Emirates kriptovalyuta orqali to‘lov qabul qilishni yo‘lga qo‘ymoqchi


Dubayda joylashgan Emirates aviakompaniyasi o‘z xizmatlari uchun kriptovalyutada to‘lov qabul qilish imkoniyatini yo‘lga qo‘yishni ko‘zlamoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmatining bayonotida ma’lumot berildi.
Xabarga ko‘ra, Emirates raqamli aktivlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi Crypto.com platformasi bilan dastlabki kelishuvga erishgan. Ushbu hamkorlik asosida kriptoaktivlar orqali to‘lov tizimini mijozlar uchun joriy etish ko‘zda tutilmoqda.

Emirates va Crypto.com kelasi yilda to‘lov funksiyasini ishga tushirishni rejalashtirgan. Shu maqsadda tomonlar Emirates’ning to‘lov tizimlariga Crypto.com Pay servisini ulash borasida anglashuv memorandumini imzolagan.
Agar ushbu tashabbus amalga oshsa, Emirates kompaniyasi global miqyosdagi yirik aviatashuvchilar orasida kriptoto‘lovlarni yo‘lga qo‘ygan ilk kompaniyalardan biriga aylanishi mumkin.
Emirates kompaniyasi rais o‘rinbosari va tijorat direktori Adnan Kazimning ta’kidlashicha, bu qaror zamonaviy mijozlar ehtiyojlarini qondirish hamda raqamli to‘lov vositalarini afzal ko‘ruvchi yosh texnoauditoriyani jalb etishga qaratilgan keng qamrovli strategiya doirasida qabul qilingan.