Mister Bistda 85 million dollar! Yilning eng boy blogerlari e’lon qilindi. Bu ro‘yxatda kimlar bor?


Forbes nashri 2025-yilning eng boy blogerlari ro‘yxatini tuzdi. Ro‘yxatga ketma-ket to‘rtinchi bor yetakchilik qilgan, YouTube yulduzi, yirik challenge’lar va xayriya aksiyalari bilan mashhur — Mr Beast bo‘ldi. Kuchli o‘nlikka TikTok yulduzlari, podkasterlar va komediyachilar ham kirdi.
Ijtimoiy tarmoqlar endi faqatgina ko‘ngilochar vosita emas — ular milliardlab daromad keltiruvchi to‘laqonli sanoatga aylandi. Hozirgi kontent yaratuvchilari daromadni nafaqat reklama orqali, balki shaxsiy brend, mahsulot savdosi va yirik kompaniyalar bilan hamkorlik orqali ham topmoqda.
Forbes’ning yangi hisobotiga ko‘ra, 2025-yilda eng muvaffaqiyatli 50 blogerning umumiy daromadi 853 million dollarni tashkil qilgan. Bu yerda faqat pul tushumlari hisobga olingan — moda, kosmetika, oziq-ovqat va ichimlik sohasidagi ulushlar va aksiyalar kiritilmagan.
2025-yilning eng ko‘p haq to‘lanadigan 10 blogeri:
1. Mister Bist — $85 million

YouTube’dagi challenjlar, tajribalar, xayriya loyihalari, yirik va qimmatbaho videolari bilan mashhur. Mr Beast o‘z bizneslariga faol investitsiya qiladi: Mr Beast Burger restoranlari tarmog‘i va Feastables shokolad brendi mavjud. Uning videolari rekord darajada ko‘riladi, butun dunyo bo‘ylab yuz millionlab tomoshabinlarga ega. Shuningdek, u daromadining katta qismini yordamga muhtojlarga sarflashi bilan mashhur.
2. Dxar Mann — $56 million

Amerikalik tadbirkor va videobloger, qisqa motivatsion roliklari bilan tanilgan. Uning videolari odob, yaxshilik va hayotiy saboqlar haqida. Tomoshabinlari — oila, o‘smirlar va yosh kattalar. Uning roliklari borgan sari virusli bo‘ilb bormoqda. Kontent yaratishdan tashqari, u o‘zining Dhar Mann Studios nomli studiyasini boshqaradi.
3. Jeyk Pol — $50 million

YouTube va boks orqali mashhur bo‘lgan. Provokatsion kontenti, mojarolari va ringda mashhur janglari bilan tanilgan. O‘zining mashhurligi sababli blog va sport sohasini birgalikda daromad manbaiga aylantirgan. Shuningdek, u startaplar va musiqiy loyihalarga sarmoya kiritadi.
4. Mett Rayf — $50 million

Amerikalik komik, stand-up chiqishlari va TikTok hamda YouTube’dagi virusli videolari orqali mashhur bo‘lgan. Rayf o‘zining xarizmasi va hazilkashligi bilan katta muxlislar bazasini shakllantirdi. 2025-yilda faol gastrollar olib bormoqda va konsertlariga chipta sotmoqda. Shuningdek, u ko‘ngil ochar industriyasidagi karyerasini turli shoular va podkastlarda ishtirok etib, rivojlantirib kelmoqda.
5. Rett va Link — $36 million

YouTube’dagi mashhur Good Mythical Morning shousi mualliflari. Ular hazil, oziq-ovqat sharhlari va noodatiy tajribalarni aralashtirgan kontentlar tayyorlaydi. Mythical Entertainment kompaniyasi va o‘z mahsulot liniyasiga ega. Ularning shousi ko‘p yillardan beri YouTube’dagi eng mashhur ertalabki dasturlardan biri hisoblanadi.
6. Aleksandra Kuper — $32 million

Mashhur Call Her Daddy podkastining boshlovchisi. Spotify bilan yirik eksklyuziv shartnoma tuzgan. Seks, munosabatlar, ayollar mustaqilligi va mashhurlar haqida ochiq suhbatlar olib boradi. U o‘z shaxsiy brendi ustida faol ishlamoqda va yangi media loyihalarni yo‘lga qo‘ymoqda. O‘zining jasur uslubi yordamida u katta va sodiq auditoriga ega bo‘lgan.
7. Mark Rober — $25 million

NASA va Apple’ning sobiq muhandisi, YouTube’da ilmiy-ommabop kontent yaratadi. Qiziqarli tajribalar orqali murakkab narsalarni oddiy tilda tushuntiradi. Eng mashhur videolari — o‘g‘rilar uchun tuzilgan tuzoq qurilmalari va “glitter-bomba” loyihalari. Mark STEM fanlarini yoshlarga ommalashtiradi.
8. Charli D’Amelio — $23,5 million

TikTok’dagi eng mashhur yulduzlardan biri, raqslari va challenjlari bilan tanilgan. Charli platformada 100 million obunachiga erishgan ilk influencer bo‘lgan. U kiyim-kechak va kosmetika liniyasini yo‘lga qo‘ygan, shou va reklamalarda ishtirok etgan. D’Amelio oilasining o‘z realiti-shousi ham bor.
9. Xabi Leym — 20 million dollar

Kelib chiqishiga Senegaldan bo‘lgan, italiyalik tiktoker, mantiqsiz “layfxak”larga jim reaksiya bildirishi bilan mashhur bo‘lgan. Uning o‘ziga xos uslubi — sukut, mimika va sodda yechimlar — uni virusli sensatsiyaga aylantirdi. U yirik brendlar bilan hamkorlik qiladi va TikTok’dan tashqarida ham faoliyatini kengaytirmoqda. Uning obrazi — internetda hazil bilan aralashgan, ammo sog‘lom fikrning timsoli sanaladi.
10. Druski — 14 million dollar

Amerikalik komik va ijtimoiy tarmoqlar yulduzi. Instagram va YouTube’dagi sketchlar va parodiyalar orqali mashhurlikka erishgan. Uning uslubi — bo‘rttirilgan obrazlar va vaziyatli hazillar. Druski ko‘pincha shoular va musiqiy kliplarda ishtirok etadi, taniqli repchilar bilan hamkorlik qiladi. 2025-yilda u o‘zining komediya gastrol safariga chiqqan. Uning mashhurligi samimiy tomoshabinlar bilan muloqoti va, albatta, xarizmasi sababli o‘sishda davom etmoqda.