30 ming soʻmga qorningiz toʻyadi: Toshkentdagi “Buyuk Istanbul” restoraniga katta sharh
Turk milliy taomlari tayyorlanadigan “Buyuk Istanbul” restorani Toshkent shahri aholisi va mehmonlari orasida mashhur hisoblanadi. Bu yerda 30 dan ortiq turk milliy taomlari pishiriladi.
Toping.uz muharrirlari soʻnggi kunlarda oʻzining arzon setlari bilan ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuv koʻtarayotgan restoranga borib, har xil ovqatlardan taʼtib koʻrdi. Bu maqolada siz restoran haqidagi barcha haqiqatlarni bilib olasiz.
Menyu
Barcha ovqatlanish shoxobchalarida boʻlgani kabi bu yerda ham ofitsiantlar dastlab menyuni qoʻlingizga tutqazishadi. Bir stolda necha kishi boʻlishingizga qarab, likopcha va qoshiqlarni olib kelishadi.
Menyuda koʻplab turkcha taomlar bilan bir qatorda oʻzimizga yaxshi tanish boʻlgan shashlik, steyk va burgerlarni ham koʻrish mumkin. Har bir boʻlimda 3-4 tadan taom nomi zikr etilgan.
Salatlar
Bu bobda 15 ta salat nomi keltirilgan. Bular rukkola roznik, steyk va tulum salatlari, sezar, buratta hamda patlijan, gavurdagi, shmak va olive kabilardir. Biz yuqorida sanalga salatlarning soʻnggisidan buyurtma berdik.
Rostini aytish kerak, ushbu salat porsiyasi juda kichik va 4 kishilik davraga kamida ikkita buyurtma berish lozim. Olivening porsiyasi 35 ming soʻm edi. Bu narx bozordagi oʻrtacha narxdan biroz qimmatdek tuyuldi.
Ovqatlar
Restoran menyusi yetarli darajada taomlarga boy. Siz oʻz xohish va istaklaringizdan kelib chiqqan holda taʼbingizga mos ovqatni topa olasiz. Asosan goʻshtli taomlar koʻproq deb aytish mumkin.
Jumladan, roʻyxatda pide, lahmajun, doner, iskender, kofte, shish va turli steyklarni koʻrish mumkin. Ularning narxi 60 ming soʻmdan 400 ming soʻmgacha boradi. Tayyor boʻlish vaqti ovqat turiga bogʻliq.
Biz qovurma pide (72 ming soʻm) buyurtma berdik. Salatdan ham oldin ushbu taomni olib kelishdi. Pide juda toʻyimli va pishloq ham unga oʻzgacha maza bagʻishlaydi. Ammo bu ovqat eng soʻnggia olib kelingani maʼqul, deb hisobladik.
Mashhur setlar
“Buyuk Istanbul” restoranini xoʻrandalar orasida tanitgan taom bu albatta toʻrttasi bittada aksiyasi boʻlsa kerak. Bu aksiya bir necha yildan beri amal qilib keladi. Set ikki xil narxda: 30 ming va 48 ming soʻm. Ularning birida tovuq goʻshti, ikkinchisida esa mol goʻshtidan doner tortiladi.
Setda yasmiq shoʻrvasi, lahmajun, bardak choy va doner boʻladi. Toʻgʻri, ularning miqdori ancha kam. Lekin bir kishi bu ovqatlarga aniq toʻyadi. Shoʻrva uchun qotgan non, lahmajun yonida esa pomidor va limon bilan tortiladi.
Yuqorida taʼkidlanganidek, set ovqatlari pidedan keyin olib kelindi. Xamirli ovqat yeb olganimiz uchun ishtaha biroz boʻgʻildi shekilli donerni toʻliq tanovul qilolmadik. Shoʻrva va lahmajunga gap boʻlishi mumkin emas, 5 baho deyish mumkin.
Ichki maydon
Ushbu restoranda mehmonlarning oxiri koʻrinmaydi. Doim gavjum boʻladi. Shu maqolani tayyorlash uchun borganimizda ham ikki qavatli restoranda barcha joylar band edi. Shu sababdan oshxona yonidan oʻtiladigan katta zalga ham joy qilingan ekan.
Ammo bu zal telekoʻrsatuvlar suratga olinadigan pavilyon boʻlgani bois toʻliq qora pardalar bilan yopilgan ekan. U yerda toza havo va oynadan koʻrinadigan manzara yoʻqligi ishtahani biroz boʻgʻib qoʻydi. Bu zalda odamlar kamroq boʻlgani esa shovqin boʻlmasligini taʼminladi.
Joylashuv
Restoran Toshkent shahri Mirzo Ulugʻbek tumanidagi Sayram 5-tor koʻchasida joylashgan. Uning yonida Tiin market deb nomlangan supermarket bor. “Buyuk Istanbul”ga Buyuk Ipak yoʻli yoki Pushkin metro bekatlaridan chiqib, piyoda yetib olish mumkin.
Yandex Xarita yoxud Go xizmatlaridan foydalanganda esa, restoran nomini va Sayram 5-tor koʻcha 1-uy manzilini kiritish mumkin. Uning yonida Anorbank, tuman gaz va issiqlik taʼminoti korxonalari ham joylashgan.
Xulosa
“Buyuk Istanbul” restorani Toshkentdagi mashhur turk oshxonasi boʻlib, unda 30 dan ortiq turli taomlar taqdim etiladi. Menyu boyligi, arzon va mazali set ovqatlari bilan ajralib turadi. Ayniqsa, 30 ming soʻmlik toʻplam ovqatlar mehmonlar orasida juda ommalashgan. Salatlar, pide va doner kabi taomlar sifati yaxshi baholangan boʻlsada, porsiyalar baʼzi hollarda kichik koʻringan.
Restoran ichki makoni doim gavjum va mehmonlarga toʻla boʻlib, oʻziga xos atmosferaga ega. Biroq qoʻshimcha zalda toza havoning yetishmasligi baʼzi mehmonlar uchun noqulaylik tugʻdirishi mumkin. Restoran joylashuvi qulay boʻlib, jamoat transporti yoki piyoda osongina yetib olish imkonini beradi. Umuman olganda, “Buyuk Istanbul” mazali taomlar va qiziqarli aksiyalarni xush koʻradiganlar uchun yaxshi tanlovdir.