So‘nggi 5 yildagi eng yaxshi dramalar: Oskar olganlaridan tortib kam tanilganlarigacha
2020–2025 yillarda ekranlarga chiqqan 10 ta dramatik filmni jamladik. Ro‘yxatda “Oskar” mukofotiga nomzod bo‘lgan asarlar ham, keng ommaga notanish filmlar ham bor. Har biri e’tiboringiz va sarflagan vaqtingizga arziydi!
Anora (2024)
Davlat: AQSh
Rollarda: Mayki Medison, Mark Eydelshteyn, Yura Borisov, Karen Karagulyan, Vache Tovmasyan, Aleksey Serebryakov, Darya Ekamasova
Davomiyligi: 2 soat 19 daqiqa
IMDb reytingi: 7.8
Syujet:
Bruklinlik striptizchi Anora (yoki Eni) rus oligarxining o‘g‘li, boyvachcha Vanya bilan tanishib qoladi. Vanya uni bir haftaga “xarid qilib”, Las-Vegasga olib ketadi va u yerda ikkalasi kutilmaganda turmush qurishadi. Bu yangilik matbuotda tarqalib ketgach, Vanyaning oilasi jazavaga tushadi va zudlik bilan AQShga yo‘l oladi. Oilaning nazoratidan chiqib ketgan Vanyani “o‘z joyiga qo‘yish” vazifasi esa arman Torosga topshiriladi.
Ona instinkti (2024)
Davlat: AQSh, Fransiya, Belgiya, Britaniya
Rollarda: Jessika Chesteyn, Enn Xeteuey, Imon Patrik O’Konnell, Anders Danielsen Li, Karolin Lagerfelt, Beylin D. Bilits, Josh Charlz
Davomiyligi: 1 soat 34 daqiqa
IMDb reytingi: 6.3
Syujet:
1960-yillar, Amerika shaharchasi. Eng yaqin dugonalar Selin va Elis qo‘shni uyda yashashadi, ularning farzandlari bitta maktabda o‘qiydi va deyarli aka-uka bo‘lib ulg‘ayishadi. Barcha bayramlarni ham oilaviy nishonlashadi. Ammo bir kun kelib, bu mukammal hayot izdan chiqadi. Baxtsiz hodisa tufayli do‘stlik darz ketadi va natijada shiddatli mojarolar, o‘zaro ayblovlar boshlanadi.
G‘am uchburchagi (2022)
Davlat: Britaniya, Shvetsiya, Germaniya, Fransiya, Meksika
Rollarda: Xarris Dikkinson, Sharlbi Din, Dolli de Leon, Zlatko Burich, Iris Berben, Viki Berlin, Xenrik Dorsin
Davomiyligi: 2 soat 27 daqiqa
IMDb reytingi: 7.3
Syujet:
Model juftlik, rus biznesmeni, qurol ishlab chiqaruvchilar, IT-daholari va boshqa boylar hashamatli laynerda kruizga chiqishadi. Layner kapitani esa mast bo‘lib yuradigan haqiqiy marksist. Dastlab hammasi reja bo‘yicha ketadi: mehmonlar hordiq chiqaradi, ekipaj xizmat ko‘rsatadi. Ammo kutilmaganda sodir bo‘lgan voqea butun hayot tartibini ostin-ustun qilib, har bir kishini o‘z jamiyatdagi o‘rnini qayta ko‘rib chiqishga majbur qiladi.
Usta va Margarita (2023)
Davlat: Rossiya
Rollarda: Avgust Dil, Yuliya Snigir, Yevgeniy Tsyganov, Klas Bang, Yuriy Kolokolnikov, Aleksey Guskov, Aleksey Rozin, Aleksandr Yatsenko
Davomiyligi: 2 soat 37 daqiqa
IMDb reytingi: 7.2
Syujet:
Bu – Bulgakovning mashhur romanining yangi ekranlashtirilishi. 1930-yillar Moskva shahri. Mashhur dramaturg sovetlarga qarshi harakat qilganlikda ayblanadi: uning spektakllari taqiqlanadi, adabiyot ittifoqidan haydaladi. Shu paytda u turmush qurgan, ammo baxtsiz ayol Margarita bilan tanishib, unga oshiq bo‘ladi. Asar voqealari real insonlar va mistik qahramonlar – Volanddan mushukkacha kabi sirli personajlar ishtirokida rivojlanadi.
