Oʻzbekistonlik futbolchi Abbosbek Fayzullayevning SSKAdagi maoshi maʼlum boʻldi
OAV SSKAda toʻp surayotgan oʻzbekistonlik yarim himoyachining ish haqi miqdorini aniqladi. 21 yoshli Abbosbek Fayzullayevning ish haqi miqdori haqidagi maʼlumot futbol muxlislarini hayratda qoldirdi.
Turli manbalarning xabar berishicha, Abbos Moskva klubida yiliga 110 ming yevro (qariyb 1,5 mlrd soʻm) maosh olmoqda. Bu oʻz navbatida oyiga 9167 yevroni tashkil etadi. Futbolchi jamoaning eng kam haq oladigan oʻyinchilaridan biri hisoblanadi.
Fayzullayev klub yetakchisi boʻlishiga qaramay, uning maoshi yosh oʻyinchilar darajasida qolmoqda. Taqqoslash uchun, klubning boshqa yetakchisi Igor Akinfeyev yiliga 1,6 million yevro maosh oladi.
Eslatib oʻtamiz, Abbos 2023-yilning yozida “Paxtakor”dan SSKAga oʻtgan edi. Uning transferi uchun Moskva klubi 500 000 yevro toʻlagan. Joriy mavsumda Fayzullayev Rossiya chempionatida 14 ta oʻyin oʻtkazib, 5 ta samarali harakat qayd etdi.