Homilador ayollar qahva ichishi mumkinmi?
Shifokorlar kuniga 200 milligramgacha kofein iste’molini cheklashni tavsiya etadilar [1]. Bu ko‘p jihatdan an’anaviy taqiq: qadimdan shunday qabul qilingan. Keling, bu taqiqning qanchalik asosli ekanligini tushunishga harakat qilamiz.
200 mg kofein - bu necha piyola?
Shuni tushunish kerakki, kofein faqat qahvada emas.
200 mg bu:
ikki piyola eruvchi qahva;
bir piyola filtrdan o‘tkazilgan qahva;
ikki piyola choy;
beshta banka kola;
400 gramm qora shokolad [2].
Biroq, so‘nggi ikki holatda kofeinga qaraganda shakardan ko‘proq zarar ko‘rasiz.
Homiladorlik paytida qahva qanday zarar keltirishi mumkin?
An’anaga ko‘ra, qahva erta muddatda homila tushishiga, muddatidan oldin tug‘ilishga va chaqaloqning tug‘ilganda vazni yetarli bo‘lmasligiga olib kelishi mumkin deb hisoblanardi. Ammo aslida bu borada jiddiy klinik tadqiqotlar o‘tkazilmagan. Ushbu mavzuga oid ilmiy nashrlar tahlili shuni ko‘rsatdiki [3], qahvaning zarari haqidagi keng tarqalgan tasavvurlar ancha bo‘rttirib yuborilgan ekan. Kuniga uch finjondan ko‘p qahva ichgan ayollar ham o‘z vaqtida tug‘ishgan. Ularning bolalari ham xuddi homiladorlik paytida qahvadan ongli ravishda voz kechgan ayollarniki kabi sog‘lom tug‘ilgan.
Biroq, bu istagancha qahva ichish mumkin degani emas. Haddan tashqari ko‘p kofein iste’mol qilish uyqu muammolariga olib keladi, ko‘ngil aynishini kuchaytiradi, yurak urishini tezlashtiradi va peshob tez-tez takrorlanishiga sabab bo‘ladi [4]. Shuning uchun qahva, choy, kola va shokoladni me’yoridan ortiq iste’mol qilish tavsiya etilmaydi.
Qahva kelajakda bolada jiddiy kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin, degan gap rostmi?
Ehtimol, bu fikrni ham noto‘g‘ri qarashlar qatoriga kiritish mumkin. Bu g‘oya kofeinning ta’siri bo‘yicha tadqiqotlar endigina boshlangan paytda kuzatilgan. Keyinchalik bu dastlabki ma’lumotlardagi xatolik bo’lib chiqqan. Darhaqiqat, agar ona kuniga 900 milligramdan ortiq qahva iste’mol qilsa (bu juda ko‘p!), bolada jiddiy kasalliklar ehtimoli oshganligi kuzatilgan. Ammo muhim bir jihat aniqlanganki, bunday miqdordagi qahvani faqat ashaddiy chekuvchilar ichgan ekan! An’anaviy ravishda qahvaga nisbat berilgan barcha zarar aslida sigaretalardan kelib chiqqan [5].
1. Having A Baby. Frequently Asked Questions: Especially for Teens. ACOG, 2020. https://www.acog.org/patient-resources/faqs/especially-for-teens/having-a-baby
2. Foods to avoid in pregnancy. NHS, 2018. https://www.nhs.uk/common-health-questions/pregnancy/should-i-limit-caffeine-during-pregnancy/
3. Effects of restricted caffeine intake by mother on fetal, neonatal and pregnancy outcomes. Shayesteh Jahanfar, Sharifah Halimah Jaafar. Cochrane Database Syst Rev., 2015. https://pubmed.ncbi.nlm.nih.gov/26058966/
4. How much coffee can I drink while I’m pregnant? ACOG, 2020. https://www.acog.org/womens-health/experts-and-stories/ask-acog/how-much-coffee-can-i-drink-while-pregnant
5. Biases Inherent in Studies of Coffee Consumption in Early Pregnancy and the Risks of Subsequent Events. Alan Leviton. Nutrients, 2018. https://www.ncbi.nlm.nih.gov/pmc/articles/PMC6163788/