14-fevral: sevishganlar va o‘z juftini izlayotganlar uchun filmlar
Muqaddas Valentin kunini qanday nishonlash mumkin? Albatta, sevgi haqidagi filmlarni tomosha qilib! Netflix’ning eng ta’sirli 5 ta romantik filmini jamladik: ular yangicha yondashuvga ega va an’anaviy bo‘lmagan hikoyalarni taqdim etadi. Bu filmlar nafaqat sevishganlarga, balki o‘z juftini izlayotganlarga ham manzur bo‘ladi.
Malkolm va Mari (2021)
Mamlakat: AQSh
Janr: drama, melodrama
Rollarda: Jon Devid Vashington, Zendea
Davomiyligi: 1 soat 46 daqiqa
Film haqida:
Qora-oq tasvirda ishlangan va faqat ikki qahramon o‘rtasidagi muloqotga asoslangan chuqur film. Bir tun, bir uy va mashhur juftlik. Ularning uzoq davom etgan janjali go‘yo sahnaga qo‘yilgan spektaklga – chiroyli, ta’sirli va his-tuyg‘ularga boy spektaklga aylanadi.
Ushbu film ayniqsa, munosabatlarida qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan juftliklarga va estetikaga qiziqadigan tomoshabinlarga yoqadi. Vizual qiyofasi va saundtreki hayratga soladi!
Sevgilingdan so‘nggi maktub (2021)
Mamlakat: Buyuk Britaniya, Kanada, Fransiya, Ispaniya
Janr: drama, melodrama
Rollarda: Felisiti Jons, Kallum Terner, Ben Kross, Jo Elvin, Sheylin Vudli, Dayana Kent, Nabhan Rizvan, Shuti Gatva
Davomiyligi: 1 soat 50 daqiqa
Film haqida:
Jojo Moyesning mashhur romani asosida ishlangan film. Hikoya jurnalistning sirli maktublarni topishi bilan boshlanadi. U 60-yillarda bo‘lib o‘tgan yashirin sevgi tarixini o‘rganib, uning qanday yakun topganini bilishga harakat qiladi.
Film nafis va chiroyli suratga olingan. Hollywood’ning taniqli aktyorlari ishtirok etgan ushbu drama, sevgiga chin dildan ishonadigan romantiklarga manzur bo‘ladi.
Hiyla (2018)
Mamlakat: AQSh
Janr: komediya, melodrama
Rollarda: Zoi Doich, Glen Pauell, Lyusi Lyu, Tey Diggs, Joan Smolz, Meredit Xagner, Pit Devidson
Davomiyligi: 1 soat 45 daqiqa
Film haqida:
Film ikki yordamchi xodim atrofida kechadi. Ular o‘z rahbarlaridan charchagan va ularni bir-biriga yaqinlashtirishga qaror qilishadi.
Agar siz shunchaki yengil va yoqimli komediya ko‘rmoqchi bo‘lsangiz, ushbu film aynan siz uchun! Filmda qiziqarli hazillar va romantik voqealar yetarlicha. U “Taklif” (Sandra Bullok va Rayan Reynolds ishtirok etgan) filmiga o‘xshash.
Sevgi ifori (2021)
Mamlakat: AQSh
Janr: komediya, melodrama
Rollarda: Nina Dobrev, Jimmi O. Yan, Derren Barnet, Jeyms Sayto, Rebekka Staab, Garri Sham Jr., Alteya Key
Davomiyligi: 1 soat 44 daqiqa
Film haqida:
Doimiy muvaffaqiyatsizliklardan charchagan jurnalist qiz nihoyat orzuidagi insonni uchratadi. Ammo u mamlakatning boshqa chekkasida yashaydi. Qiz o‘zining yangi tanishiga syurpriz qilishni rejalashtiradi, biroq bu sayohat unga kutilmagan hodisalarni taqdim etadi.
Ushbu film, sevgisini izlayotgan, tanishuv dasturlaridan foydalanuvchi va har xil xarakterga ega insonlar ham bir-birini to‘ldirishi mumkinligiga ishonadiganlar uchun juda mos.
Bayramdagi juftlik (2020)
Mamlakat: AQSh
Janr: komediya, melodrama
Rollarda: Emma Roberts, Lyuk Breysi, Kristin Chenovet, Frensis Fisher, Endryu Bachelor, Jessika Kepshaw, Manish Dayal
Davomiyligi: 1 soat 44 daqiqa
Film haqida:
Yolg‘izlikdan va bayramlarni doim bitta o‘zlari o‘tkazishdan charchagan ikki notanish inson, bir-birlariga bir yil davomida faqat bayramlar uchun sherik bo‘lishga va’da berishadi. Ammo vaqt o‘tib, bu kelishuv kutilmagan yo‘nalishga o‘zgaradi.
Juda yoqimli va zavqli romantik komediya! Ajoyib aktyorlar va iliq kayfiyat bilan tomosha qilishingiz mumkin bo‘lgan film bo‘lib, u sizni har yili qayta ko‘rishga majbur qiladi!