РУ
O’Z
UZS
/
/
Sitora Farmonova: tarjimai holi, yoshi, shaxsiy hayoti va xonanda haqida qiziqarli faktlar
10.11.2024

Sitora Farmonova: tarjimai holi, yoshi, shaxsiy hayoti va xonanda haqida qiziqarli faktlar

Sitora Farmonova: tarjimai holi, yoshi, shaxsiy hayoti va xonanda haqida qiziqarli faktlar

Betakror rollari bilan minglab muxlislar qalbidan joy olgan latofatli aktrisa haqida barcha maʼlumotlarni shu maqoladan topasiz.

Sitora Farmonovaning yoshi

2024-yil 20-avgust kuni Sitora 40 yoshni qarshiladi. U 1984-yilda tugʻilgan. U arslon burji ostida dunyoga kelgan. Bunga aktrisaning rollardagi sarvqomat qahramonlari ham misol boʻla oladi.

Sitoraning tarjimai holi

Sitora Farmonova 1984-yilning 20-avgustida Buxoro shahrida tugʻilgan. 13 yoshligida oilasi bilan Toshkentga koʻchib oʻtgan. Uning ukasi va singlisi bor. Farmonova Sanʼat institutini bitirgan.

Sitora Farmonova 13 yoshga toʻlganida oilasi bilan Toshkentga koʻchib kelgan. Afsuski, oila boshligʻining birdan kasallikka chalinishi oila uchun nihoyatda ogʻir kechgan.

Oilaning boshiga tushgan musibatdan soʻng aktrisaning onasi ish izlashni boshlagan. Ammo  shuncha yil uydan koʻchaga chiqmagan ayol qanday qilib pul topishni oʻylab boshi qotadi. Toʻngʻich farzandi esa roʻzgʻor yukini oʻz zimmasiga olgan.

U 16 yoshida klipda kichik epizodik rolni ijro etgan. Undan keyin esa “Ayol zoti” filmida ham kichik epizodda oʻynagan. 2004-yili “Xavfli burilish” filmiga taklif etishgan. Shu film aktrisaning katta karyerasi boshlanishiga sababchi boʻlgan.

Sitoraning ijodiy karyerasi

U bir necha oʻzbek kinokomediyasida, jumladan, “Xavfli burilish” (2004), “Mening akam boʻydoq!” (2011) hamda “Endi dadam boʻydoq?” (2013) filmlarida oʻynagan rollari bilan oʻzbek kino olamida shuhrat qozondi.

Farmonova yana rejissor Veit Helmerning “Baykonur” (2011) filmida oʻynagan roli bilan taniqlidir. Farmonova olmon rejissori olgan filmda rol oʻynagan birinchi oʻzbek aktrisasidir. Farmonova qoʻshiq ham kuylaydi. U “Bahor-kuz” qoʻshigʻi bilan Oʻzbekistonda tanildi. Qoʻshiqqa muxlislar hamda tanqidchilar yuqori baho berdi.

2015-yildan beri Farmonova “Aziya MIX” Bishkek jamoasi tarkibida KVN festivalida ishtirok etib keladi. 2016-yilning iyulida aktrisa KVN oʻyinlarining birida „millatini kulgiga qoldirgani uchun“ tanqidga uchradi. Buning ortidan “Oʻzbeknavo” Farmonovaning litsenziyasini toʻxtatdi.

Uyatsiz filmdan tushgan taklif

Aktrisa Sitora Farmonovaga uyatsiz sahnalari boʻlgan Gollivud filmida suratga tushish uchun 700 ming dollar gonorar taklif qilishgani haqida aytib oʻtgandi.

2008-yilda menga Gollivuddan taklif boʻlgan. Bu Sony Entertaiment Production va TNT telekanalining qoʻshma loyihasi edi. Qoʻlimga qiymati 700 ming dollar boʻlgan ikki yillik shartnoma kelib tushgan. Bu taklifdan judayam xursand boʻlganman. Lekin keyin bilsam serialning 50-qismidan keyin uyatsiz sahnalari boshlanar ekan. Men bunday sahnalarni oʻynamayman, deganimda, menga sizda dublyor boʻladi, deyishgan. Lekin u sahnalarda men emas, dublyor oʻynayotganini sahna ortidagilar biladi, tomoshabin esa bu sahnalarda meni koʻradi.

