Labubu: Rihanna olib yuradigan oʻyinchoq kattalarni aqldan ozdirdi va Dubay shokoladidan ham mashhurlashdi


Har yili oʻyinchoqlar olamida yangi – bolalar va kattalarning e’tiborini tortadigan yangilik trend paydo boʻladi. Ammo agar bolalar uchun yaratilgan oʻyinchoq birdan kattalar orasida trendga aylansa-chi? Tanishing: bu – Labubu! U shunchalik mashhur boʻldiki, ba’zilarni hatto janjalgacha olib bordi va ijtimoiy tarmoqlarni portlatib yubordi. U hatto Dubay shokoladi kabi trendlarni ham ortda qoldirdi.
Labubu – o‘zi nima?
Zamonaviylikni qadrlaydiganlar orasida mashhur boʻlgan Labubu – bu tishli monstrik koʻrinishidagi yumshoq oʻyinchoq/brilok boʻlib, u Gonkonglik rassom Kasing Lung tomonidan yaratilgan. Qizigʻi shundaki, ushbu oʻyinchoq 2015-yilda “tugʻilgan”, ammo mashhurlikka faqat yaqinda Black Pink guruhining solistkasi Lisaning e’tibori tufayli erishgan.

Shundan beri Labubu blogerlar, influenserlar va noodatiy mikrotrend ishqibozlari uchun orzu obyektiga aylandi. Bugun u oʻzini hurmat qiladigan har bir zamonaviy ayolning sumkasida bor: hatto mashhur qoʻshiqchi Rihanna ham oʻzining Yves Saint Laurent sumkasini Labubu bilan bezatgan.
Labubu – ijtimoiy tarmoqlardagi trend. Uning siri nimada?
Nega Labubu bunchalik mashhur? Ba’zilar buni nostalgiya bilan bogʻlaydi. Ushbu turdagi oʻyinchoqlar kolleksionerlari orasida 90-yillar va 2000-yillarda ulgʻayganlar koʻp. Oʻsha davrlarda hamma Pikachu, Hello Kitty va boshqa anime qahramonlariga oshiq boʻlgan. Labubu esa bolalikdagi quvonchli damlar va eski sevimli franshizalarni eslatadi.

Shuningdek, Labubuni yaratgan kompaniya marketing jihatidan ham juda muvaffaqiyatli ish olib borgan. Ular “koʻz yumib sotib olish” konsepsiyasini o‘ylab topishgan. Hech kim qaysi oʻyinchoq qutidan chiqishini oldindan bilmaydi – bu esa odamga hayajon, qiziqish va kutilmagan quvonch uygʻotadi. Bu esa, albatta, doimiy xarid qilish istagini kuchaytiradi.
Mutaxassislar Labubu haqida nima deydi?
Labubu haqidagi fikrlarini “Nado bylo vchera” (Надо было вчера) Telegram kanalining kreativ menejeri va muharriri Anastasiya Semyonova Gazeta.ru nashriga intervyu davomida bildirib oʻtdi.
Mutaxassis fikricha, bu oʻyinchoq atrofidagi trend – marketing mutaxassislarining zerikkan iste’molchilar ustidan foyda qilishga urinishidir. Labubu – bu “koʻz yumib tanlash” mexanizmi asosida ishlovchi o‘ziga xos manipulatsiya.
“Bobolarimiz oʻz zamonida ovga chiqqan, qanday hayvon tushishini bilmagan. Biz ham shunday: farq faqat shundaki, biz Labubuni ovlaymiz.”
Uni yanada jozibador qiladigan jihatlari – vizual estetikasi, mashhur yulduzlar, influenserlar va bloggerlar tomonidan reklama qilinishi bo‘ldi.

“Vizual obraz haqida rostini aytganda, u ideal: taniqli, yodda qoladigan, bir vaqtning oʻzida yoqimtoy va ozgina shoʻx – buni uning makkor tabassumi va tishlari ko‘rsatib turibdi. Labubu kattalar orasidagi bolalarcha estetikani va sumka aksessuari trendini juda mos tarzda egalladi”, – deydi Semyonova.
Labubu qanday qilib janjalgacha olib bordi?
Yaqinda Labubu ishqibozlari Buyuk Britaniya hukumatiga qarshi norozilik bildirishdi: sevimli oʻyinchoqlari barcha do‘konlardan olib tashlandi. Sababi – xaridorlarning tajovuzkor harakati va hatto do‘konlarda sodir boʻlgan mushtlashuvlar. Bu haqida BBC jurnalisti Sharlotta Endryus yozdi.
Labubu ishlab chiqaruvchisi Pop Mart kompaniyasi xavfsizlik muammolarining oldini olish maqsadida uni iyun oyigacha do‘konlarda sotishni vaqtincha to‘xtatdi.
Labubu muxlisi Viktoriya Londondagi bir do‘konda mushtlashuvga guvoh boʻlganini aytadi:
“Goʻyo jinnixonada boʻlgandekman – odamlar mushtlashar, baqirishardi, men esa chinakamiga qo‘rqib ketdim.”
Labubuni qayerdan xarid qilish mumkin?
Labubuni bir zumda bugunoq sotib olish mumkin. U koʻplab maxsus doʻkonlarda va WB hamda Ozon kabi marketpleyslarda mavjud.

Labubu qancha turadi? Asl nusxasi $21 dan boshlanadi. Narx oʻyinchoqning qanchalik kamyobligiga qarab belgilanadi. Masalan, 80 sm hajmdagi gigant Labubu ming dollardan ham qimmat boʻlishi mumkin! Bu 2025-yil may oyidagi narx.
Agar siz ham Labubu trendining qurboniga aylangan boʻlsangiz va bu oʻyinchoq uchun “dunyoning narigi chekkasigacha” borishga tayyor boʻlsangiz – shoshilmang. Chunki bu trend ommaviylashgani sari bozorda juda koʻp soxta mahsulotlar ham paydo boʻldi.
Sotib olishdan oldin vaqt ajrating va mustaqil tadqiqot olib boring. Eng asosiysi – mahsulotning asl ekanligini kafolatlaydigan ishonchli doʻkonlarga murojaat qiling.