Munisa Rizayeva farzandining ismini nima sababdan yashirayotganini ma'lum qildi
Argentinada ko‘zi yorigan xonanda Munisa Rizayeva YouTube’dagi Sayyod kanaliga bergan intervyusida muxlislarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga javob berdi.
— Farzandli bo‘lganim uchun Allohimga faqat shukr aytaman. Chunki menda farzand ko‘rish bilan bog‘liq juda katta muammo bo‘lgan. Kichik yoshimdan boshlab juda ko‘p shifokorlarga olib borishgan va ko‘p marta muolajalar olganman. Lekin EKUsiz, kutilmaganda tabiiy yo‘l bilan homilador bo‘lib qoldim. Bu hayotda har narsaning o‘z vaqt-soati bor ekan.
Ijtimoiy tarmoqlar orqali juda ko‘p sanʼat vakillari, muxlislar tabriklashdi. Bolamning ismi bilan bog‘liq taxminlar ham tarqaldi. Kimdir Alan, Muhammad yoki Marat deyotganlar ham bor. Ammo men shu kungacha hech kimga o‘g‘limning asl ismini aytganim yo‘q. Buning sababi ahli ilmlar bilan maslahatlashganimizda, ismini sir tutishimizni va yomon ko‘zlardan asrashimizni tavsiya qilishdi.
Bolam hali juda kichkina, hozir yuzini ko‘rsatmaganimda ham qorni ko‘p o‘g‘riydi, injiqlanadi. Aslida bolam juda yuvosh, ammo u bilan bog‘liq videolar qo‘ysam, o‘sha kuni o‘zgarib qoladi. Sal katta bo‘lsin, uning yuzini ham, ismini ham oshkor etaman. U tug‘ilmasidanoq mashhur bo‘lib ketdi.
Xonanda homiladorligi bilan bog‘liq shov-shuvlar tarqalgani va gap-so‘zlar uni charchatgani haqida gapirdi.
— Homiladorligimda joylagan videolarim uchun oila aʼzolarim koyib berishdi. “Kimgadir isbotlashning nima keragi bor?” deyishdi. Men shunchaki, o‘g‘lim ertaga ulg‘ayganda “onang tug‘magan” degan yolg‘on maʼlumotni eshitishini xohlamayman. Chunki u ham bir kun ulg‘ayadi, maktab, kollejda o‘qiydi. Bu gap insonga juda og‘ir botadi va ruhiyatiga ham qattiq taʼsir qiladi, deb o‘ylayman. Men to‘g‘ri qildim, odamlarga isbotlaganimdan keyin gap-so‘zlar ham tindi.
Baʼzi insonlar dushmanlik qilgisi kelib yolg‘on gap-so‘zlarni tarqatishgan. Munisani gapirishsa, ularning Instagram’dagi faolligi ortadi. Ammo bunday gap-so‘zlar faqat men haqimda tarqalmagan. Masalan, Rayhon haqida ham qancha gapirishdi. Hozirgi kunda Sitora Farmonovaning oila qurganini muhokama qilishyapti. “Nega erini ko‘rsatmadi, ikkinchi xotinmikan? Yoki turmushga chiqmadimi?” degan gaplar qulog‘ingizga chalingan bo‘lsa kerak.