Kim Kardashian va boshqa go‘zallar: go‘zallik sohasi orqali milliardga erishgan ayollar


Kosmetika industriyasi allaqachon faqat o‘zini ifoda etish usuli emas, balki ko‘p milliardlik biznesga aylangan. Mashhurlar mashhurliklarini kapitalga aylantirib, bozorda tezda o‘z o‘rnini topgan brendlar yaratmoqda. Quyida bunday global imperiyaga aylangan go‘zallik brendlariga ega yulduzlar ro‘yxati keltirilgan.
Yulduzlarning go‘zallik brendlari:
Kim Kardashian — SKKN BY KIM
2021-yilda KKW Beauty yopilgach, Kim o‘z kosmetika imperiyasini yangi nom ostida — SKKN BY KIM bilan qayta ishga tushirdi. Brendga oid aniq raqamlar e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, tanaga g‘amxo‘rlik va go‘zallik sohasiga tegishli Skims kompaniyasi $4 milliardga baholanmoqda. SKKN ham shu yo‘l bilan ketmoqda: premium parvarish, minimalizm, va albatta, Kimning shaxsiy brendi. Shuning uchun ham u go‘zallik sanoatining eng ta’sirli ayollaridan biri hisoblanadi.
Selena Gomez — Rare Beauty
Rare Beauty 2020-yilda tashkil etilgan va bozorda haqiqiy sensatsiyaga aylangan. Brend mahsulotlari tabiiy go‘zallik va xilma-xillikni ta’kidlashga qaratilgan. 2024-yilda Rare Beauty $400 millionlik yillik daromadga erishdi, butun brend esa $2 milliardga baholandi. Bu kosmetika liniyasi Selena boyligining katta qismini tashkil qiladi — Bloomberg uning umumiy boyligini $1,3 milliard deb baholaydi.
Rianna — Fenty Beauty
Fenty Beauty 2017-yilda debyut qilgan va bozorga yangi standart olib kirgan. Brend 40+ xil tonal krem soyasini taqdim etdi — bu go‘zallik sanoatida inqilob bo‘ldi. 2018-yilga kelib daromad $570 milliondan oshdi, brend esa $2,8 milliardga baholandi. Rihanna 50% ulushga ega, bu esa uni Barbadosdan chiqqan birinchi milliard dollarlik ayolga aylantirdi.
Heyli Biber — Rhode
Jastin Biberning rafiqasi Heyli 2022-yilda Rhode brendini minimalist teri parvarishiga e’tibor bilan ishga tushirdi. 2025-yilda brend e.l.f. Beauty tomonidan $1 milliardga sotib olindi. Heyli $600 million naqd pul va $200 millionlik aksiyaga ega bo‘ldi, shuningdek, kreativ rahbar sifatida ishlashda davom etmoqda. Brendning yillik daromadi $212 millionni tashkil etadi — bu yosh brend uchun katta yutuq.
Kayli Jenner — Kylie Cosmetics
Kylie Cosmetics 2015-yilda lablar uchun to‘plam bilan boshlangan va tezda virusga aylangan. 2019-yilda Kayli kompaniyaning 51% ulushini Coty Inc. kompaniyasiga $600 millionga sotgan, brend $1,2 milliardga baholangan. Eng yosh milliarderlardan biri degan unvoni bahsli bo‘lsa-da, uning kosmetik gigantni deyarli noldan boshlab yaratgani inkor etilmaydi.
Ariana Grande — r.e.m. beauty
Ariana 2021-yilda r.e.m. beauty brendini ishga tushirdi. Mahsulotlar futurizm va 2000-yillar estetikasidan ilhomlangan. 2024-yilda brend $88,7 millionlik daromadga erishdi va umumiy qiymati $500 milliondan oshdi. Grande kompaniyani Forma Brands’dan $15 millionga sotib olib, uning to‘liq egasiga aylandi.
Jennifer Lopez — JLo Beauty
JLo Beauty 2021-yilda bozorga chiqqan bo‘lib, yoshga qarshi parvarishga urg‘u beradi. Brendning aniq qiymati hozircha oshkor etilmagan, biroq u barqaror o‘sib bormoqda va Lopez nomi, shuningdek, yorqin va parvarishlangan teri konsepsiyasi tufayli katta talabga ega.
Bugungi kunda yulduzlar shunchaki ilhom manbai emas — ular haqiqiy biznes imperiyalarini qurmoqda. Kim Kardashian, Rianna, Selena Gomez va boshqalar: go‘zallik sohasi bu faqat trend va layklar emas, balki aqlli va ehtiros bilan yondashilsa, milliardlik yo‘l ham ekanligini isbotlab kelmoqda.