Avakadoli muzqaymoq, javdar nonchlaridan tayyorlangan Tiramisu va boshqa noodatiy PP desert retseptlari
Grechkali konfetlar, bananli foydali brauni yoki shakarsiz va sutsiz muzqaymoq – yo’q, bular «Bolta bo’tqasi» ertagining qahramonlari emas, balki bloggerlar-ovqatlanish mutaxassilari va tog’ri ovqatlanish tarafdorlari tomonidan iste’mol qilinadigan mavjud taomlar ekanligiga ishonavering.
Agar siz to’g'ri turmush tarzi izdoshlariga qo’shilib, muzlatgich va fikrlaringizni tartibga keltirgan bo’lsangiz, shuningdek, sog’lom taom bilan tushlik qilgan bo’lsangiz, unda shakarsiz, sariyog’siz va kaloriyasiz yengil hamda shu bilan birga mazali desert tayyorlashning ayni vaqtidir.
Biz Instagramdan qomatingiz va hamyoningizga zarar yetkazmaydigan PP shirinliklar retseptlar to’plamini jamladik. To’g’ri, bularning barchasi o’zgacha afsonaviy reseptlardek tuyulishi mumkin, ammo amalda ularning har biri o’ta mazali va eng muhimi tayyorlashda oddiydir. Buni shaxsan tekshirib ko’rganmiz.
Grechkali konfetlar
Kerakli mahsulotlar:
- Yashil grechka – 75 gr
- Xurmo – 10-12 dona
- Kakao – 2 osh qoshiq
- Un – 3 osh qoshiq
- Istalgan maydalangan yong’oq – 2 osh qoshiq
- Kokos parchalari/bodom kunjarasi (bulab olish uchun)
Tayyorlanishi:
– Quruq grechkaga 100 ml suv quyib, bir kechaga qoldiring. Ertalab uni yuvib, ortiqcha suvini to’kib tashlang va konfet tayyorlashni boshlaymiz.
– Grechkani chuqur idishga solib, unga xurmo va kakaoni qo'shing. Barchasi birlashguncha aralashtiring. Keyin yong’oq va un qo’shing.
– Konfetlarni yasab olamiz. Ta’bga ko’ra, ularni bodom kunjarasi yoki kokos parchalariga bulab olishingiz mumkin.
Bananli brauni
Kerakli mahsulotlar:
- Banan – 2 dona
- Kakao – 1 osh qoshiq
- Tuxum
- Shakarsiz achchiq shokolad – 40 gr
Tayyorlanishi:
– Bananni vilka bilan ezib, unga tuxum va kakaoni qo’shing. Barchasi birlashguncha aralashtiring.
– Shokoladni bo’laklarga bo’lib, aralashmaga qo’shib, yana aralashtiring.
– Kichkina pech idishiga pergament solib, ustiga braunini joylang. So’ng pechda 15-20 daqiqa davomida pishirib oling.
– Tayyor braunini sovutgandan so’ng, eritilgan shokolad, karamel yoki tabiiy yogurt bilan dasturxonga torting.
Avakadoli muzqaymoq
Kerakli mahsulotlar:
- Avakado – 1 dona
- Kokos yog’i – 1 osh qoshiq
- Kakao – 2 osh qoshiq
- Kokos suti (yoki istalgan o'simlik moyi)
- Xurmo – 3 dona
⠀Tayyorlanishi:
– Barcha ingredientlarni blenderda bir xil massa bo'lgunga qadar uramiz.
– Muzqaymoqni konteynerga solib, qotishi uchun muzlatgichga qo’ying.
Javdar nonchalari va rezavorlardan tayyorlangan Tiramisu
Kerakli mahsulotlar:
- Guruchli nonchalar – 4 dona
- Tabiiy yogurt – 100 gr
- Qora qahva – 200 ml
- Agava siropi yoki istalgan shiralovchi mahsulot
- Muzlatilgan rezavorlar – 70 gr
- Kakao – 1 choy qoshiq
Tayyorlanishi:
– Qahvani shiralovchi mahsulot bilan birgalikda damlab, shirinlik tayyorlashni boshlaymiz.
– Nonchalarni qahvaga botirib, qatlamlarga yoyib chiqamiz, yogurt (unga ham shiralovchi suyuqlik qo’shing) va rezavorlarni galma-galdan qatlamlar orasiga terib chiqamiz.
– Shirinlik tayyor bo’lgach, uni 10-15 daqiqa davomida qoldirib, so’ngra kakao sepib mazza qilib tanovul qilamiz.
Kunjutli pechenye
Kerakli mahsulotlar:
- Tuxum
- Banan
- O’simlik yog’i – 30 ml
- Kunjut – 30 gr
- Maydalangan suli yormasi – 160 gr
- Pishirish kukuni – 0,5 choy qoshiq
Tayyorlanishi:
– Bananni ezib, unga tuxumni qo’shib aralashtiring. Keyin qolgan ingredientlarni ham qo’shib, yana aralashtiring.
– Tayyor massamizni pergament solingan idishga qoshiq bilan solib chiqing.
