2024-yilning eng yaxshi filmlari va seriallari – “Toping” tahririyati tavsiyasiga ko‘ra
Eng yaxshi film – har bir tomoshabinning qarashiga bog‘liq. Reytinglar yoki reklama yordamida yaxshi filmni topish mumkin bo‘lsa-da, yaqin kinosevarlarning tavsiyalariga quloq solgan ma’qul. Qishgi kino marafonlari qizigan bir paytda “Toping” tahririyati o‘zining 2024-yil yangiliklari bilan bo‘lishadi hamda ushbu filmlar va seriallarni hoziroq tomosha qilishingizni taklif qiladi.
Timur Yakubov (texnologiyalar bo‘limi muallifi/tahrirlovchisi)
“Dyuna. Ikkinchi qism”
“Birinci ‘Dyuna’ go‘zal, ammo cho‘zilgan va biroz zerikarli film sifatida esda qolgan edi. Sarguzashtlarning ikkinchi qismi esa dinamikroq bo‘lib, hammasi kerakligidek shakllandi. Deni Vilnev mazmunli va did bilan blokbasterlar yaratishni biladi – va buni yana bir bor isbotladi. Kimga yoqadi? Sekin rivojlanadigan, sifatli va yulduzlar ishtirokidagi qimmat filmni qadrlovchi tomoshabinlarga yoqadi deb o‘ylayman.”
“Bitljus Bitljus”
“Men Tim Berton filmlarini yaxshi ko‘raman, garchi ularning barchasi yaxshi bo‘lmasa ham. Rejissyorning o‘ziga xos uslubi bor va bu – uning katta yutug‘i: biron bir qisqa kadr orqali film kim tomonidan suratga olinganini bilib olasiz. ‘Bitljus Bitljus’ – Bertonning odatiy filmi: qora yumor, g‘aroyib qahramonlar, absurd voqealar. Qiyinchiliklardan chalg‘itadigan qiziqarli va yetarlicha o‘yin-kulgi taqdim qiluvchi film.”
“Oqim”
“Kichik bir Latviya studiyasi haqiqiy durdona asarini yaratdi va bu film Oltin Globusni qo‘lga kiritdi. Bu mukofotlar oxirgisi emasligi aniq. Suv toshqinida ko‘zlari katta mushukcha va boshqa hayvonlar sarguzashtlari – qo‘rquvni yengish, bir-biriga yordam berish, do‘stlik, jasorat va yaqinlarga g‘amxo‘rlik qilish haqida hikoya qiladi. Katta byudjetli filmlar davrida bunday ishlar e’tiborsiz qoladi deb o‘ylardim, lekin bu film haqli ravishda tan olingani xursand qildi.”
Bahora Salimova (tarjimon)
“Tanlangan oila”
“Qalblarga yoqadigan koreys doramasi. O‘z o‘rnini va chin dildan haqiqiy oila yaratadigan odamlarni topish haqida hikoya qiladi. Qahramonlarning samimiyligi va ekrandagi munosabatlarning chuqurligi meni hayratda qoldirdi.”
“Chiroqlar do‘koni”
“Mistik elementlarga ega dramatik serial. Odamlarga tanish joy qanday qilib ajoyib voqealar va taqdirlar tutashadigan markazga aylanishi mumkinligini ko‘rsatadi.”
“Jannat onalar oyog‘i ostida”
“O‘zi va farzandlari uchun kurashayotgan onalar haqida ilhomlantiruvchi hikoya. Ularning kuchi va sevgisi har bir epizodda seziladi. Ayniqsa, bu qirg‘iz filmi dunyoga onalarning qarashini ko‘rsatib bergani bilan o‘ziga tortdi.”
Humoyun Maxkamov (yangiliklar bo‘limi muharriri)
“Kalmar o‘yini 2”
“Birinchi mavsumning bahsli yakuni ikkinchisini katta qiziqish bilan kutishimga sabab bo‘ldi va u kutishga arziydi: ikkinchi qismda oldingi voqealarning sir-asrorlari ochildi, yangi intrigalar paydo bo‘ldi. Qiziqarli qahramonlar va yangi o‘yin vazifalari menga juda yoqdi.”
