Bryus Uillis: qanday qilib aktyor jangari filmlar yulduziga aylandi, hozirda u bilan nimalar sodir bo‘lmoqda
Ikki oydan so‘ng Bryus Uillis 70 yoshga to‘ladi - aktyor 1955-yil 19-martda tavallud topgan. Afsuski, so‘nggi paytlarda u haqidagi yangiliklar kino olamiga bog‘liq emas: jangari filmlar yulduzi jiddiy kasallikka chalingan, omma oldida ko‘rinmaydi, vaqtini yaqinlari bilan birga o‘tkazadi. Toping.uz Gollivudning eng mashhur va yuqori maosh oluvchi aktyorlaridan birining mashaqqatli faoliyati va hayoti haqida hikoya qiladi.
Yo‘lning boshlanishi
Bryus Qo‘shma Shtatlarda emas, balki GFRda - Ikkinchi jahon urushidan keyin fashistlarga qarshi kurashda SSSRning g‘arbiy ittifoqchilari nazorati ostida qolgan Germaniyaning bir qismida tug‘ilgan. Bo‘lajak aktyorning otasi amerikalik bo‘lib, u yerda harbiy xizmatni o‘tagan va o‘z rafiqasi bilan shu yerda tanishgan. Buning natijada Bryus dunyoga keladi. Xizmatni tugatgandan so‘ng, otasi oilasini olib, okean ortiga, o‘z Vataniga qaytadi. Bryus bolaligidan aktyorlik ijrosiga qiziqadi - xususan, maktabdagi drama to‘garagiga qatnaydi. Bu bir vaqtning o‘zida Bryusga o‘zini erkin tutishga va duduqlanishini yengishga yordam beradi. Asta-sekin yigitchani teatr spektakllariga va epizodik rollar uchun kichik teleko‘rsatuvlarga taklif qila boshlaydilar.
Yosh aktyorga bosh rol berilgan ““Oy nuri” detektiv agentligi” seriali uning uchun kinoga haqiqiy yo‘llanma bo‘ldi. Loyiha muvaffaqiyatli chiqadi - uning beshta mavsumi suratga olinadi. Keyin esa Bryus Uillisni bir zumda eng taniqli aktyorlardan biriga aylantirgan - “O‘tda yonmas” filmi paydo bo‘ladi.
Jangari film yangi qahramonining qiyofasi
Ehtimol Gollivud jangari filmlarining har bir yulduzida tomoshabin ko‘z oldida namoyon bo‘ladigan asosiy filmlar bordir: Arnold Shvarzeneggerni - “Terminator”da, Silvestr Stalloneni - “Rembo” yoki “Rokki”da, Tom Kruzni - “Bajarib bo‘lmas missiya”da tasavvur qilamiz. Uillis misolida bu, shubhasiz, “O‘tda yonmas” filmidir. Yetarlicha byudjetli film (28 million dollar) yozuvchi Roderik Torpning 1979-yildagi “Hech narsa abadiy emas” romaniga asoslangan. Syujet murakkab emas: yirik korporatsiya osmono‘par binoda Rojdestvo bayramini nishonlaydi. Bosh qahramon, politsiyachi Jon Makkleyn u yerga ziyofatga rafiqasi bilan birga keladi. Shu paytda terrorchilar binoga bostirib kiradi va barchani garovga oladi. Faqat Jon ochiqda qoladi, u yolg‘iz o‘zi bosqinchilarga qarshi kurashadi.
Film boshqa jangari filmlardan muhim xususiyati bilan ajralib turadi. Bosh qahramon obrazi noiloj ahvolga tushib qolgan oddiy odamga yaqin. Kuchli mushaklarga ega Shvarzenegger va Stallonedan farqli o‘laroq, Bryus Uillis oq rangdagi cho‘zilib ketgan maykada qo‘shni podyezdda yashovchi erkakga o‘xshaydi.
Bu tomoshabin uchun ancha tushunarli bo‘lgan qahramon - u oddiy va yerda, quyosh tig‘ida mushaklarini o‘ynatmaydigan, yana xirildoq ovoz bilan butun dunyo muammolarini hal qilishini aytmaydigan kishi. “O‘tda yonmas” filmidagi politsiyachi o‘lmasdek ko‘rinmaydi: bir vaziyatda u deyarli vahimaga tushsa, boshqasida esa jiddiy yaralanadi, lekin har safar hayotga ishonchni saqlab qoladi va ziyrakligi tufayli terrorchilardan ayyorroq bo‘lib chiqadi.
