Abduqodir Husanov “Chelsi”ga qarshi oʻyinda asosiy tarkibda tushadimi?
Futbol boʻyicha APLning 23-turidan oʻrin olgan markaziy bahs 25-yanvar, shanba kuni Londonda boʻlib oʻtadi. Unda “Chelsi” oʻz uyida “Manchester Siti”ni qabul qiladi.
Koʻplab nashrlar ushbu bahsda asosiy tarkibda maydonga tushishi mumkin boʻlgan futbolchilar roʻyxatini eʼlon qilmoqda. Masalan, “Sportingnews” nashri Gvardiola shogirdlari quyidagi tarkibda maydonga tushishini tahmin qilmoqda:
“Manchester Siti”ning taxminiy tarkibi (3-2-2-3, oʻngdan chapga): Ederson (darvozabon) — Husanov, Akanji, Gvardiol — Lyuis, Gundoʻgʻan — De Bryuyne, Grilish — Foden, Holand, Marmush.
Nashrning maʼlum qilishicha, Natan Ake Parijga safar qilmagan, Ruben Diash esa tanaffus vaqtida murabbiyga oʻyinni davom ettira olmasligini aytgan. Portugaliyalik markaziy himoyachining oʻrniga Jon Stouns emas, balki Riko Lyuisning tushirilgani futbolchining asosiy tarkibda oʻynashga hali tayyor emasligini koʻrsatmoqda.
Bu holat yangi oʻyinchilar Abduqodir Husanov va Vitor Reysga imkoniyat eshigini ochadi. Ayniqsa, Husanovning Liga 1 dagi tajribasi uni asosiy tarkibga qoʻshilish uchun eng real nomzodga aylantiradi.
Maydonning boshqa tomonida Jeremi Doku va Savinyoning joriy haftadagi jismoniy muammolari tufayli Omar Marmush darhol tarkibga qoʻshilishi mumkin.
Gvardiola “PSJ”ga qarshi bahsda Bernardu Silva va Mateo Kovachichning oʻyinidan noroziligini bildirgan. Gundoʻgʻan va Jek Grilish ularning oʻrnini egallashi mumkin, ammo hozircha ideal yechim mavjud emas.