“Manchester Siti” futbol direktori Abduqodir Husanov haqida fikr bildirdi
“Manchester Siti” klubining futbol boʻlimi direktori Chiki Bergistayn Oʻzbekiston terma jamoasi va “shaharliklar”ning yangi himoyachisi haqida fikr bildirdi.
“Shaharliklar” direktori futbolchining ulkan salohiyatga ega ekanini taʼkidlab, Etihadga koʻchib oʻtayotganidan xursand ekanini bildirdi.
“Biz uni saflarimizga qoʻshilganidan juda mamnunmiz va uning jamoaga hissa qoʻshishini sabrsizlik bilan kutmoqdamiz. Yosh boʻlishiga qaramay, Abduqodir juda aqlli futbolchi. U kuchli, agressiv va nihoyatda tezkor.
Pep bilan ishlash uni yanada kuchliroq qiladi. U bilan gaplashib, doimo oʻz ustida ishlashga qatʼiy qaror qilganini angladim. Uning kelishi Yevropadagi eng yaxshi jamoalardan biri sifatida oʻz mavqeyimizni mustahkamlash uchun ajoyib imkoniyatdir.
“Manchester Siti” klubidagi barcha Abduqodirni jamoada qarshi olishdan mamnun”, dedi Chiki Bergistayn.