Jangari film tijoriy jihatdan ham, Gollivud dunyosida ham muvaffaqiyatli chiqdi - u to‘rtta “Oskar” nominatsiyasini qo‘lga kiritdi (to‘g‘ri, u bironta ham haykalga ega bo‘lmadi). Filmni davom ettirish rejasi bo‘lmagan: sikvel uch yildan so‘ng, 1990-yilda paydo bo‘ldi. Voqealar yana Rojdestvoda, lekin terrorchilar egallab olgan aeroportda sodir bo‘ladi. Syujetga ham yozuvchi Uolter Ueydjerning “58 daqiqa” kitobi asos qilib olingan. Film yana muvaffaqiyat qozondi va uning uchinchi qismiga (1995) yo‘l ochildi. Endilikda voqealar joyi - terrorchilar tomonidan minalashtirilgan butun Nyu-York shahri bo‘lib, ularning boshlig‘i Makkleynni unchalik ham yoqtirmaydi.
O‘tda yonmas 3
Uillis barcha rollarga mos keladi
Uchinchi “O‘tda yonmas” filmi chiqishidan bir yil oldin Kventin Tarantinoning “Jinoiy o‘qish” (1994) filmi dunyo yuzini ko‘rgan edi, u bir zumda mashhurlikka erishdi va filmga aloqador bo‘lganlarning barchasiga shuhrat keltirdi. Bryus kartinada muhim rollardan birini - ma’lum bir qaror tufayli yirik gangsterning qatl etilish ro‘yxatiga tushgan bokschi rolini ijro etdi.
“Jinoiy o‘qish”, “O‘tda yonmas” va boshqa shov-shuvli filmlar Uillisni tezda super yulduzga aylantirdi: uning e’lonlardagi birgina nomi ko‘p jihatdan loyihaning muvaffaqiyatini anglatar edi. Asta-sekin Uillis boshqa ko‘lamga o‘tdi, u endi nafaqat yaqinlarini, balki butun sayyorani qutqarishga kirishadi.
Beshinchi element
Masalan, Lyuk Bessonning “Beshinchi element” (1997) fantastik komediyali jangari filmida Uillis g‘ayriixtiyoriy ravishda dunyoni o‘zga sayyoralik tahdididan qutqaruvchiga aylanadi. Maykl Beyning “Armageddon” (1998) blokbasterida Bryus bu safar Yerni gigant asteroiddan himoya qilish uchun yana koinotga chiqadi. Taxminan o‘sha to‘qsoninchi yillarning oxirida, aktyor o‘zini boshqa obrazlarda ham sinab ko‘ra boshlaydi - aftidan u faqat jangari filmlardan bezor bo‘lgan ko‘rinadi.
Uillis “Merkuriy xavf ostida” (1998) trillerida bosh rolni o‘ynaydi, u maxfiy kodni buzgan vunderkind bolani FQB agentlaridan qutqargan. Shundan so‘ng, aktyor garchi ularning barchasini muvaffaqiyatli deb bo‘lmasa ham, o‘ziga xos filmlar suratga oladigan rejissyor M. Nayt Shyamalan bilan hamkorlik qila boshladi. Ammo “Oltinchi hissiyot” (1999) - so‘zsiz xit. Uillis g‘ayrioddiy bemor - o‘lik odamlarni ko‘ra oladigan bolani kutib olayotgan bolalar psixiatri obrazini sinab ko‘radi. Triller juda mashhur bo‘ldi va deyarli 700 million dollar ishlab topdi, shuningdek, yana oltita “Oskar” nominatsiyasini oldi.
“Oltinchi hissiyot”
Shjamanning navbatdagi filmi uchun Uillis va Semyuel Jekson yana ekranda paydo bo‘ladi - duet allaqachon “O‘tda yonmas 3”da amalga oshgandi. Endi aktyorlar to‘siqlarning turli tomonlarida: bir qahramon deyarli o‘q tegmas (garchi uzoq vaqt davomida buni anglamasa ham) bo‘lsa, ikkinchisi suyaklarini mo‘rt qiladigan genetik kasallikdan aziyat chekadi. Film trilogiyaning boshlanishiga asos soldi: keyinchalik “Split” (2017) va “Shisha” (2019) filmlari chiqib, ulardagi voqealar aynan mana shu koinotda sodir bo‘ladi.
Intiho vaqti
Taxminan 2010-yillarning boshlarida Uillisning karyerasi so‘na boshlaydi. Buni u rol o‘ynagan filmlarning baholaridan ham yaqqol ko‘rish mumkin. Ko‘plab tanqidchilar tomonidan qoralangan va tanqid ostiga olingan tasmalarr fonida “RED” (2010) va “Vaqt g‘ubori” (2012) jangari filmlari ko‘rinishidagi bir nechta chaqnashlar - nimadir amalga oshmaganligining yaqqol belgisi. Keyinchalik Bryus yirik loyihalarda faqat epizodik rollarda paydo bo‘la boshlaydi, masalan, “Yetim Bruklin” (2019; Edvard Nortonning ajoyib ijrosi uchun ham tomosha qilishga arziydi). Vaziyat yanada murakkablashdi: ba’zi filmlar shu qadar sust ediki, ular hatto kinoteatrlarda ham namoyish etilmasdan darhol disklarda va onlayn rejimda chiqarildi.
