O‘zbekiston terma jamoasining JCH saralashidagi 3-bosqich ishtiroki raqamlarda


O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionati saralashining 3-bosqichini muvaffaqiyat bilan yakunlab, mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Jamoa umumiy hisobda 10 ta uchrashuvda ishtirok etib, 21 ochko jamg‘arishga erishdi va A guruhida ikkinchi o‘rinni band etdi.
Ushbu bosqichda Temur Kapadze boshchiligidagi jamoa 6 ta o‘yinda g‘alaba qozondi, 3 ta uchrashuv durang bilan tugadi. Faqatgina bir bahsda imkoniyat boy berildi. O‘zbekistonliklar Eronga qarshi ikkala bellashuvda (0:0 va 2:2), shuningdek, BAA bilan safardagi bahsda (0:0) durang o‘ynadi. Yagona mag‘lubiyat Qatar terma jamoasiga qarshi uchrashuvda qayd etildi (2:3).

Terma jamoa saralash bosqichida raqiblar darvozasini 14 bor ishg‘ol qildi, o‘z darvozasidan esa 7 ta gol o‘tkazdi. Abbosbek Fayzullayev 4 ta gol bilan jamoaning eng samarali to‘purariga aylandi, Eldor Shomurodov esa 2 marta raqib darvozasini ishg‘ol etdi. Qolgan 8 ta golni 8 xil futbolchi kiritdi: Hojiakbar Alijonov, Igor Sergeyev, Otabek Shukurov, Azizbek Turg‘unboyev, Jaloliddin Masharipov, Husniddin Aliqulov, Hojimat Erkinov va Oston O‘runov.

Terma jamoa o‘z maydonida o‘tkazgan 5 ta uchrashuvning barchasida raqiblariga gol urishga yo‘l qo‘ymadi. “Bunyodkor” stadionida o‘tgan ushbu bahslarning barchasida darvoza daxlsizligi saqlab qolindi.
- O‘zbekiston — KXDR 1:0
- O‘zbekiston — Eron 0:0
- O‘zbekiston — BAA 1:0
- O‘zbekiston — Qirg‘iziston 1:0
- O‘zbekiston — Qatar 3:0
Ushbu bosqichda O‘zbekiston darvozasini faqat uch jamoa nishonga ola bildi — Eron, Qatar va Qirg‘iziston. Bishkekdagi o‘yin 3:2 hisobida O‘zbekiston foydasiga yakunlandi, Tehronda esa 2:2 durang natija qayd etildi. Qatarga qarshi safardagi bellashuvda esa 2:3 hisobida imkoniyat boy berildi.