Toping.uz`da afisha: Dilbar dam olish kunlarida qayerlarga borishni rejalashtirganini aytdi
Qishning ikkinchi oyi ham oʻz nihoyasiga yetib bormoqda. Meteorologlar ushbu dam olish kunlarida sovuq havo qaytishini bashorat qilmoqda. Taniqli jurnalist Dilbar Primova 18–19-yanvar kunlari qayerlarga borishni rejalashtirayotgani haqida maʼlumot berdi.
Safar
Shanba kuni oqshomda Toshkent koʻchalarini piyoda sayr qilishni rejalashtiryapman. Faqatgina bu safar umuman boshqacha tarzda boʻlib oʻtadi. Yaʼni “Toshkent gapiradi” immersiv spektaklida qatnashib, quloqchin taqqan holda poytaxt koʻchalari aylanaman.
Bu turdagi spektakl nisbatan yangi janr hisoblanadi. Ammo shunga qaramay, “Toshkent gapiradi” loyihasi katta mashhurlikka erishdi. Hozirda qatnashchilarga safar davomida ingliz va rus tillarida maʼlumot beriladi. Tez orada oʻzbek tili ham qoʻshilishi aytilgan. Safar narxi 180 ming soʻm.
— Yoʻnalish Anhor kanali qirgʻogʻidan, “Mutaxassislar uylari” yonidan, Alisher Navoiy koʻchasi, Mustaqillik maydoni, knyaz Romanov saroyi, Oʻzbekiston tarixi muzeyi, Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri yonidan davom etadi va Lotte mehmonxonasida tugaydi.
Kino
Tan olish kerak, kino tomoshasi jonu dilim. Odatda premyeralarni kinoteatrlarda tomosha qilaman. Ammo nostalgiya baxsh etuvchi filmlarni ham tez-tez koʻrib turaman. Bu insonga cheksiz ilhom tuhfa etadi.
Shu sababli 19-yanvar kuni kinoteatrda “Paddington sarguzashtlari 3” filmini tomosha qilmoqchiman. Oybek dahasidagi Yulduz Cinema kinoklubi yakshanba kuni soat 18:40 da shedevrni namoyish etadi.
Doʻkonlar
Bu safargi dam olish kunlarida Next savdo markazidagi yangi doʻkonlarni koʻzdan kechirishni rejalashtirdim. Kompleksning ikkinchi qavati taʼmirdan chiqqach, u yerda bir qancha brendlar faoliyatini boshlagan.
Shuningdek, birinchi qavatda mashhur Safia qandolatchilik uyi filiali ham ochilgan. Brendning shirinliklari doim kayfiyatimni koʻtaradi. Next`ga borganimdan keyin, albatta, Safia`ga kirib qaytaman. Bu men uchun anʼanaga aylangan.
— Ikkinchi qavatda Wow Store deb nomlangan doʻkon ochilgan. Unda qoʻl soatlari va aksessuarlar sotiladi. Bu yerda oʻzingiz uchun klassik, sport, universal, skeleton, premium va kundalik uslubdagi qoʻl soatlarini xarid qilishingiz mumkin.
Taom
Men mazali ovqatlarni xush koʻraman. Ayniqsa, yangi manzillar va oshxonalarni sinab koʻrishni yoqtiraman. Instagramʼdagi koʻplab rilslarni tomosha qila turib, bormoqchi boʻlgan kafelarimni saqlab olaman.
Bu safar Shota Rustaveli koʻchasidagi mashhur va shinam Kurutob House`ga bormoqchiman. Koʻpchilik doʻstlarim ushbu manzilni juda maqtashdi. Xoʻrandalar ham ijtimoiy tarmoqlarda joy haqida ijobiy izohlar qoldirmoqda.
— Qurutob tojiklarning milliy taomi hisoblanadi. Uni odatda yozning jaziramasida tayyorlashar ekan. Ammo yilning istalgan faslida yeyish mumkin, deb yoziladi turli ovqatshunoslar ishtirokidagi guruhlardi.
Muharrirdan eslatma: Yuqorida sanab oʻtilgan ayrim tadbirlarga kirish pulli hisoblanadi. Shu sababli barcha faol havolalar orqali oʻzingizni qiziqtirgan tadbir haqida toʻliq maʼlumot olishingiz zarur. Dam olish kunlarini maroqli oʻtkazishingizni tilab qolamiz!