Toshkent koʻchalarida ta'mirlash ishlari boshlanadi


Poytaxt hokimligi shaharning transport oqimi faol bo‘lgan ko‘chalarida mavsumiy koʻcha-yoʻl tarmogʻini ta’mirlash va rekonstruksiya qilish ishlari boshlanishini ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, ushbu yoʻllar tekshiruvdan oʻtkazilgan va tahlil natijalariga ko‘ra, 2025-yilda joriy va kapital ta’mirlash talab qilinadigan ko‘chalar ro‘yxatini o‘z ichiga olgan manzilli ta’mirlash dasturi ishlab chiqilgan.
Dastur doirasida umumiy maydoni 65 000 m² dan ortiq bo‘lgan yo‘llarni ta’mirlash rejalashtirilgan. Lekin hozircha aniq manzillar keltirilmagan. Ishlar qoplamaning uzoq muddat chidamli bo‘lishini ta’minlaydigan texnologiyalar va materiallarni qo‘llagan holda ixtisoslashtirilgan bo‘linmalar tomonidan 7-martdan boshlab amalga oshiriladi.
Tirbandliklarning oldini olish va noqulayliklarni kamaytirish maqsadida yo‘l ishlari asosan transport harakati eng kam bo‘lgan soatlarda tashkil etiladi.
Hokimlik ushbu holatlar aholiga noqulayliklar keltirib chiqishini tushungan holda amalga oshiriladigan ishlar nisbatan qulay harakatlanish va xavfsizlikni ta’minlashini ta’kidlab oʻtgan.