РУ
O’Z
UZS
/
/
“Menda yangiliklar hali juda koʻp”. Bloger Farhod Nabiyev bilan suhbat
25.11.2024 (yangilandi 02.12.2024)

“Menda yangiliklar hali juda koʻp”. Bloger Farhod Nabiyev bilan suhbat

“Menda yangiliklar hali juda koʻp”. Bloger Farhod Nabiyev bilan suhbat

Soʻnggi kunlarda oʻzbekcha Instagramʼda mashhurlikka erishib borayotgan bloger Farhod Nabiyev bilan sohadagi faoliyati, tadbirkorlik yoʻlining qiyinchiliklari va bitbokserlikdagi yoʻli haqida suhbatlashdik.

“Hordiq” boʻlimining bu galgi mehmoni mashhur bloger Farhod Nabiyev. U soʻnggi kunlarda oʻzbek internetida haqiqiy trendsetter boʻlib turibdi.

Farhod maktab va oliygohda toʻliq musiqiy yoʻnalishlarda tahsil olgan. U fortepiano, klarnet va gitara kabi musiqiy asboblarni mahorat bilan chaladi.

Bundan tashqari, xonandalik va bitbokserlik bilan shugʻullanadigan mehmonimiz ayni paytda tadbirkor sifatida ham faoliyat yuritib kelmoqda.

Blogerlikka qanday kirib keldingiz? Tasvirga olinayotgan vaynlar kimning gʻoyasi bilan ishlanadi?

Men blogerlik faoliyatini boshlashdan oldim SMM mutaxassisi sifatida ishlaganman. Yaʼni ijtimoiy tarmoqlarda kontent tayyorlashga begona emasman. Bir vaqtning oʻzida oʻnlab loyihalarning tarmoqlardagi sahifalarini yuritganman.

Bir kun oʻylab qoldim, nega men boshqalarning profilini yuritib, shaxsiy akkauntim yuritmayman? Shundan keyin oʻzim ham yumor janrida ijod qila boshladim. Nisbatan qisqa vaqt ichida yaxshi natijalarga erishdim.

Instagram algoritmlarini va tarmoqlardagi kontent qanday ishlashini bilganim uchun oʻzimda bor gʻoyalarni realizatsiya qila boshlaganman. Videolar uchun gʻoyani asosan oʻzim yozaman. Muhammadali va Abdurahim ismli jamoadoshlarim ham bunda yaqindan yordamlashadi.

Bitbokserlik bu shunchaki hobbimi yoki professional tarzda shugʻullaniladigan sohami?

Bitbokserlik boshida hobbi edi, u paytlarda bu qadar jiddiy shugʻullanaman deb oʻylamagandim. 2017-yillarda bitbokserlikka qiziqa boshlagandim. Bu esa sekin-astalik bilan koʻplab yoʻllarni ochib berdi.

Hozirda “Zamin Acapella” guruhida faoliyat yuritaman. Ushbu musiqiy guruhda bitbokserlik bilan shugʻullanaman. Shu yoʻnalishda oʻtkazilgan Oʻzbekiston chempionatida 2-oʻrinni qoʻlga kiritganman.

Yaqinda “Salom, aka” deb boshlanuvchi mashhur trendni boshlab berdingiz. Uni boshqalar tomonidan ijro etilishiga qanday qaraysiz?

Bu trend gʻoyasini Muhammadali olib kelgan. Oʻzbek internetida bunday talqindagi videoni hali hech kim ishlamagandi. Uni asosan forsiyzabon blogerlar tojik tilida ijro qilgan. Muhammadali shu trendni suratga olishni taklif qilganda, rad qila olmadim.

Dastlab, bunday video bizga toʻgʻri kelmaydi. Koʻrishlar soni ham yaxshi boʻlmaydi, deb oʻylagandim. Ammo birinchi urinishdayoq video ommalashib ketdi va koʻplab insonlar xuddi shu stilda video suratga ola boshladi. Bu qoʻshiq trendga chiqib boʻldi, shu bois boshqalar ijro etishiga yomon qaramayman.

Ammo bir ogʻiz bizga yozib, shu trendni suratga olayotgandik, deb qoʻyishsa, albatta, koʻnglimiz koʻtariladi. Biroq yuqorida taʼkidlaganimdek, hech qanday qarshilik yoki tushunmovchilik boʻlishi mumkin emas.

Tadbirkorlik faoliyat haqida: kunning qancha qismini bu sohaga sarflaysiz, biznes qurishda nimalarga eʼtibor berish kerak?

Toza deb nomlangan doʻkonimiz bor, bu bizning oilaviy biznes. Men doʻkonga har kun tushdan keyin boraman. Kechgacha shu yerda boʻlaman, sotuv bilan shugʻullanaman, Instagramʼni yuritaman.

Biznes qurmoqchi boʻlgan inson eng avvalo sabrli boʻlishi kerak deb oʻylayman. Juda koʻp narsani yoʻqotishingiz yoki aksincha topishingiz mumkin. Doim har qanday tavakkalga tayyor boʻlish kerak.

Kelajak uchun rejalar: blogerlik faoliyatini yana davom ettirib, obunachilar koʻpaytirishga harakat qilasizmi?

Menda yangiliklar hali juda koʻp. Oʻzimni har xil yoʻnalishlarda sinab koʻryapman. Aynan qanday rejalarim borligi sir boʻla qolsin. Chunki biror natijaga erishmasdan turib, u haqida gapira olmayman.

Meni doimiy kuzatib borayotgan obunachilarim rejalarimdan bitta-bitta boxabar boʻlib boraverishadi. Oldinda yana yangi ufqlarni ochishni maqsad qilgan. Albatta, obunachilar sonini koʻpaytirib, akkauntni rivojlantirishni ham oʻylab qoʻyganman.

Va koʻpchilikka nafi tegadigan ishlarni qilishni xohlayman. Yaʼni insonlarga yordam berish, dalda boʻlish, oz boʻlsa ham foydam tegsin degan maqsad koʻzlangan. Nasib etsa, barcha orzu-rejalarga birin-ketin erishib boraveramiz.