Jim Kerri faxriy “Sezar” mukofotiga sazovor bo‘ladi


Aktyor Jim Kerri karyerasidagi yutuqlari uchun Fransiyaning nufuzli “Sezar” mukofotini oladi. Bu haqda Variety nashrida ma’lum qilingan.
Tantanali topshirish marosimi 2026-yil 27-fevral kuni Parijda bo‘lib o‘tadi. Ilgari bu mukofotni Meril Strip, Robert Redford, Juliya Roberts, Keyt Blanshett va boshqalar qo‘lga kiritgan edi.
“Uning karyerasi g‘oyat ko‘p qirraliligi bilan ajralib turadi: kinoda u blokbasterlar va mualliflik filmlarini navbatma-navbat suratga oladi; televideniyeda esa Showtime’ning “Hazillashyapman” serialidagi ta’sirli va his-tuyg‘uga boy ijrosi uning iste’dodi qanchalik keng ekanligini yana bir bor isbotladi”, deya ta’kidlangan Fransiya kinoakademiyasi bayonotida.
Kerri “Niqob”, “Eys Ventura”, “Sof aqlning abadiy porlashi” va boshqa o‘nlab asarlardagi rollari bilan mashhur. So‘nggi yillarda u “Kinodagi Sonik” franshizasida salbiy qahramon rolini ijro etmoqda.