“Yollanma qotil”
“Yollanma qotil haqida film bo‘lib, u yorug‘lik va zulmat o‘rtasida adashib, murakkab ruhiy iztiroblar ichida yashaydi. Insoniylik nima va axloq qanday bo‘lishi kerakligi haqida o‘ylashga majbur qildi. Bu film shubhasiz mening top filmlarimdan biri.”
“Bir binodagi qotilliklar 4”
“Agar hali ko‘rmagan bo‘lsangiz, albatta tomosha qilishingizni tavsiya qilaman – serial shu darajada qiziqarli-ki, uni tomosha qilishni to‘xtatib bo‘lmaydi. Har mavsumda yangi jinoyat va kutilmagan burilishlar bor. To‘rtinchi mavsum ham istisno emas.”
Masha Mashkova (moda bo‘limi muallifi/tahrirlovchisi)
“Barcha tasodiflar bejiz emas”
“Alfonso Kuaronning Keit Blanchett bilan yangi seriali. “Estetlar va murakkab syujetlarni sevuvchilar uchun mos keladigan film. U Reni Nayt yozgan triller asosida suratga olingan bo‘lib, unda telejurnalist ayol haqida hikoya qilinadi. Bir kuni unga kitob keltiriladi, unda uning o‘tmishdagi eslashni xohlamaydigan eng chuqur sirlarini ochib beradigan voqealar yozilgan”
“Qora kaptarlar”
“Hayratlanarli, ammo bu 2024-yilda chiqarilgan kam tanilgan serial meni shu darajada o‘ziga tortdiki, uni 2 kunda tomosha qilib tugatdim. Faqatgina sevimli Kira Naytli ishtirok etgani uchun emas. Go‘zal suratga olish ishlari, tumanli London manzarasi, Yangi yil chiroqlari va Bond filmlari uslubidagi detektiv syujet – sevgi, qasos, qotillik va sirlar. Shuningdek, bu serial insonlar o‘zlarini kim qilib ko‘rsatayotganini har doim ham aks ettirmasligini eslatib o‘tadi.”
“Da’vogarlar”
“Uchta tennischi o‘rtasidagi sevgi uchburchagi haqida hikoya qiluvchi ushbu film, boshqa Luka Guadaninoning filmlari singari, boshidan oxirigacha nafosat, uslub va bu safar Zendayaning go‘zal obrazlari bilan to‘yingan. Filmga bo‘lgan qiziqishni Loewe’ning kreativ direktori Jonatan Andersonning ilk bor liboslar dizayneri sifatida qatnashgani yanada oshirdi. Moda ixlosmandlari va zamon bilan hamnafas bo‘lganlar uchun tomosha qilishga arziydi.”
Kristina Suxarevich (maxsus loyihalar muallifi/tahrirlovchisi)
“Kalmar o‘yini 2”
“Menga birinchi mavsum yoqqan, shuning uchun ikkinchisini intizorlik bilan kutgan edim. Ko‘pchilik singari, ikkinchi mavsum yakuniga avvaliga juda hafsalam pir bo‘ldi, chunki mavsum kutilmagan tarzda tugab qoldi. Ammo hozir TikTok’da uchinchi mavsumda nima bo‘lishi, o‘yinchilardan kim VIP kuzatuvchi ekanligi va hozirgi boshlovchi birinchi mavsumdagi boshlovchining o‘g‘li ekanligi haqidagi nazariyalar bilan to‘lib toshgan.”
“Graf Monte Kristo”
“Syujeti unchalik hayratlanarli deb bo‘lmasa-da, suratga olish ishlari va bosh rol ijrochisi Pyer Ninening mahorati juda yoqdi. Bundan tashqari, filmda bir nechta kutilmagan burilishlar ham bor.”
“Substansiya”
“Ba’zi joylari yoqimsiz, men uni uyda tomosha qildim va ba’zan nojo‘ya sahnalarga qaramaslik uchun yuzimni burdim. Shunga qaramay, bu film mening hayotimni ‘ilgari’ va ‘keyin’ga ajratdi, go‘zallikni saqlab qolishga haddan tashqari urinib yashash haqida o‘ylashga majbur qildi. Lekin ‘Substansiya’dan keyin qarishdan yanada ko‘proq qo‘rqadigan bo‘ldim.”