Toshkentning sobiq Sputnik massivida renovatsiya dasturi boshlandi
Hududdagi yogʻoch uylar oʻrnida 93 ta 16 qavatli uylar qurish rejalashtirilmoqda. Loyiha 2027-yilgacha amalga oshiriladi.
Toshkent shahrining Yangihayot tumanida joylashgan “Yoʻldosh” (Sputnik) massivida renovatsiya dasturi boshlandi. Bu haqda “Tashkent Invest” kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Loyiha “GC Group Industriyes” tomonidan 24 gektar maydonda amalga oshiriladi. Bunda hududdagi yashash uchun yaroqsiz 409 ta ikki qavatli yogʻoch uylarni yangilash rejalashtirilgan.
Majmua hududida 13 392 ta xonadonga moʻljallangan 93ta 16 qavatli uy quriladi. Infratuzilmaga 1 600 oʻquvchiga moʻljallangan maktab, 600 oʻrinli bolalar bogʻchasi va sunʼiy koʻl kiradi.
Uylarning birinchi qavatlari yashash uchun moʻljallanmagan boʻlib, maishiy xizmat koʻrsatish zonalari hamda yer usti va yer osti avtoturargohlar joylashtiriladi. Loyihani 2027-yilgacha amalga oshirish belgilangan.
Eski uylar aholisi uchun “Gulshanobod” mahallasida “Yangi mahalla” turar-joy majmuasi barpo etiladi. Hozirda shartnomalar tuzish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.