Toping.uzʼda afisha: Mohinabonu dam olish kunlarida qayerlarga borishni yoqtirishini aytdi
Kuzning uchinchi oyi boʻlgan noyabrning soʻnggi haftasi ham yakuniga yetmoqda. Poytaxt koʻchalari qishga xos boʻlgan tund rangga kirgan, havo esa ancha sovib, yogʻingarchilik boshlandi. Bloger Mohinabonu bilan oltin kuzdagi Toshkent haqida suhbat olib bordik.
Hordiq
Men piyoda sayr qilishni juda ham yoqtiraman. Agar vaqt va xohish boʻlsa, 5 dan 10 kilometrgacha boʻlgan masofani bemalol bosib oʻta olaman.
Bunday sayrlar uchun Botanika va Yapon bogʻlarini tanlayman. Koʻchalarni aylanmoqchi boʻlsam, manzil ekoparkdan boshlanib, Telman bogʻigacha davom etadi.
Kino
Kino va uning janrlari haqida gaplashadigan boʻlsak, men birinchi navbatda fantastika (Marvel ishlab chiqaradigan istalgan filmlar) janrini xush koʻraman. Bundan tashqari drama va horror kabi janrlarni ham maʼqul koʻraman.
Kinoteatrlardan esa Magic City va Rivieraʼdagi zallarni tanlayman. Magicʼdagi kinoteatrning vip-zali juda ham qulay va hamyonbop. Zallar toza, shinam va oʻrindiqlar ham ancha yumshoq. Bu kino koʻrishdagi eng asosiy talab hisoblanadi.
Men teatr tomoshalariga tushishni ham yoqtiraman. Toshkentda koʻplab teatrlar mavjud, men ular orasidan Ilhom teatrini maʼqul koʻraman. Chunki siz u yerda tomoshabin emas, jarayon ishtirokchisiga aylanib qolasiz.
Taom
Ovqatlanish bu mening eng ojiz tomonim desam ham boʻladi. Men hamma joyda va barcha mazali hamda foydali taomlarni yeya olaman. Men milliy taomlarni ham, Yevropa va Osiyo oshxonasini ham birdek xush koʻraman. Asosiysi, ovqat shirin va sergoʻsht boʻlishi kerak.
Odatda dengiz mahsulotlaridan tayyorlangan taomlarni koʻproq isteʼmol qilaman. Soʻnggi vaqtlarda turli restoranlarda ovqatlanishga, ularning sifatiga baho berishga harakat qilyapman. Toshkentda taom bilan bogʻliq boradigan joylar juda koʻp.
Masalan, nonushtani oladigan boʻlsak, koʻpincha Bonʼda ovqatlanaman. Tushlik esa har doim har xil. Kechki ovqat uchun juda-juda koʻp variantlar mavjud. Oxirgi vaqtlarda oʻzining mazali taomlari bilan shuhrat qozonayotgan Sirovarnya, Kukuchina va Kaspiyka restoranlarini alohida taʼkidlamoqchiman.
Xarid
Shopping ham yuqorida aytganimdek, turli doʻkonlardan amalga oshiriladi. Soʻnggi vaqtlarda asosan Tashkent City Mall savdo markazidan kiyimlar xarid qilyapman. U yerda koʻplab mashhur brendlar oʻz doʻkonlarini ochdi. Ayni shu brendlar kiyimlarini avval onlayn buyurtma berib, yetib kelishini haftalab kutar edim.
Shopping vaqtida albatta kiyim sifatiga eʼtibor berish kerak, deb hisoblayman. Narx sifatga muqobil boʻlishi lozim. Shuningdek, hamyonbop narxlarga ham sifatli kiyimlar topish mumkin. Lekin qimmat va sifatsiz kiyimni aslo xarid qilmaslik kerak. Kiyimlarning qulayligiga ham alohida eʼtibor qaratish kerak.
Festival
Men Toshkentda oʻtkaziladigan barcha festivallar va tadbirlarga qatnashishga harakat qilaman. Bizda bunday voqeliklar koʻpayayotgani esa odamni juda ham quvontiradi.
Qaysidiri festivallarni ajratib koʻrsata olmayman. Aynan yodimda qoladiganlari boʻlmagan ekan. Coca Cola va Pepsi tomonidan oʻtkaziladigan bayramlar doim qaynoq ruhda boʻlib oʻtadi.
Shuningdek, tasviriy sanʼat muzeylariga va rassomlarning koʻrgazmalariga ham tez-tez borib turaman. Bunday vaqtlarda insonning ruhiyati sokinlashib, oʻz ichki kechinmalari bilan yolgʻiz qolish va hisoblashish imkoniga ega boʻladi.