi, ammo ushbu turdagi yuz sohiblarining asosiy vazifasi ana shu tabiiy go‘zallikni mos ko‘zoynaklar bilan urg‘u berish. Uchburchak yuzlilar uchun ko‘zoynak tanlashda asosiy qoida – urg‘u ixcham pastki va tepa qismga qaratilishi kerak. Bunga misol sifatida cho‘zinchoq “mushuk ko‘zlari”, oversayz ko‘zoynaklar, aviatorlar, shuningdek gardishning yuqori qismida naqsh va bezaklari bo‘lgan har qanday modellarni keltirish mumkin. Dumaloq gardishli ko‘zoynaklarni ham taqib ko‘rishingiz mumkin, faqat kvadratlar ramkalilarga o‘tib ketmang.
Uzunchoq yuzlilar uchun ko‘zoynak
Yuzning uchunchoq shakli ovalga o‘xshash, faqat sal uzunligi bilan farq qiladi. Bunday yuzga “gorizontal” ramkalar va g‘ayrioddiy shakllar mos keladi (shunda ular yuzni qisqartirmaydi). Yana ularga yurak, yulduzlar yoki gullar shaklidagi ko‘zoynaklar ham yarashadi. Klassik ramkalardan “mushuk ko‘zlari” va yumaloq shakllar mos keladi, ammo tor va to‘rtburchak ramkalar uzunchoq iyakni yanada ta’kidlashini unutmang.
Olmossimon yuzlilar uchun ko‘zoynaklar
Bu shaklni hazillashib brilliantga o‘xshatadilar: yuzning eng keng qismi yonoqlar, tor qismi esa juda sezilarli darajada torayib borgan iyak qismidir. Bunda ko‘zoynak ramkasining asosiy vazifasi yuzning pastki va yuqori qismini muvozanatlashdan iborat. Shuning uchun stilistlar iyakni ta’kidlaydigan va uni vizual jihatan uzunlashtiradigan ko‘zoynak modellarini tanlashni tavsiya qiladi. Bunday modellarga aviatorlar, “vayfarer”lar va katta hajmli modellar kiradi. Ammo Jon Lennon uslubidagi yumaloq gardishlarni tanlamagan ma’qul.