“Yetim Bruklin”
“Oskar” nominatsiyasi o‘rniga Uillis ishtirokidagi filmlar “Oltin malina” - “Antioskar”, eng yomon film uchun hazil mukofoti, rejissura, aktyorlik o‘yini va hokazolarga nomzod bo‘ldi. Nihoyat, 2022-yil bahorida aktyorning oilasi shunday murojaat bilan chiqdi: Bryus jiddiy kasal. Unga afaziya - nutq buzilishi tashxisi qo‘yilgan. Bunday tashxis bilan aktyorlik faoliyatini davom ettirish mumkin emas.
Kasallik alomatlari asta-sekin paydo bo‘lgan va garchi filmlardagi hamkasblari aktyorda g‘alati o‘zgarishlarni payqashgan bo‘lsa ham, Uillis uzoq vaqt suratga tushishda davom etgan. Masalan, “Hayot uchun xavfli” (2021) trilleri rejissyori Mayk Berns film senariysidan Bryus rolini soddalashtirishni - dialoglar sonini qisqartirishni, replikalarni qisqartirishni so‘radi. Bu shu darajaga borib yetdiki, so‘nggi filmlarda aktyor quloqchin taqib, aytishi kerak bo‘lgan luqmalarni tinglardi, mushtlashuv va quvish sahnalarini esa dublyorlar ijro etardi.
“Hayot uchun xavfli”
Yana bir taxminlarga ko‘ra, Bryus sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammoni allaqachon bilgan va shunchaki hozircha kinoda o‘ynashga qodir ekan, oilasi uchun ko‘proq pul ishlab olish maqsadida muvaffaqiyatsiz filmlarda rol o‘ynagan. Shunday qilib, to‘rt yil ichida Uillis 22 ta filmda va ba’zan hatto bosh rollarni ham ijro etishga muvaffaq bo‘ldi.
Karyerasini tugatgandan so‘ng
2023-yilda Bryus oilasidan yana bir yomon yangilik keladi: nutqning buzilishi peshona-chakka demensiyasi alomati ekanligi aniqlandi, bu zo‘rayib boruvchi kasallik bo‘lib, u bedavo dard hisoblanadi. Sodda qilib aytadigan bo‘lsak, inson o‘z shaxsini yo‘qotadi: faktlarni chalkashtiradi, odamlarni taniy olmaydi, voqealarni unutadi. Bu Alsgeymer kasalligiga juda o‘xshaydi, ammo demensiya o‘z rivojlanishiga ko‘ra tajovuzkorroq - aqliy funksiyalarning buzilishi davri tezroq kechadi.
O‘shandan buyon Bryus butun vaqtini oilasi bilan birga o‘tkazadi - uni va aktyorning hozirgi rafiqasi, model Emma Xemingnikiga tashrif buyuradigan sobiq birinchi rafiqasi, aktrisa Demi Mur bilan yaxshi munosabatlar saqlab qolingan. Umuman olganda, Uillisning besh nafar qiz farzandi bor: ularning uch nafari Demidan va ikki nafari Emmadan. Afsuski, aktyorning sog‘lig‘i haqida yaxshi xabarlar yo‘q va tibbiyot taraqqiyotining hozirgi bosqichida ularning bo‘lishi ham mumkin emas. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Bryus nutq va o‘qish ko‘nikmalarini yo‘qotgan. Tabloidlarning xabar berishicha, aktyorning qizi Tallula Bell Uillis otasining sog‘lig‘i bayramda ishtirok etish imkonini hozircha bergan paytda musiqachi Jastin Eysi bilan to‘y o‘tkazishga shoshilmoqda.
Suratga olishda olingan surat
“Jinoiy o‘qish”. Chapdan o‘ngga: film rejissyori Kventin Tarantino, aktyorlar Bryus Uillis va Mariya de Medeyrush (syujetiga ko‘ra ular yosh juftlik rolini o‘ynashgan), prodyuser Lourens Bender
Bryusning karyerasidagi Kventin Tarantinonning so‘nggi filmi nuqta (taxmin qilinganidek) qo‘yishi mumkin edi. Ma’lumki, rejissyor Uillisning oilasiga epizodik rol taklif qilgan. Ammo loyiha cho‘zilib ketadi: Tarantino noma’lum sababga ko‘ra suratga olishni keyinga qoldiradi va film senariysini qayta yozadi. Umid qilamizki, Bryus hali filmda paydo bo‘ladi va karyerasini sifatli filmda yakunlaydi.