“Real”ning bo‘lajak futbolchisi Ispaniya poytaxtida uy qidirishni boshladi


Madridning “Real” klubi Franko Mastantuono bilan uzoq muddatli shartnoma borasida prinsipial kelishuvga erishdi. “River Pleyt”ning 17 yoshli yarim himoyachisi 2031-yilgacha mo‘ljallangan shartnoma imzolaydi, deb xabar beradi TyC Sports.
Transfer summasi 45 million yevroni tashkil etadi va Mastantuononing transferi Argentina futboli tarixidagi eng qimmat sotuvga aylandi. “Real” uchun bu kelajakni ko‘zlagan yosh iste’dodga navbatdagi strategik sarmoyadir.
Madrid Xtra xabariga ko‘ra, futbolchi allaqachon Madridda uy qidirishni boshlagan, bu esa tomonlarning niyatlari jiddiyligini tasdiqlaydi. U klublar o‘rtasidagi jahon chempionatidan so‘ng darhol “Real”ga o‘tishi kutilmoqda.
Yosh bo‘lishiga qaramay, Mastantuono Argentina terma jamoasida debyut qilgan va Janubiy Amerikaning eng istiqbolli yarim himoyachilaridan biri hisoblanadi.