Amazon Mark Eydelshteyn ishtirokidagi “Janob va xonim Smit” seriali ikkinchi mavsumini keyinga surdi


Amazon Prime Video strim-xizmati “Janob va xonim Smit” serialining davomini noma’lum muddatga qoldirdi. Bu haqda Deadline xabar bermoqda.
Ichki manbalarning ta’kidlashicha, bunday qarorga aktyorlarni tanlashdagi muammolar sabab bo‘lgan. O‘tgan yilning qishida loyihaning bosh rollariga Mark Eydelshteyn (“Anora”) va Sofi Tetcher (“Bid’atchi”) tasdiqlangandi.
Mehmon aktyorlar orasida Gael Garsia Bernal, Lili-Rouz Depp, Vagner Moura va boshqalar bo‘lishi mumkin edi. Ularning hech biri rasman rolga taklif qilinmagan. Serial yaratuvchilaridan biri Francheska Sloun HBO uchun “Katta kichik yolg‘on” serialining uchinchi mavsumi ustida ishlashni ma’qul ko‘rdi.
“Janob va xonim Smit” 2005-yilda Bred Pitt va Anjelina Joli ishtirok etgan shu nomdagi filmning qayta ishlangan ko‘rinishidir. Syujet o‘zlarini er-xotin qilib ko‘rsatuvchi josuslar atrofida rivojlanadi. Asta-sekin qahramonlar bir-birlariga nisbatan chinakam his-tuyg‘ularni his eta boshlaydilar.
Birinchi mavsum 2024-yil fevralda efirga uzatildi va tanqidchilar tomonidan yuqori baholandi. Unda Donald Glover (shuningdek, hammuallif) va Maya Erskine bosh rollarda suratga tushgan. Ikkalasi ham davomiga qaytishdan voz kechdi.