Tarmoqda Abduqodir Husanov ishtirokidagi qiziqarli video paydo boʻldi


Ijtimoiy tarmoqlarda “Manchester Siti” futbol klubining mashgʻulotida ingliz tilini oʻrganayotgan oʻzbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov tasvirlangan videolavha keng tarqalmoqda.
Videoda Husanov darvozabon Skott Karson bilan ingliz tilida qisqa jumlalar almashgan holda toʻp uzatishlari koʻrsatilgan. Himoyachi toʻpga tegishlarni sanab, “Uch marta tegish, uch marta uzatish” deb aytadi, shundan soʻng tajribali hamkasbi uning yelkasiga yengil urib qoʻyadi.
Bu epizod Husanovning ingliz tilini oʻrganishida muhim qadam boʻldi. Bunga uni oldinroq “shaharliklar” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola daʼvat etgan edi. Ispaniyalik mutaxassis yosh futbolchi bilan toʻlaqonli muloqot qilish uchun tilni tezroq oʻzlashtirish muhimligini taʼkidlagan.
Maʼlumki, Gvardiola mashgʻulot jarayonidagi har bir mayda-chuydalarga katta eʼtibor qaratadi va Husanov bilan samarali muloqot qilish uchun himoyachining ingliz tilini erkin bilishi zarur.