Hafta insoni: Taniqli aktrisa va bloger Nigora Abdullaxanova
“Hafta insoni” ruknining bu galgi mehmoni — mashhur aktrisa va bloger Nigora Abdullaxanova. Biz u bilan sohadagi faoliyati, aktrisalikning oʻziga xosliklari va kelajakdagi rejalari haqida suhbatlashdik.
Ijodiy faoliyatingiz davomida turli janr va loyihalarda rol ijro etdingiz. Shu janrlar ichida eng qiyin yoki qoniqarli deb bilganingiz qaysi?
Dramada ham, melodramada ham, komediyada ham rol oʻynadim. Xudoga shukr, koʻplab janrlarda ijro etish nasib qildi. Hamma yoʻnalishning oʻziga yarasha qiyinchiliklari va qulayliklari bor. Barcha janrlardagi ijrolardan eng muhimi olingan tajribalardir.
Men shaxsan komediya janrini maʼqul koʻraman. Aslida bu yoʻnalish ancha qiyin, chunki odamlarni yigʻlatish kuldirishdan koʻra osonroq. Buni hamkasblarim ham, doʻstlarim ham doim tasdiqlagan. Menga xushkayfiyatda yurish yoqadi. Shu bois dramadan koʻra koʻproq komediyada ishlashga harakat qilaman.
Ammo bu umuman drama janrida ijod qilmayman degani emas. Bu yoʻnalishning ham oʻziga xos ajoyibotlari bor. Men rolga toʻliq mos keladigan va obrazni ochib bera oladigan loyiha boʻlsa, albatta, dramada ham rol oʻynashga tayyorman. Soʻnggi yillarda komedik janrda koʻplab ijod namunalarini taqdim etdim va shu yoʻnalishda davom etish niyatim bor.
Aktrisa sifatida oʻz oldingizga qoʻygan eng katta maqsadlaringiz va kelajakdagi loyihalaringiz qanday?
Hozirgi kunda nafaqat aktrisa, balki loyiha rahbari sifatida ham ishlayapman. Jamoamiz bilan birgalikda MY5 telekanali uchun sketch-shoular suratga olyapmiz.
“Baraban” deb nomlangan loyihada taniqli aktyor va aktrisalar, jumladan, Jama Babadjanov, Mavluda Hikmatova va Abbos Bahodirovlar ham rol ijro etgan.
Sketchlar joriy mavsumdan efirga beriladi, muxlislar koʻrib, oʻzlari baho berishadi degan umiddamiz. Maqsadlar va loyihalar juda ham koʻp. Ularning realizatsiyasiga vaqt, kuch va mablagʻ yetsa, albatta, birin-ketin amalga oshirib boraveramiz.
Kichik yoshdagi izlanuvchi aktrisalar uchun qanday maslahatlaringiz bor? Sizningcha, ushbu sohada muvaffaqiyat qozonish uchun eng muhim fazilatlar qaysilar?
Shu sohaga endi ilk qadamlarini qoʻyayotgan aktrisalarga oʻzini yoʻqotib qoʻymaslik va toʻgʻri yoʻldan borishni maslahat bergan boʻlardim. Barchaga qisqa yoʻl taklif qilinadi, ammo bu yoʻl tez orada tugab qoladi.
Shu bois qachon mashhurlikka erishar ekanman, deb hayiqmasdan, tinimsiz mehnat qilinsa, bu natijaning mevasi shirin boʻladi va uni hech kim hech qachon tortib ololmaydi.
Hoy-u havasga berilmasdan, boʻlar-boʻlmas odamlarning gapiga ishonmasdan, oʻz yoʻnalishida, oʻzligini saqlab qolgan holda, toʻgʻri yoʻldan ketib, maqsadlarga erishsa, buning orqasida juda katta mukofot bor.
Oila va yaqinlaringizning sizning ijodiy faoliyatingizga munosabati qanday? Sizni qanday qoʻllab-quvvatlashadi?
Yaqinlarim meni doim qoʻllab-quvvatlashadi. Aslida, birinchi navbatda men oʻzimni oʻzim qoʻllashim kerak, chunki kim nima desa ham, baribir oʻzingizni oʻzingiz yo tepalikka, yo botqoqlikka yetaklaysiz.
Doimo yaqin insonlarim bilan maslahatlashaman, odatda koʻpchilik tomonidan muhokama qilingandan keyin gʻoya ancha pishiq boʻladi. Meni doim qoʻllashgani uchun barchadan minnatdorman, desam yolgʻon boʻlmaydi.
Oʻzbek kino va teatr sohasida eng katta oʻzgarish yoki imkoniyatlarni qaysi sohalarda koʻryapsiz? Shu yoʻnalishda qanday yangiliklar qilinishini istardingiz?
Yangi xususiy teatrlar koʻpayayotgani odamni xursand qiladi. Yaqinda menga ham rol ijro etish boʻyicha taklif berishgandi. Afsuski, vaqt masalasi tigʻiz boʻlgani uchun bora olmadim. Teatrda rol ijro qilishni juda ham xohlagandim.
Toʻgʻrisi, professional darajadagi aktrisa boʻlmasam ham, teatrdek dargohga meni taklif qilishganidan juda ham minnatdorman. Aynan shu rolda sizni koʻryapmiz deyishganda, oʻzimga sigʻmay ketdim. Ammo vaqt sababli rad etishga majbur boʻldim.
Menda kino olish uchun bitta ajoyib gʻoya bor, albatta, mening nazarimda. Ayollar bilan bogʻliq ijtimoiy mavzularni koʻtarishga harakat qilganim sababli nozik jins vakilalari hayot tarzini yoritishga qiziqaman.
Shu yoʻnalishdan borgan holda, ozroq zamonaviylik qoʻshib, kino olish niyatim bor. U tarbiyaviy ahamiyatga ega boʻladi. Kelajakda vaqt, kuch, mablagʻ va eng asosiysi sogʻlik boʻlsa, albatta, kino suratga olishni astoydil xohlayman.