Ronaldu noyob koʻrsatkichga erishdi


Ronaldu ketma-ket 22 yil terma jamoa safida gol urgan birinchi futbolchiga aylandi.
Portugaliyalik futbolchi Krishtianu Ronaldu milliy terma jamoa safida ketma-ket 22 yil gol urgan tarixdagi birinchi futbolchiga aylandi.
23-mart kuni Ronaldu Daniya terma jamoasiga qarshi Millatlar ligasining chorak final uchrashuvida gol urdi. Uchrashuv 5:2 hisobida Portugaliya foydasiga hal boʻldi. Bu portugaliyaliklarga turnirning yarim finaliga chiqish imkonini berdi. Millatlar ligasi yarim finalida Fransiya, Germaniya va Ispaniya terma jamoalari ham toʻp suradi.
Ronaldu faoliyatidagi 929-golini, Portugaliya terma jamoasi safidagi 136-golini kiritdi.
2023-yilning yanvarida Ronaldu oilasi bilan Saudiya Arabistoniga koʻchib oʻtdi va “Al-Nasr” hujumchisiga aylandi. Mamlakatda erkak va ayolning nikohsiz bir uyda yashashi taqiqlanganiga qaramay, afsonaviy futbolchiga farzandlarining onasi Jorjina Rodriges bilan birga yashashga ruxsat berildi.
Futbolchining jamoa bilan amaldagi shartnomasi 2024-25 yilgi mavsum oxirigacha amal qiladi. Avvalroq OAV tomonlar mehnat shartnomasini uzaytirishga kelishib olgani haqida xabar bergan edi. Yangi shartnoma shartlariga koʻra, Ronaldu klubning 5 foizlik ulushiga ega boʻladi.