– Pechenye shakliga keltirib, kunjut seping. Oldindan qizdirilgan pechda 15-20 daqiqa davomida, chiroyli qizarguncha pishirib oling.
Kaloriyasiz sabzili tort
Kerakli mahsulotlar:
(tort uchun)
- Sabzi – 2 dona
- Xurmo – 1 piyola (240 ml)
- Suli yormasi – 1 piyola
- Kokos parchalari – 1 piyola
- Bodom (qovurilgan) 1 piyola
- Maydalangan dolchin – 2 choy qoshiq
- Muskat yong’og’i – 1/4 choy qoshiq
- Maydalangan zanjabil – 1/4 choy qoshiq
- Vanillin, tuz – bir chimdimdan
- Bir oz o’simlik yoki oddiy sut
(Keshyu kremi uchun)
- Keshyu (issiq suvda namlangan) – 1 piyola
- Kunjut pastasi yoki urbech – 1 osh qoshiq
- Xurmo – 3 dona.
- Vanillin
- Sut – ½ stakan
Tayyorlanishi:
– Asosiy xamir uchun barcha ingredientlarni blenderda barchasi birlashguncha uramiz.
– Alohida idishda esa krem uchun barcha ingredientlarni blenderda (sutdan boshlab) silliq va qalin massa bo’lgunga qadar uramiz.
– Idishga pergament solib, asosiy xamirni yoyamiz, tekislab, ustiga kremni yoyib olamiz, xohishga ko’ra bezatamiz (yong’oq bilan bezash mumkin) va muzlatgichga 4-6 soatga qo’yamiz.
Shakarsiz baunti
Kerakli mahsulotlar:
(asos uchun)
- Xurmo – 18 dona
- Istalgan yong’oq – 200 gr
- Kakao – 40 gr
(Kokosli qatlam uchun)
- Kokos parchalari – 200 gr
- Grek yogurti – 150 gr
- Asal – 1 osh qoshiq
(shoko qatlami uchun)
- Achchiq shokolad – 100 gr
- Sut – 50 ml
Tayyorlanishi:
– Asosni pishirishdan boshlaymiz. Xurmo, yong’oq va kakaoni blenderda maydalang. So’ng uni qolipga yupqa qatlam bilan yoyib chiqing.
– Kokosli nachinka uchun barcha ingredientlarni aralashtirib, asos ustiga yoying.
– Shokoladli nachinka uchun shokoladni eritib, sut bilan aralashtiring. Kokosli qatlam ustiga quyib, tekislab oling.
– Sovutgichga qo’yib(kamida 2 soat), yaxshilab qotgandan so’ng batonchiklar shakliga bo’ling.
PP-kartoshka
6 dona uchun kerakli mahsulotlar:
- Qaynatilgan no’xat (yoki konservalangan) – 150 gr
- Danaksiz xurmo – 100 gr
- Yong’oqlar (istalgan) – 30 gr
- Kakao – 50 gr
- Suv – 50 ml
Tayyorlanishi:
– Blenderda barcha ingredientlarni urib oling. Tayyor massani pirojniylar shakliga keltirib olib, kakaoga bulab yong’oq bilan bezatamiz (ihtiyoriy)
– Butunlay qotguncha muzlatgichga 10 daqiqa yoki sovutgichga bir soatga qo’yamiz.
Chizkeyk a-lya San-Sebastiyan
Kerakli mahsulotlar:
- Tvorogli pishloq – 150 gr
- Yumshoq tvorog – 170 gr
- Tabiiy yogurt – 150 gr
- Tuxum – 2 dona
- Makkajo’xori kraxmali – 15 gr
- Limon sharbati – 10 ml
- Shiralovchi
- Vanillin
Tayyorlanishi:
– Barcha ingredientlarni birlashguncha aralashtirib, pechga 170 darajada 50 daqiqa davomida pishiring. Usti chiroyli qizarib pishishi kerak.
– Chizkeykni tish tozalagich bilan pishganini tekshiramiz, uning ichki qismi biroz nam bo’lishi kerak.
– Chizkeykni muzlatgichda to’liq sovutib, 2-3 soatdan keyin dasturxonga uzatamiz.
«Yengil» shokoladli kolbasa
Kerakli mahsulotlar:
- Xurmo – 100 g
- Shokolad (shakarsiz) – 20 g
- Yong’oq pastasi – 40 g
- Guruch uni – 30 g
- Istalgan yong’oqlar – 25 g
Tayyorlanishi:
– Xurmolarni 20 daqiqa davomida suvda uvitib, danaklaridan tozalang.
– Blender yordamida ularni pyure shakiga keltirib, eritilgan shokoladni qo’shing.
– Xurmo pyuresi, yong’oq pastasi va unni birlashtirib, birlashgan shokoladli massa bo’lgunga qadar yaxshilab aralashtiring.
– Yong’oqlarni maydalab, shokolad massasiga qo’shing. Keyin uni oziq-ovqat plyonkasiga yoyib, rulon shakliga keltiring.
– Uni sovutgichga 2 soatga yoki muzlatgichga bir soatga qo'ying.