Buyuk Britaniyada olti yoshli bola Yerni qutqarish uchun 2,5 mingta plastik yigʻdi


Yosh faol plastik qutilarni yigʻish uchun bir yildan buyon barcha usullarni qoʻllamoqda. U toʻplamlarni qayta ishlash markaziga topshirmoqchi.
Buyuk Britaniyaning Hempshir grafligidagi Netli qishlogʻida yashovchi olti yoshli Teddi 2,5 mingdan ortiq plastik idishlarni toʻpladi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
Teddi odatda konfet, shokolad yoki krekerlar qadogʻi sifatida sotiladigan plastik idishlar qayta ishlashga topshirilmasligini bilgach, bunday qutilarni yigʻishga qaror qilgan. Buyuk Britaniyaning baʼzi hududlarida bunday imkoniyat bor, Hempshirda esa hozircha yoʻq.
“Biz bu qutilarni ikkilamchi xomashyo uchun oddiy konteynerga topshira olmaymiz, lekin men dunyoni qutqarish uchun vaziyatni oʻzgartirishga qaror qildim. Sayyoramiz yagona va biz unga gʻamxoʻrlik qilishimiz kerak”, — deb tushuntirdi bolakay.
Teddi qutilarni yigʻishni 2024-yilda boshlagan, yil oxiriga kelib 358 ta qutini toʻplagan. Yaxshiroq natijaga erishish uchun u maktabiga xat yozib, ishlatilgan qutilarni unga berishlarini soʻradi. Maktab rahbariyatiga bu gʻoya maʼqul keldi va ular xabarni boshqa oʻquvchilarning ota-onalariga yubordi.
Teddi onasi bilan birga mahalliy korxonalar binolariga eʼlonlar osib chiqdi, bobosi esa chiqindixonaga borib, tashlab yuborilgan barcha konteynerlarni saqlab qoʻyishni iltimos qildi. Baʼzida Teddining oʻzi odamlarning uylaridagi plastiklarni yigʻadi yoki ularni chiqindi qutilaridan terib chiqadi.