Yuqoriga qaramang (2021)
Davlat: AQSh
Rollarda: Leonardo DiKaprio, Jennifer Lourens, Meril Strip, Jona Xill, Keyt Blanshett, Rob Morgan, Mark Raylens
Davomiyligi: 2 soat 18 daqiqa
IMDb reytingi: 7.2
Syujet:
Ikki astronom yangi kometani kashf qiladi va uning 6 oy ichida Yerga urilishi, insoniyatni butkul yo‘q qilib yuborishini aniqlaydi. Ular AQSh prezidentiga bu haqda xabar berishadi, ammo davlat rahbari buni jiddiy qabul qilmaydi. Shundan so‘ng, olimlar ommaviy axborot vositalariga murojaat qilishadi, lekin ular ham ularni masxara qilishadi.
Bitta hayot (2023)
Davlat: Britaniya, Chexiya, Avstraliya, AQSh
Rollarda: Entoni Xopkins, Helena Bonem Karter, Jonni Flinn, Lena Olin, Jonatan Prays, Ziggi Xit, Romola Garay
Davomiyligi: 1 soat 49 daqiqa
IMDb reytingi: 7.5
Syujet:
Oddiy britaniyalik janob Nikolas Uintonni tok-shouga taklif qilishadi, u yerda u Ikkinchi jahon urushi davrida qilgan qahramonliklari haqida bilib oladi. O‘sha yillarda u yuzlab bolalarni kontslagerdagi o‘limdan qutqarishga harakat qilgan. Endi esa u tushunib yetadi: bitta hayot ham butun dunyoni o‘zgartirishga qodir!
Yulduzli oshxona (2023)
Davlat: Fransiya
Rollarda: Riad, Lyubna Abidar, Marvan Amesker, Dikosh, Feniks Brossar, Paskal Lejitimyus, Jan-Iv Bertelo, Sandrin Dyuma
Davomiyligi: 1 soat 50 daqiqa
IMDb reytingi: 6.5
Syujet:
Yosh Yozida bolalikdan faqat bitta narsaga qiziqadi — qandolatchilik. U yetim bo‘lib, turli oilalar va bolalar uylarida yashab o‘sadi. Lekin u orzusidan voz kechmaydi: dunyoning eng yaxshi qandolat ustalari bilan ishlash va ularga tenglashish uchun qo‘lidan kelganini qiladi.
Jannat onalar oyog‘i ostida (2024)
Davlat: Qirg‘iziston
Rollarda: Emil Esenaliyev, Anarkul Nazarkulova, Bolot Tentimishov, Erbolat Alkoja, Duliga Akmolda
Davomiyligi: 2 soat 17 daqiqa
IMDb reytingi: 7.6
Syujet:
35 yoshli Odilning aqliy rivojlanishi hali ham bola darajasida qolgan. U qishloqda 75 yoshli onasi Rayhon opa bilan yashaydi. Onasi unga Alloh har bir bandasini o‘ziga xos tarzda sevishini va kun kelib u ham jannatga tushishini eslatib turadi. Biroq Odil onasisiz u yerga bormoqchi emas. Bir kuni u eshitib qoladi: agar onasini Makka shahriga piyoda olib borsa, u ham jannatdagi eng yaxshi joyga tushadi.
Taqdirlar chigalligi (2023)
Davlat: Fransiya, Kanada, Italiya
Rollarda: Kim Reyver, Fotini Peluso, Miya Meltser, Sajda Patxan, Avi Nash, Manuela Ventura, Mimmo Manchini
Davomiyligi: 2 soat 1 daqiqa
IMDb reytingi: 7.2
Syujet:
Hindistonlik Smita qizi uchun yaxshi ta’lim berishni orzu qiladi, lekin eri bu haqda eshitishni ham istamaydi. Shu paytda Italiyada yashovchi Juliya oilasi otasi tufayli katta qarzga botganini anglaydi. Kanadalik advokat Sara esa ishida yuqori lavozimga ko‘tarilishga tayyorgarlik ko‘rayotgan edi, biroq tibbiy tashxis uning barcha rejasini o‘zgartirib yuboradi. Uch ayol bir-birini tanimaydi, lekin taqdir ularning yo‘llarini bog‘lab qo‘yadi.
Mening Xatikom (2023)
Davlat: Xitoy
Rollarda: Fen Syaogan, Xuan Syun, Da Xuan, Joan Chen, Bay Tzyuygan, Eponin Xuan, Tsyan Bo Yan Bo
Davomiyligi: 2 soat 15 daqiqa
IMDb reytingi: 7.2
Syujet:
2000-yillar boshida Xitoyda universitet o‘qituvchisi Chen hamkasblari bilan tashqariga chiqayotib, bir kichkina kuchukchani topib oladi. Hech kim uni olishni istamaydi, shuning uchun Chen garchi uning rafiqasi itlarni yoqtirmasa ham, uni yashirincha uyiga olib borishga majbur bo‘ladi. Kuchukka uy topishga va’da bergan Chen hech kimga uni bermaydi va natijada Hatiko ismli bu kuchuk oilaning ajralmas a’zosiga aylanadi.