350 ta qismli serialning 50-qismidan keyin uyatsiz sahnalar boshlanadi. Bu degani 300 ta qismda shunday sahnalar boʻladi, degani. Tomoshabin serialni koʻrgani sari mendan nafratlanishni boshlaydi. “Oʻzbekistondan chiqqan qiz shunaqa kinoda rol oʻynabdi”, deyishadi.

Oʻsha 700 ming dollarni oldim, bir, ikki, besh yoki oʻn yil yerman. Lekin bu kino chiqqanidan keyin dadam qanday bosh koʻtarib yuradi? Oila aʼzolarimning holi nima kechadi? Xullas, bu taklifni rad etganman. Koʻpchilik nega unday qilding, bu taklif orqali senga Gollivudga yoʻl ochilardi, deyishgan. Men ularga “meni Gollivudga yoʻl emas, oila aʼzolarim, urugʻ-aymogʻim koʻproq qiziqtiradi”, deganman, deydi Sitora Farmonova.

Sitora Farmonova atrofidagi mish-mishlar

Sitora Farmonova 2020-yilda oʻzidan 15 yosh kichik bloger Doniyor Qayumov bilan yaqin munosabatda ekani va ularning turmush qurishi haqida mish-mishlar tarqaldi. Bunga esa Doniyor Qayumov va Sitora Farmonovaning birgalikda suratga tushgan rasmlari va videolari sabab boʻlgan.

Oradan bir oy oʻtib bloger Sitora Farmonova bilan munosabatlari tugaganini, bu esa aktrisa gap-soʻzlarga ishongani tufayli boʻlganini taʼkidlagan. Vaqt oʻtib ularning ikkalasi ham sahifasidan birga tushgan surat va videolarini oʻchirib tashlagan.

Sitora Farmonovaning shaxsiy hayoti

Aktrisa 40 yoshga kirib, endi turmush qurmoqda. U shu paytgacha kelgan barcha sovchilarni rad etgan. Sanʼatkorning onasi buning sababini quyidagicha izohlaydi:

Sitora qizim men ishimni birinchi oʻringa qoʻyaman, karyera qilaman, deb mehnat qilib yurdi. Sitoraga sovchi qoʻygan yigitlar bitta shart qoʻydi: “Sanʼatingizni tashlaysiz”, degan. Qizim shuncha yil mehnat qildim, turmushga chiqaman deb, sanʼatni tashlamayman, deb koʻnmagan, deydi Zamira Farmonova.

Alohida qayd etamiz, Toshkent shahrida 3-noyabr kuni “Zakovat”ning navbatdagi turniri boʻlib oʻtdi. Unda Sitora Farmonova boshlovchilik qilgandi. Tadbirda qatnashgan jurnalist Sardor Komilov aktrisani toʻyi haqidagi savollar bilan soʻroqqa tutgan va bir qancha qiziqarli javoblarni olgan.

Sanʼatkorning aytishicha, boʻlajak umr yoʻldoshi oʻzi bilan baravar, yaʼni 1984-yilda tugʻilgan. Dubayda tadbirkorlik bilan shugʻullanadi. Millati oʻzbek. “Oilaviy doʻst boʻlganmiz. Sovchilik orqali munosabat qurdik. Sevgi-muhabbat deganlari boʻlmadi. Ozgʻin emas, semiz emas, kal ham emas”, — deb taʼkidlagan aktrisa.

Maʼlum qilinishicha, aktrisaning boʻlajak turmush oʻrtogʻining ismi Muhammad. U barcha yaqinlarini toʻyga taklif qilganini aytgan, ammo nikoh oqshomining sanasini hozirgacha oshkor qilmagan.